www.ziyouz.com kutubxonasi
105
hovuchlab suv ichar, boshidagi sallasini ho‘llardi. Shu raftoridan u xiyol yengil tortib, nari ketar va
yana yuqoriga o‘rlagan tuproq yo‘lning u chetidan-bu chetiga tinmay tanda qo‘yar edi. Uning uzun
shopi bog‘ichlangan etigining qo‘njiga «tap-tap» urilardi. Bu bilan u o‘z suvoriylariga sabr-bardoshli
bo‘lishda namuna ko‘rsatmoqchi bo‘lar, ammo shunday bo‘lsa ham, ularga rahmi kelgan va
nayzalardan piramidalar hosil qilib, ular ustiga oq plashlarini yopib, soyabon yasashga ijozat bergan
edi. Suriyalik suvoriylar mana shu chaylalarda shafqatsiz qizdirayotgan oftobdan jon saqlay boshlagan
edilar. Chelaklar dam o‘tmay bo‘shar va vzvodlarning navbatchilari galma-gal tepa etagidagi jarlikdan
suv ta-shirdilar; bu jarliqda ko‘rimsiz tut daraxtlarining olachalpoq soyasida loyqa bir jilg‘a bu
do‘zaxona jaziramada umrining so‘nggi kunlarini kechirib jildirab oqardi. Harorat taftidan yuvosh
bo‘lib qolgan otlarni ushlab turgan suvoriylar ham shu yerda beqaror soya ilinjida zerikib turardilar.
Askarlarning bu yerda it azobida o‘tirishlariyu mahbuslarni bo‘ralab so‘kishlari besabab emas edi.
Chunki prokuratorning qatl paytida o‘zi uchun manfur bo‘lgan Yershalaim shahrida tartibsizliklar yuz
beradi deb hadiksirashi, uning baxtiga o‘rinsiz bo‘lib chikdi. Qatl boshlanganiga uch soatdan
oshganida, hech kutilmaganda, yuqorigi piyodalar tizmasi bilan tepa etagidagi otliqlar tizmasi o‘rtasiga
joylashgan tomoshabinlardan birontasi ham qolmadi. Quyoshning qaynoq tig‘i ularni jizg‘inak qilib,
hammalarini Yershalaim tomon quvgan edi. Endi mana shu ikki halqa oralig‘ida bu tepaga qanday
kelib qolgani noma’lum bo‘lgan ikkita egasiz it qolgan edi, xolos. Lekin jazirama issiq bu itlarning
ham sillasini quritgan edi, shu bois ular bag‘rilarini yerga berib, tillarini osiltirib hansirab yotarkanlar,
quyosh taftiga parvo qilmay, cho‘g‘dek qizigan toshlaru yer bag‘irlab o‘sgan allaqanday tikanli
o‘simliklar oralab zir yugurib yurgan bu yerdagi birdan-bir jonzodlar — yashil kaltakesaklarga ham
parvo qilmasdilar.
O‘limga hukm etilganlarni biron kimsa na hammayog‘ini lashkar bosib ketgan Yershalaimning
o‘zida, na bu yerda — qo‘sh halqaga olingan tepada qutqarishga urinib ko‘rdi, oqibat olomon shaharga
qaytdi, zero ushbu qatl jarayonining hech bir qiziqarli jihati bo‘lmadi, shaharda esa bu payt bugun
kechqurun kirib keladigan ulug‘ ayyom — pasxa bayramiga tayyorgarlik boshlangan edi.
Yuqori halqadagi rim piyodalari pastdagi otliqlardan ham ko‘proq iztirob chekishardi. Kenturion
Kalamushkush o‘z askarlariga faqat dubulg‘alarini yechib, boshlariga ho‘llangan oq belbog‘
yopishgagina ijozat berdi, lekin ularni nayzalarini qo‘llaridan qo‘ydirmay mudom tik ushlab turdi. O‘zi
esa xuddi shunaqa, lekin ho‘llanmagan quruq belbog‘ni boshiga yopib olib, hatto ko‘ylagiga
yopishtirilgan sher basharasini ifodalovchi kumush qalqonchalarni ham, oyog‘iga bog‘langan zirhni
ham, beliga osib olgan shamshir bilan pichoqni ham yechmay, jallodlarga yaqin yerda u yoqdan-bu
yoqqa yurib turardi. Garchi quyosh o‘tkir tig‘ini to‘g‘ri Kalamushkushga qaratgan bo‘lsa ham, bu uni
aslo bezovta qilmas, ko‘kragidagi sher basharalariga esa qarab bo‘lmasdi, chunki ular oftob shu’lasida
xuddi erib biqirlab qaynayotgan kumushdek ko‘zni qamashtirardi.
Kalamushkushning ajivasi chiqqan yuzida na toliqish, na norozilik alomatlari mavjud edi, bil’aks
devqomat kenturion shu zaydda to kun botguncha, so‘ng tong otguncha keyin yana kunbo‘yi — qisqasi
qancha vaqt kerak bo‘lsa shuncha, qo‘llarini mis to‘qali zalvar kamariga qo‘yib, goh qatl etilayotganlar
bog‘langan ustunlarga, goh tepa boshini ihota qilib turgan askarlarga doim birday xo‘mrayib
qaragancha, oyog‘i ostidan chiqib qolgan va zamonlar o‘tishi bilan oppoq oqarib ketgan odam
suyaklarini yoki mayda shag‘al toshlarni ag‘darma etigining tumshug‘i bilan har doimgidek beparvo
tarzda tepib o‘tishga qodirdek ko‘rinardi.
Qaytarma qalpoqli odam ustunlardan sal nariroqda uch oyoqli kursida qimir etmay beparvo
o‘tirarkan, zerikkanidan ahyon-ahyonda qo‘lidagi cho‘p bilan yer chizib qum kavlardi.
Endi tepani qurshab olgan ikki halqa orasida bironta ham odam qolmagandi, degan gapga kelsak,
bu unchalik to‘g‘ri emas. Bu yerda bitta odam qolgan edi, lekin uni ko‘pchilik ko‘rmagan edi. U tepa
boshiga chiqadigan ochiq yo‘l tomonda emas (aynan shu tomondan qatl manzarasini kuzatish qulay
edi), balki uning chiqishga noqulay va notekis bo‘lgan, ko‘p yerlari o‘prilgan, yorilgan shimoliy
yonbag‘riga, qovjiray boshlagan anjir daraxti bir zov labida xudo qarg‘agan qaqroq yerga yopishib jon