www.ziyouz.com kutubxonasi
101
iomini har kuni bir necha martalab quyidagi mazmunda tilga olib turardi: «Kvartira haqini siz uchun
Pushkin to‘laydimi?» yoki: «Nima, zinadagi lampochkani Pushkin ilib ketiptimi, bo‘lmasa?» — «Balki
siz, neft uchun Pushkin pul to‘laydi, deb o‘ylarsiz?»
Mana endi Nikonor Ivanovich shoirning asarlaridan biri bilan tanishib, ma’yus bo‘lib qolipti,
yetimcha bolalari bilan yomg‘irda tiz cho‘kib turgan ayolni ko‘z oldiga keltiripti-da, beixtiyor:
«Ablahning o‘zi ekan-ku bu Kurolesov!» — deb ko‘nglidan o‘tkazipti.
U esa tobora ovozini balandlatib tavba qilishda davom etarkan, bora-bora Nikonor Ivanovichni
gangitib qo‘yipti, chunki artist birdan sahnada yo‘q kdndaydir odamga murojaat qilib, o‘sha yo‘q odam
tilidan o‘ziga-o‘zi javob qaytara boshlabdiki, shu gaplari paytida u o‘zini goh «siz»lab, goh «sen»lab,
o‘ziga-o‘zi bir «janob», bir «baron», bir «ota», bir «o‘g‘lim» deb muojaat qila boshlapti.
Nikonor Ivanovich faqat bir narsani — artistning: «Kalitlar! Kalitlarim mening!» — deb jonholatda
chinqirib, axiyri mash’um o‘lim topganini tushunipti, chunki artist «gurs» yiqilib, xirillagancha
bo‘ynidagi galstugini ohista yecha boshlabdi.
Kurolesov o‘lib bo‘lgach, o‘rnidan turipti, shimining changini qoqipti, soxta jilmayib, ta’zim
qilipti-da, siyrakkina qarsak ostida sahnadan chiqib ketipti. Keyin konferanse bunday deb gap
boshlapti:
— Siz bilan biz Savva Potapovichning mohirona ijrosida «Xasis ritsar» asarini tingladik. O‘sha
ritsar sho‘x ilohalar uchib kelib atrofimda parvona bo‘lishadiyu yana juda ko‘p shunga o‘xshash
ko‘ngil ochuvchi hollar yuz beradi, deb umid qilgan edi. Lekin, hozir o‘zingiz ko‘rdingiz, hech qanday
ilohalar ham uchib kelmadi, muzalar ham uni madh etmadi, u hech qanday koshona ham qura olmadi,
aksincha, juda yomon o‘lim topdi, valyuta va qimmatbaho toshlar to‘ldirilgan o‘z sandig‘i ustida
yuragi yorilib to‘ng‘iz qavmida ketdi. Bilib qo‘yinglar, valyutalarni topshirmasangiz sizlarning ham
boshingizga shunday falokat, — balki undan ham beshbattari — tushishi mumkin.
Shunda yo Pushkinning nazmiy asari, yo konferansening nasriy nutqi kor qilgan bo‘lsa kerak —
zaldan tortinchoq bir ovoz eshitilipti:
— Men topshiraman valyutamni.
— Sizni lutfan sahnaga taklif qilaman! — depti konferanse qorong‘i zalga tikilib qararkan,
muloyim ovoz bilan.
Shunda sahnaga past bo‘yli, oq-malla soch bir grajdanin chiqipti, u uch haftalardan beri soqolini
olmagan odamga o‘xsharmish.
— Afv etasiz, familiyangiz? — deb surapti konferanse.
— Kanavkin Nikolay, — qimtinibgina javob qilipti u.
— Ha! G‘oyat xursandman, grajdanin Kanavkin, qulog‘im sizda!
— Topshiraman, — depti Kanavkin sekingina.
— Qancha?
— Ming dollaru yana yigirmata o‘n so‘mlik oltin tanga.
— Bravo! Hammasi-a?
Programmani olib borayotgan artist Kanavkinning ko‘zlariga qattiq tikilib qarapti, shunda Nikonor
Ivanovichning nazarida, artistning ko‘zlaridan hatto shu’la otilib chiqib, xuddi rentgen nurlari kabi
Kanavkinning vujudini teshib o‘tganday bo‘lipti. Zalda o‘tirganlarning nafaslari ichiga tushib ketipti.
— Ishonaman! — depti nihoyat artist va ko‘z nurini o‘chiripti, — ishonaman! Bu ko‘zlar
aldamaydi. Sizlarga qayta-qayta aytyapmanki, asosiy xatolaringiz — inson ko‘zi qudratini qadriga
yetmayotganingizdadir. Tushuning axir, til haqiqatni yashirishi mumkin, ammo ko‘z — hech qachon!
Masalan, sizga dabdurustdan bir savol berishdi deylik, lekin siz bundan hatto seskanmaysiz ham, bir
zumda o‘zingizni tutib olasizu, haqiqatni yashirish uchun nima deb javob qilishni bilasiz, keyin qat’iy
ishonch bilan javob qaytara boshlarkansiz, yuzingizda gapingizning yolg‘onligini sezdiruvchi bironta
ham ishora ko‘rinmaydi, lekin taassufki, berilgan savoldan halovatini yo‘qotgan haqiqat bir lahzaga
qalbingiz tubidan ko‘zingizga «lip» etib sakrab chiqadiyu, vassalom, ish tamom. Haqiqat fosh bo‘lib,