www.ziyouz.com kutubxonasi
109
chaylalari uzra to‘zonli quyun ko‘tardi. Leviy, hali-zamon Yershalaim ustini burkab olishga
shaylangan qora bulut baxtiqaro Ieshuaning qismatiga biron o‘zgarish kiritarmikin, deb mulohaza
qilishga urinarkan, jim bo‘lib qoldi. Keyin qora bulutni bo‘lak-bo‘lak qilib chaqnayotgan o‘tli
chiziqlarni kuzatarkan, chaqmoqdan tezroq Ieshua bog‘langan ustunga kelib urilishni iltijo qila
boshladi. U qora bulut hali butkul burkab ulgurmagan beg‘ubor osmonga, momaqaldiroqdan jon saqlab
endi qanot qoqib ucha boshlagan quzg‘unlarga o‘kinch bilan tikilarkan, la’nat o‘qishda juda
shoshqaloqlik qilganini o‘yladi. Xudo uning so‘zini endi inobatga olmaydi.
Leviy nigohini tepa etagiga qaratib, u yerda sezilarli o‘zgarish yuz berganini ko‘rdi. Tepa etagini
aylanma ihota qilgan suvoriylar yugurib-elishar,erga sanchilgan nayzalarini sug‘irib, plashlarini
yelkalariga tashlashar, jilovdorlar zulukdek qora otlarni yetaklab, katta yo‘lga choptirib chiqardilarki,
bularning hammasi yuqoridan Leviyning ko‘ziga yaqqol tashlanib turardi. U yuzini to‘zonli shamoldan
to‘sib, dam-badam tupurarkan, nima sababdan otliqlar jo‘nashga shaylanishdi ekan, deb bosh qotira
boshladi. So‘ng nigohini yuqoriga qaratdi-yu, qirmizi harbiy plash yopingan bir odamning qatl
maydonchasiga ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Ana shunda azob fursatining nihoyasi yaqinlashganini his
qilgan sobiq o‘lpon yig‘uvchining yuragi quvonchdan «shuv» etib ketdi.
Isyonchilarning iztirob cheka boshlaganiga to‘rt soatdan ko‘proq vaqt o‘tganda tepaga ko‘tarilgan
bu odam Yershalaimdan o‘z xosnavkari kuzatuvidan kelgan kohorta qo‘mondoni edi.
Kalamushkushning bir imosi bilan askarlar tizmasi surilib, tribunga yo‘l ochdi, kenturion esa, unga
chest berdi. Tribun esa Kalamushkushni bir chetga boshlab, unga nimanidir shipshidi. Kenturion
ikkinchi marta unga chest berib, ustunlar poyida xarsangtoshlarda o‘tirgan jallodlar tomon yo‘l oldi.
Tribun — uch oyokdi kursida o‘tirgan odamning istiqboli sari yurdi, u ham tavoze bilan tribunga
peshvoz turdi. Tribun unga ham past ovoz bilan nimadir dedi, shundan so‘ng ikkovlari ustunlar tomon
yo‘l olishdi. Jome posbonlari sardori ham ularga ergashdi.
Kalamushkush ustunlar tagida yotgan, yaqinginada jinoyatchilarning libosi bo‘lgan, ammo jallodlar
olishga hazar qilgan isqirt uvadalarga yirganib ko‘z qirini tashladi-da, jallodlardan ikkitasini chaqirib
olib:
— Men bilan yuringlar! — deb buyurdi.
Eng yaqin turgan ustundan hirqiroq ovoz bilan aytilgan ma’nosiz qo‘shiq eshitilardi. Bu ustunga
bog‘langan Gestas ustunga bog‘langanidan beri uch soat o‘tganda pashsha talaganidan va oftob
taftidan jinni bo‘lib qolgan edi, endi u uzum to‘g‘risida qandaydir qo‘shiqni ohista xirgoyi qilardi,
lekin shunday bo‘lsa ham salla o‘ralgan boshini ahyon-ahyonda bir chayqab qo‘yar, shunda yuziga
yopirilgan pashshalar erinibgina «g‘uvv» ko‘tarilardi-yu, shu zahoti yana yuzini burkab olardi.
Ikkinchi ustunga osilgan Dismas boshqa ikki jinoyatchidan ko‘proq azob chekardi, chunki hanuz
hushini yo‘qotmagan edi, shunga ko‘ra, boshini bir maromda tez-tez chayqab, qulog‘ini yelkasiga
tekkizishga urinardi.
Ieshua qolgan ikki mahbusdan baxtiyorroq edi. Qatl boshlangan birinchi soatdayoq u o‘zini yo‘qota
boshlagan, keyin esa sallasi chuvalab ketgan boshini osiltirib, butunlay hushidan ketgan edi. Shuning
uchun pashshayu so‘nalar uni tamomila burkab olgan ediki, bu g‘imirlovchi qora gala ostida uning
yuzi butunlay ko‘rinmay qolgan edi. Uning chovi, qorni va qo‘ltiq taglariga yopishib olgan semiz-
semiz so‘nalar bechoraning terisi titilgan sarg‘ishrang badanini so‘rib yotardi.
Qaytarma qalpoqli odamning ishorasi bilan ikki jallodning biri qo‘liga nayza oldi, ikkinchisi ustun
ostiga chelakda suv bilan latta olib keldi. Birinchi jallod Ieshuaning ko‘ndalang to‘singa arqon bilan
chandib bog‘langan qo‘llariga nayzasi bilan galma-gal urib qo‘ydi. Uning qovurg‘alari sanalib turgan
badani bir seskandi. Jallod nayza uchini uning qornidan yurgizdi. Ieshua boshini ko‘tardi, shunda
pashshalar «g‘uv» etib uchishdi va osilgan mahbusning tanib bo‘lmaydigan darajada shishib ketgan
yuzi ochildi, uning ko‘zlari yumilib qolgan edi.
Ha-Notsri yopishib qolgan qovoqlarini bazo‘r ochib pastga qaradi. Uning hamisha porloq ko‘zlari
endi xiralashgan edi.