Yer solig‘i obyekti, ba-
zasi va soliq stavkalari
olinadigan yer solig‘i stavkalari, yuridik shaxslardan olinadigan yer
solig‘ini to‘lovchilar uchun belgilangan imtiyozlar, soliqni hisoblab
chiqarish, soliq hisob-kitoblarini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
tatbiq etiladi.
Yuridik shaxslar mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish
huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalaniladigan yer uchastkalari
uchun yer solig‘i to‘laydilar.
Soliq qonunchiligiga ko‘ra, mulk huquqi, egalik qilish huquqi,
foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega
bo‘lgan yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining
norezidentlari yer solig‘ini to‘lovchilari bo‘lib hisoblanadi.
Ko‘chmas mulk ijaraga berilgan taqdirda, ijaraga beruvchi yer
solig‘ini to‘lovchi bo‘ladi.
Yer uchastkasidan bir nechta yuridik shaxs birgalikda foydalangan
taqdirda, har bir yuridik shaxs yer uchastkasining foydalanilayotgan
maydonidagi o‘z ulushi uchun yer solig‘ini to‘lovchidir.
Quyida keltirilgan yuridik shaxslar yer solig‘ini to‘lovchilar
bo‘lmaydi:
notijorat tashkilotlar. Agar notijorat tashkilotlari tadbirkorlik
faoliyati amalga oshirsalar, tadbirkorlik faoliyatida foydalanilgan yer
uchastkalari bo‘yicha belgilangan tartibda yer solig‘i to‘lovchilar
bo‘ladi;
soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan yuridik
shaxslar.
Yer uchastkasidan foydalanganlik uchun soliq solish maqsadlarida
mashina-traktor parklari (shu jumladan qayta tashkil etilayotgan qishloq
xo‘jalik korxonalari hududida barpo etiladigan muqobil mashina-traktor
parklari), pilla urug‘i tayyorlash, pilla tayyorlash va birlamchi ishlov
berish korxonalari qishloq xo‘jaligi korxonalariga tenglashtiriladi.
Soliq kodeksining 280-moddasiga
ko‘ra mulk huquqi, egalik qilish huquqi,
foydalanish huquqi yoki ijara huquqi
asosida yuridik shaxslarda bo‘lgan yer uchastkalari soliq solish obyekti
hisoblanadi. Quyidagilarga soliq solish obyekti sifatida qaralmaydi:
aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari. Aholi
punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari jumlasiga: maydonlar,
ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sug‘orish tarmog‘i, sohil bo‘yi yerlari
va boshqa shu kabi yerlar;
178
aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi
uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar,
xiyobonlar, shuningdek, ariq tarmoqlari egallagan yerlar);
kommunal-maishiy ahamiyatga molik yerlar (dafn etish joylari,
maishiy chiqindilarni yig‘ish, qaytadan ortish va saralash joylari,
shuningdek, chiqindilarni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish
joylari va boshqa shu kabi joylar);
zaxira yerlar.
Mavjud yer uchastkalaridan qonun hujjatlariga muvofiq soliq
solinmaydigan yer uchastkalari maydonlari chegirib tashlangan holdagi
umumiy maydoni soliq solinadigan bazadir.
Qaysi yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi, egalik qilish huquqi,
foydalanish huquqi yoki ijara huquqi yil mobaynida soliq to‘lovchiga
o‘tgan bo‘lsa, o‘sha yer uchastkalari uchun soliq solinadigan baza yer
uchastkalariga tegishli huquq vujudga kelganidan keyingi oydan
e’tiboran hisoblab chiqariladi. Yer uchastkasining maydoni
kamaytirilgan taqdirda, soliq solinadigan baza yer uchastkasi maydoni
kamaytirilgan oydan e’tiboran kamaytiriladi.
Yuridik shaxslarda yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz huquqlari vujudga
kelgan taqdirda, soliq solinadigan baza ushbu huquq vujudga kelgan
oydan e’tiboran kamaytiriladi. Yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz huquqi
bekor qilingan taqdirda, soliq solinadigan baza ushbu huquq bekor
qilinganidan keyingi oydan e’tiboran hisoblab chiqariladi
(ko‘paytiriladi).
Yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi va soliq to‘lovchilarga
Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi va ularning quyi organlari
tomonidan belgilangan tartibda yetkaziladi.
Yer solig‘i stavkalari jahon amaliyotida qabul qilinganidek, yer
qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Yer solig‘i stavkalari turli
mamlakatlarda turlicha belgilanadi, lekin o‘rtacha olganda yer
qiymatining 5 foizidan oshmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida yerning bozor qiymati
shakllanmaganligi sababli, 1 gektar sug‘oriladigan yerdan olinadigan
dehqonchilik yalpi mahsulotining o‘rtacha qiymatidan kelib chiqib, uni
shartli baholash amalga oshiriladi.
Soliq stavkalarini belgilashda tuproq boniteti (sifati) hisobga
olinadi. Bonitetni aniqlashda tuproqning genetik kelib chiqishi, mexanik
tarkibi, sho‘rlanganlik darajasi, tuproq qatlamining suv o‘tkazaolishi,
179
zichligi kabi boshqa tabiiy xossalari hisobga olinadi. Tuproq boniteti
100 balli tizim bo‘yicha aniqlanadi. 100 ball 10 ta klassga bo‘linadi,
ya’ni 1 klass yerlar nol balldan 10 ballgacha, 2 klass yerlar 11 balldan 20
ballgacha, 3 klass yerlar 21 balldan 30 ballgacha va h.k. 10 klass yerlar
91 balldan 100 ballgacha baholanadi. Bunda yerning ball boniteti qancha
yuqori bo‘lsa soliq stavkasi ham shuncha yuqori belgilanadi.
Yerlardan noqishloq xo‘jalik maqsadlarida foydalanadigan yuridik
shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining
2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat
byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-3454-sonli qaroriga asosan
quyidagicha guruhlanadi:
sug‘oriladigan jamoat qishloq xo‘jaligi yerlari uchun
undiriladigan yer solig‘i stavkalari;
lalmi ekinzorlar, bo‘z yerlar va ko‘p yillik ko‘chatlar uchun
undiriladigan yer solig‘i stavkalari;
sug‘orilmaydigan pichanzorlar va yaylovlar uchun undiriladigan
yer solig‘i stavkalari;
qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligida foydalanilmaydigan
boshqa yerlar uchun undiriladigan yer solig‘i stavkalari;
Toshkent shahrida yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yer
solig‘i stavkalari;
shaharlar va qo‘rg‘onlarda yer uchastkalaridan foydalanganlik
uchun yer solig‘i stavkalari;
qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik
uchun yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari;
qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik
uchun fuqarolardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
Yer uchastkasi mulkdorining, yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki
ijarachining aybi bilan qishloq xo‘jaligi yerlarining sifati yomonlashgan
(bonitet balli pasaygan) taqdirda, yer solig‘i yerning sifati
yomonlashguniga qadar belgilangan stavkalar bo‘yicha yuridik shaxslar
tomonidan to‘lanadi.
Shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan
qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik yerlar uchun yer solig‘i qishloq
xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan stavkalarning ikki baravari miqdorida
to‘lanadi.
Yuridik shaxslar foydalanadigan (shu jumladan, yer solig‘ini
to‘lashdan ozod etilgan), davlat mahalliy hokimiyati organlari
180
tomonidan ajratilgan maydonlardan ortiqcha yer uchastkalari uchun yer
solig‘i yuridik shaxslar uchun 4,0 koeffitsiyentini qo‘llagan holda
to‘lanadi. Davlat mahalliy hokimiyati organlari tomonidan ajratilgan
maydonlardan ortiqcha foydalaniladigan yerlar uchun yuqorida
ko‘rsatilgan koeffitsiyentni qo‘llagan holda yer solig‘i to‘lanmagan
taqdirda soliq to‘lovchilarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq
moliyaviy jazo choralari qo‘llanadi.
Qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik
uchun yuridik shaxslar va fuqarolardan undiriladigan yer solig‘i
stavkalariga yer uchastkalarining joylashish joyiga bog‘liq holda
quyidagi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi:
Toshkent shahri atrofisda 20 km lik aylanada - 1.30;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti va viloyat markazlari
atrofida 15 km lik aylanada - 1.20;
tuman markazlari atrofida 10 km lik aylanada - 1,15;
boshqa shaharlar atrofida 5 km lik aylanada - 1,10.
Yer uchastkalarigacha bo‘lgan masofa avtomobil yo‘llari bo‘yicha
shaharlar va tuman markazlarining ma’muriy chegaralaridan boshlab
belgilanadi. Agar yer uchastkasi ikki shahar yaqinida joylashgan bo‘lsa,
shaharning yuqoriroq funksional vazifasiga muvofiq keladigan
koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Bir qishloq aholi punkti doirasida yagona stavkalarni belgilash
maqsadida soliq to‘lovchilarga berilgan yerlar, yerlarning qanday qismi
ushbu zonaga kirishiga bog‘liq holda, butunlay shahar atrofi zonasiga
kiritiladi yoki ushbu zonadan butunlay chiqariladi.
Dehqon xo‘jaliklaridan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab
chiqarish chog‘ida qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan
foydalanganlik uchun fuqarolardan undiriladigan yer solig‘i stavkalarig,
yer sifatiga bog‘liq holda quyidagi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi:
tuproq boniteti 40 ballgacha bo‘lsa - 0,75;
tuproq boniteti 41 dan 70 ballgacha bo‘lsa - 1,0;
tuproq boniteti 70 balldan ortiq bo‘lsa - 1,25.
Shahar va qo‘rg‘onlarning ma’muriy chegaralarida joylashgan kon
va karerlar band etgan yerlar uchun soliq korxonalar, muassasalar va
tashkilotlar uchun belgilangan stavkalarga 0,1 koeffitsiyentini qo‘llagan
holda to‘lanadi.
O‘rmon xo‘jaliklarida mollarni o‘tlatish uchun foydalanilmaydigan
yaylov yerlar uchun yer solig‘i boshqa yerlar uchun stavkalar bo‘yicha
to‘lanadi.
181
Soliq kodeksining 282-moddasiga
muvofiq yer solig‘i to‘lashdan quyidagilar
ozod qilinadi:
madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza
qilish tashkilotlari - o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga
oshirishda foydalanadigan yer uchastkalari uchun;
nogironlarning jamoat birlashmalari, «Nuroniy» jamg‘armasi va
«O‘zbekiston chernobilchilari» assotsiatsiyasi mulkida bo‘lgan,
ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizini nogironlar, 1941-1945
yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik
shaxslar, bundan savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov
faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar mustasno. Mazkur
imtiyozni olish huquqi belgilanayotganda xodimlarning umumiy soniga
shtatda bo‘lgan xodimlar kiritiladi;
ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari - yuridik
shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish
to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan
e’tiboran. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda
tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili to‘xtatilgan va faoliyat
qaytadan boshlangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi hamda
soliq summasi imtiyoz qo‘llanilgan butun davr uchun to‘liq miqdorda
undiriladi.
Soliq kodeksining 282-moddasiga ko‘ra soliq solinmaydigan yer
uchastkalariga quyidagi yerlar kiradi:
bog‘dorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining
umumiy foydalanishdagi (kirish yo‘llari, sug‘orish ariqlari, kollektorlar
va umumiy foydalanishdagi boshqa yerlar), jamoa garajlarining yerlari;
davlat qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma
qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining, davlat tabiat yodgorliklarining,
buyurtma qo‘riqxonalarning (ovchilik xo‘jaliklarida tashkil etiladigan
buyurtma qo‘riqxonalar bundan mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat
biosfera rezervatlarining, milliy bog‘larning yerlari, yuqorida ko‘rsatilgan
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan
yerlari bundan mustasno;
sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati
yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) - tegishli muassasalar va
tashkilotlarga belgilangan tartibda doimiy foydalanishga berilgan,
profilaktika va davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy
shifobaxsh omillarga ega bo‘lgan yer uchastkalari;
Dostları ilə paylaş: |