www.ziyouz.com kutubxonasi
104
O‘n oltinchi bob QATL Taqir Tepa uzra quyosh endi mag‘ribga og‘a boshlagan va uning gir aylanasi ikki qavatlama o‘rab
olingan edi.
Choshgohda prokuratorning yo‘lini kesib yelib o‘tgan otliq qo‘shin shaharning Xevra darvozasiga
chiqdi. Uning uchun keta-ketguncha yo‘l ochiq edi. Kappadokiya piyodalari tirband bo‘lib ketgan
yo‘lni ochib, odamlar, xachirlaru tuyalarni ikki tomonga siqib chiqargan, shu sababli qo‘shin otlarni
bemalol choptirib, oppoq chang quyunini osmoni falakka o‘rlatgancha, Vifleem yo‘li bilan Yaffa yo‘li
bir-birini kesib o‘tgan chorrahaga chiqqan edi. Keyin u shimoli-g‘arbiy yo‘ldan shamoldek yelib ketdi.
Bundan sal oldin, yo‘lning ikki yoqasiga yoyilgan boyagi Kappadokiya piyodalari uni Yershalaimga
bayramga kelayotgan karvonlardan tozalashga ulgurgan edilar. Ziyoratchilar yelkalariga ortmoqlagan
safar chodirlarini maysa ustiga tashlashib, yo‘l yoqalab tizilishgan Kappadokiya piyodalari orqasida
to‘p-to‘p bo‘lib turishardi. Otliq qo‘shin bir chaqirimcha yo‘l bosib, shiddatli legionning ikkinchi
kohortasidan ham o‘zib ketdi va yana bir chaqirim yo‘l bosib, Taqir Tepa poyiga birinchi bo‘lib yetib
bordi. Bu yerda qo‘shin otlardan tushdi. Komandir qo‘shinni vzvodlarga bo‘ldi, vzvodlar esa uncha
baland bo‘lmagan bu tepaning faqat Yaffa yo‘liga to‘g‘ri bo‘lgan ozgina joyini ochiq qoldirib, qolgan
hamma etagini gir aylantirib o‘rab oldi.
Otliqlardan keyin sal vaqt o‘tishi bilan tepa etagiga ikkinchi kohorta ham yetib kelib, tepaga bir
pog‘ona yuqori ko‘tarildi va u ham tepa atrofini gar-dishsimon o‘rab oddi.
Nihoyat Mark Kalamushkush qo‘mondonligidagi kenturiya yetib keldi. U yo‘lning ikki chetini
yoqalab turnaqator tizilib kelar, yo‘l o‘rtasida esa maxfiy soqchilar nazorati ostida aravada o‘limga
mahkum bo‘lgan va bo‘yinlariga aramey va yunon tilida «Qaroqchi va isyonchi» deb yozilgan oq
taxtachalar osilgan uchta mahbus borardi. Bu arava orqasidan yangi yo‘nilgan to‘sinli ustunlar,
arqonlar, belkuraklar, chelaklaru boltalar ortilgan boshqa aravalar kelardi.
Bu aravalarda yana olti nafar jallod ham bor edi. Aravalar orqasidan kenturion Mark, Yershalaim
ibodatxonalari soqchilarining sardori hamda boya shoh qasridagi qorong‘i xonada Pilat bilan qisqa
muddatli suhbat olib borgan qaytarma qalpoqli rido kiygan o‘sha odam ot minib borishardi. Bu
marosim saf tortib kelayotgan lashkar bilan yakunlanib, uning orqasidan alomat tomoshani ko‘rish
ishtiyoqida do‘zax o‘tidek jazirama kun taftidan ham tap tortmagan ikki mingga yaqin bekorchi
kelardi.
Shahardan ergashib chiqqan bu tomoshatalablar safiga endi yo‘lda uchragan sinchkov ziyoratchilar
ham qo‘shilishib, hammalari izdihomga bemalol ergashib kelaverdilar. Mana shu uzundan-uzun
olomon to Taqir Tepaga yetib borgunicha jarchilar boya choshgoxda Pilat shohsupada turib aytgan
so‘zlarini chinqiroq ovoz bilan qayta-qayta takrorlab bordilar.
Tepa etagini o‘rab olgan otliq qo‘shin hammani yuqoriga, ikkinchi qurshov tomonga o‘tkazib
yubordi, ikkinchi kenturiya esa tepa boshiga faqat qatlga daxldor odamlarnigina o‘tkazib, butun
olomonni jadallik bilan tepaning gir aylanasiga yoyib yubordi, natijada tomoshatalab olomon yuqorida
— piyodalar zanjiri, pastda — otliqlar tizmasi oralig‘ida qoldi. Endi ular qatlni piyodalarning siyrak
tizmasi orasidan kuzatishi mumkin edi.
Alqissa, mash’um izdihomning tepa boshiga ko‘tarilganiga, mana, uch soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi,
garchi quyosh endi Taqir Tepa ustidan og‘a boshlagan bo‘lsa ham, hanuz uning harorati dosh berib
bo‘lmaydigan darajada ediki, Tepani ikkita halqaga olgan suvoriylar ham, navkarlar ham issiqdan
qattiq iztirob chekishar, daqqinafaslikdan xunob bo‘lishar va uch jinoyatchini ichlarida rosa bo‘ralab
so‘kishib, ularning tezroq o‘lishini astoydil istardilar.
Tepa etagida turgan kichkina jussali suvoriylar komandirining peshanasi jiqqa ho‘l, ogpyuq
ko‘ylagi qora terga botgan bo‘lib, u birinchi vzvodning ko‘n chelagi oldiga dam-badam borar, undan