www.ziyouz.com kutubxonasi
6
o‘z Vatanida turib g‘arib bo‘lgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajak Vatan
yoshlarini ogohlantirib, o‘lim uyqusidan uyg‘otishdir. Ko‘nglimdagi munglik qayg‘ularimni
qalam tumshug‘idan to‘kib yozgan bu kitobimni o‘quvchi va ham eshituvchi vatanparvar,
millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirig‘im shulki, tilim uchidan emas,
dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik so‘zlarimni faqat uqibgina o‘tmasdan har
bir og‘iz so‘zini tekshirib, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas,
madaniyat taraqqiyoti bo‘lmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini
saqlash uchun qaysi narsalarni qo‘lga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning
chorasiga kirishsinlar».
O’zining bu so‘zlariga amal qilib, Alixonto‘ra Sog‘uniy 1962 yildayoq ulug‘ sohibqiron
Amir Temurning «Temur tuzuklari» nomli kitobini eski forsiydan o‘zbek tiliga tarjima
qiladilar. Dastlab «Guliston» oynomasi sahifasida bu kitobning ko‘p qismi 1967 yili u
kishining jur’atli kirish so‘zi bilan bosilib chiqadi. O’sha davrda «qonxo‘r Temur»ni oqlab
yozish katta jasoratni talab qilar edi. Vaholanki, bobomiz sohibqiron Amir Temurni
o‘zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Shundan bir yil keyin, ya’ni 1968 yili
O’zbekiston Fanlar akademiyasining viqe prezidenti I.M. Mo‘minov ko‘pchilik tarixchi
olimlar muhokamasidan o‘tkazgan holda «Amir Temurning O’rta Osiyo tarixida tutgan
o‘rni va roli» risolasida ehtiyotlik bilan u kishiga ijobiy baho berishga harakat qiladi.
Shundan keyin O’zbekiston matbuotida deyarli 25 yil davomida bu mavzuda ma’lumot
berilmaydi. Ajablanarli hol shundaki, 1991 yili «Temur tuzuklari» qaytadan kitob
shaklida chop etilib, tarjimon bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifi qo‘shib
qo‘yildi. Unga kirish so‘zi yozgan tarixchi olimning fikricha, bu «asarning muallifi ma’lum
emas»mish. «Temur tuzuklari» feodalizm, hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini
ko‘zlab yozilgan ...» asarmish. O’sha olimning keyingi yillarda Amir Temur haqida
yozgan asarlarini o‘qib, bu kabi ko‘z-qarashlari ancha o‘zgarganidan xursand bo‘lasan
kishi. Mustabid tuzumning yemirilgan davrida ham tarixchi olimlarimiz Alixonto‘raning
birinchi bo‘lib ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temurni va uning shon-shuhratini himoya
qilib ko‘rsatgan bu jasorati to‘g‘risida ochiq gapirishdan, tarixiy haqiqatni tiklashdan
biroz hayiqdilar.
Mustahkam iymon, buyuk e’tiqod, haqqoniy maslak egasi bo‘lgan, Vatanim
Turkistonim deb qayg‘urib yig‘lagan, uning ozodligi, istiqboli uchun umr bo‘yi kurashgan,
davr tuzumining siyosiy, iqtisodiy tazyiqlariga bardosh bergan insonlarni odatda
millatning vijdoni deb bilishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Alixonto‘ra Sog‘uniy
1960—1980 yillarda ana shunday insonlardan bo‘lgan edi, deyishga to‘la haqlimiz. U
kishining ta’limoti zamonamiz yoshlarini yuksak ma’naviyat, axloq, Vatanga muhabbat
ruhida tarbiyalash imkonini yaratadi. Shunday ekan, umid qilamizki, minnatdor avlod
o‘zining buyuk bobokalonlaridan bo‘lgan Alixonto‘raning Vatanimiz, millatimiz oldidagi
xizmatlarini munosib taqdirlaydi, hayoti va ko‘p qirrali ijodini chuqur o‘rganadi, milliy
tariximiz va adabiyotimiz sahifalarida ul zotning o‘z munosib o‘rni bo‘ladi, inshoalloh!
O’tmish tariximizdagi buyuk bobokalonlarimizga uy muzeylari tashkil qilish imkoniyati
bo‘lmagan bo‘lsa ham, yaqin yillarda yashab o‘tgan bu kishiga sharafli hayoti, ibratli
ta’limoti haqida to‘la ma’lumot beradigan uy-muzeyi tashkil qilinsa yaxshi bo‘lur edi. Bu
muzey u zot qanday sharoitda yashab millat ozodligi uchun kurashgan, dilida millat va
Vatan ishqi yongan haqiqiy inson nimalarga qodir ekanini bildiradigan, kelajak avlod
o‘g‘il-qizlarimiz tarbiyasi uchun oliy ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladigan bir tabarruk joy
bo‘lur edi.
Bobomlar biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo‘lganlar. Mening yoshlik,
yigitlik davrim u kishining yonida, umrlarining oxirigacha tarbiyasida bo‘lish baxti bilan
o‘tgan. 1964 — 1967 yillari u kishining qoshida norasmiy «Ong o‘stirish to‘garagi»