www.ziyouz.com kutubxonasi
150
Margarita ham sambittollar tagida uzoq o‘tirmadi... Hamma safarga shaylana boshladi. Suv parilari
oy nurida o‘z raqslarini nihoyasiga yetkazdilar va asta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Takatuyoq maxluq
Margaritadan, daryo bo‘yiga nimada keldingiz, deb tavoze bilan so‘radi. Uning cho‘tka minib
kelganini eshitib:
— O, axir bu noqulay-ku, — dedi bir lahzada ikkita shox butog‘idan alomat telefon yasadi-da,
kimdandir shu onning o‘zida mashina yuborishni talab qildi, talab ham bir daqiqa ichida bajarildi.
Orolga usti ochiq och mallarang mashina uchib tushdi, lekin rulda rasmana shofyor emas, balki
kleyonka furajka, qo‘llariga og‘zi keng qo‘lqop kiygan tumshug‘i uzun qop-qora qarg‘a o‘tirardi. Orol
huvillay boshladi. Uchib ketgan alvastilar porlagan oy shu’lasida erib yo‘q bo‘lishdi. Gulxan o‘chib,
qo‘r ustini kul bosa boshladi.
Takatuyoq Margaritaning mashinaga chiqishiga ko‘maklashdi, u keng orqa o‘rindiqqa cho‘kdi.
Mashina g‘uvillab bir sakradi-yu, balandga, deyarli oygacha ko‘tarildi, orol ham, daryo ham g‘oyib
bo‘ldi, Margarita Moskva tomon g‘izillab uchib ketdi.
Yigirma ikkinchi bob ShAMLAR YoRUG‘IDA Osmonu falakda uchib borayotgan mashinaning bir tekisda guvillashi Margaritani allalar, oy
shu’lasi esa orombaxsh harorati bilan uni isitardi. U ko‘zini yumib, yuzini shamolga tutdi va hozirgina
o‘zi tark etgan notanish daryo sohili haqida hasrat bilan o‘ylay boshladi, negaki, u yerni endi hech
qachon ko‘rmasligini ko‘ngli seza boshlagan edi. Bugun kechqurun sodir bo‘lgan barcha sehru
mo‘‘jizalardan so‘ng Margarita kimning huzuriga mehmonga ketayotganini fahmlay boshlagan edi,
biroq bu hol uni cho‘chitmasdi. O‘sha yerda o‘z baxtiga qayta musharraf bo‘lish umidi uni dovyurak
qilgan edi. Lekin uning baxt to‘g‘risida uzoq vaqt xayol surishiga imkon bo‘lmadi. Margarita bir oz
muhlatdan so‘ng ko‘zini ochib, qarg‘aning mohir haydovchi bo‘lganidanmi, yo mashinaning nihoyatda
uchqurligidanmi, har qalay pastda endi zulmatga burkangan urmonni emas, hammayog‘i milt-milt
chiroq bo‘lgan Moskvani ko‘rdi. Qora qush — shofyor parvoz paytida mashinaning oddingi o‘ng
g‘ildiragini burab bo‘shatib oldi, keyin uni Dorogomilovo rayonida, qandaydir juda xilvat bir
qabristonga qo‘ndirdi. So‘ng u churq etmay o‘tirgan Margaritani cho‘tkasi bilan birga bir qabr toshi
yonida yerga tushirib, mashinani qabriston etagidagi jarga itarib yubordi. Mashina tubsiz jarg a
gumburlab tushib, tilka-tilka bo‘lib ketdi. Qarg‘a esa Margaritaga ehtirom bilan chest berib, g‘ildirakka
mindi-da, uchib ketdi.
Shu zahoti bir qabr toshi orqasidan qora plashli sharpa chiqib keldi. Uning so‘yloq tishi oy nurida
yalt etib ketdi-yu, Margarita darrov Azazelloni tanidi. U Margaritaga imo qilib cho‘tkaga minishni
taklif qildi, o‘zi uzun qilichga mindi, shu zahoti ikkovlari osmonga o‘qday uchishdi-yu bir necha
soniyadan so‘ng Sadovaya ko‘chasidagi 302-bis uyining oldida yerga qo‘nishdi. Ularni hech kim
sezmadi.
Qo‘ltiqlariga cho‘tka bilan qilich qistirib olgan bu ikki hamroh bostirma ostiga kirishganida
Margaritaning ko‘zi kimnidir zoriqib kutib o‘tirgan
kep-,|
va qo‘nji baland etik kiygan bir odamga
tushdi. Azazello bilan Margarita yengil qadam tashlab, oyoq uchida yurib o‘tgan bo‘lishsa ham, u
odam sharpani eshitdi, lekin qanday jonzodning sharpasi ekanligini tushunolmay sarosimada bir
seskanib qo‘ydi.
Keyin ular oltinchi yo‘lak eshigi oldida boyagi bostirmadagi odamga xuddi quyib qo‘ygandek
o‘xshovchi ikkinchi odamni uchratishdi. Bu yerda ham boyagi voqea takrorlandi. Oyoq tovushlari...
Odam bezovtalanib, o‘grilib qaradi va o‘shshayib oldi. Lekin yo‘lak eshigi ochilib-yopilganini ko‘rib,
sharpalar orqasidan o‘sha tomonga otildi, ichkariga kirib, har yoqqa olazarak bo‘lib qaradi, ammo,
turgan gapki, hech nimani ko‘rmadi.