Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
BIRINCHI QISM
...Kimsan, ayt!
— Men hargiz yomonlik tilab —
Yaxshilik
qilguvchi kuchning bir qismi
1
.
Gyote, «Faust».
Birinchi bob
HECH QACHON BEGONALAR BILAN GAPLASHMANG
Bahor kunlarining birida, dim oqshom chog‘ida, Moskvadagi Patriarx ko‘li xiyobonida ikki kishi
paydo bo‘ldi. Ularning biri yozlik kulrang
kostyum-shim kiygan, past bo‘yli, miqti gavdali, taqirbosh,
soqol-mo‘ylovi silliq olingan, ko‘ziga g‘ayritabiiy kattalikdagi qora muguz gardishli ko‘zoynak
taqqan, hali xiylagina yangi shlyapasini qo‘liga olib olgan edi. Ikkinchisi —
jingalak sochi mallarang,
katak matodan tikilgan kepkasini ensasiga surib kiygan yag‘rindor yigit — egniga katak ko‘ylak,
g‘ijimlangan shim, oyog‘iga qora shippak kiygan edi.
Bu tanishtirganlarimizdan birinchisi Moskvadagi eng yirik adabiy uyushmalardan birida (uning
qisqartirilgan nomi MASSOLIT edi) pravlenie raisi, ayni paytda bir qalin badiiy jurnalning muharriri
lavozimida ishlovchi Mixail Aleksandrovich Berlioz, uning yosh hamrohi esa —
shoir Ivan
Nikolaevich Poniryov bo‘lib, u o‘z asarlariga Bezdomniy taxallusi bilan imzo chekardi.
Bu ikki adib endigina yashil libos kiya boshlagan jo‘kalar soyasidan panoh topishgan zahoti, ola-
bula bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan, tepasiga «Pivo va suvlar» deb yozilgan do‘konchaga otilishdi.
Darvoqe, may oyining bu mudhish oqshomida yuz bergan birinchi g‘aroyib holni qayd qilib o‘tmoq
lozimdir. Nafaqat do‘koncha oddida, balki Malaya Bronnaya ko‘chasi bilan yonma-yon cho‘zilgan
butun xiyobonda bironta ham odam ko‘rinmasdi. Qaqragan tumanga o‘rangan quyosh Moskvani
misdek qizdirib, Sadovoe
koltso orqasiga botayotgan, hattoki nafas olishga ham majol qolmagan bu
chog‘da, jo‘ka daraxti ostiga biron kimsa kelmadi ham, skameykaga o‘tirmadi ham, butun xiyobon
bo‘m-bo‘sh edi.
—
Narzandan quying, — iltimos qildi Berlioz.
— Narzan yo‘q, — deb javob berdi sotuvchi ayol, negadir ranjiganday bo‘lib.
— Pivo bormi? — deb so‘radi Bezdomniy bo‘g‘iq ovoz bilan.
— Pivo kechqurun keladi, — javob qildi ayol.
— Nimangiz bor? — so‘radi Berlioz.
— O‘rik sharbati,
lekin
ILIQ
,
— dedi ayol.
— Mayli, quying, quying, iliq bo‘lsayam!..
O‘rik sharbati stakanni sap-sariq ko‘pik bo‘lib to‘ldirdi, shunda sartaroshxonaning hidi gupillab
dimoqqa urildi. Sharbat ichgan adiblarni birdan hiqichoq tuta boshladi. Ular sharbat haqini to‘lab,
Bronnaya ko‘chasiga orqa, hovuzga yuz o‘girib bir skameykaga o‘tirishdi.
Shu mahal ikkinchi g‘aroyib hodisa yuz berdi — bunisi endi yolg‘iz Berliozga taalluqli edi. Uning
hiqichoq tutishi birdan to‘xtadi, yuragi bexos dukillab, bir zum qayoqqadir g‘oyib bo‘lganday bo‘ldi,
keyin yana o‘rniga qaytdi,
ammo endi, yuragi o‘tmas igna qadalganday zirqirab og‘rirdi. Bundan
tashqari, Berliozning vujudini kuchli bir dahshat besabab chulg‘ab oldiki, u shu zahotiyoq bu yerdan
orqasiga qaramay qochishga jazm qildi. Berlioz, o‘zining nimadan cho‘chiganini bilolmay, parishon
holda atrofiga alanglab qaradi. Uning rangi quv o‘chdi, ro‘molchasi bilan peshanasini artarkan: «Nima
bo‘ldi o‘zi menga? Hech bunaqa bo‘lmasdim-ku... yurak chatoq... qattiq charchabman.
Hamma ishni
tashlab, tezroq Kislovodskka jo‘nashim kerak...» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
1
Erkin Vohidov tarjimasi.