www.ziyouz.com kutubxonasi
151
Nusxasi ikkinchidan, demakki, birinchidan ham, olingan uchinchi odam uchinchi qavatdagi
maydonchada navbatchilik qilardi. U tutuni achchiq papiros chekib o‘tirardi, shu bois Margarita uning
yonidan o‘tayotganda yo‘talib yubordi. Kashanda xuddi bir nima chaqqandek o‘rindiqdan sapchib turib
ketdi, sarosimada atrofiga alang-jalang qaray boshladi, zina panjarasi osha engashib pastga ko‘z
tashladi. Bu mahal Margarita o‘z hamrohi bilan 50-kvartiraning eshigi oldiga yetib olgan edi.
Qo‘ng‘iroq qilib o‘tirishmadi, Azazello o‘z kaliti bilan eshikni tovushsiz ochdi.
Margaritani hayratga solgan birinchi narsa zulmat bo‘ldi. Dahliz xuddi yer qa’ri bilan zim-ziyo edi,
shuning uchun Margarita qoqilib ketishdan qo‘rqib, beixtiyor Azazelloning plashidan mahkam ushlab
oldi. Lekin shu payt juda olisda, yuqorida bir shamchiroqning milt-milt yonayotgani ko‘rindi, keyin u
shu’la yaqinlashib kela boshladi. Azazello keta turib Margaritaning qo‘ltig‘idan cho‘tkani tortib oldi,
cho‘tka shu zahoti zulmat qo‘ynida tovushsiz g‘oyib bo‘ldi. Endi ular qandaydir keng pillapoyalardan
yuqoriga ko‘tarila boshladilar, Margaritaga bu pillapoyaning oxiri yo‘qdek tuyulardi. Moskvadagi
oddiy bir kvartiraning dahliziga bu ko‘rinmas, ammo mavjudligi aniq his etib turilgan g‘ayrioddiy va
hududsiz zinaning sig‘gani Margaritani hayratga solardi. Biroq shu payt zina tugab, Margarita o‘zini
uning yuqori maydonchasida turganini sezdi. Boyagi chiroq shundoqqina Margaritaning yuzi oldiga
yaqinlashib keldi-yu, u qo‘lida shamchiroq ushlab turgan qora va daroz bir odamning yuzini ko‘rdi.
Shu keyingi kunlarda bu odamga ro‘para kelgan sho‘rpeshonalar hatto shu zo‘rg‘a miltillab
yonayotgan shamchiroq yorug‘ida ham uni ganigan bo‘lardilar, albatta. Bu Korovyov, ya’ni Fagot edi.
To‘g‘ri, hozir uning tashqi qiyofasi juda o‘zgargan edi. Allaqachon axlatga tashlab yuborish lozim
bo‘lgan shishasi siniq pensne o‘rniga u endi monokl taqib olgan edi, ammo bu ham darz ketgan bo‘lib,
shamchiroq shu’lasi shu shishada aks etardi. Bu sulloh mo‘ylabini gajak qilib buragan va moylagan
edi, uning qoraligiga kelsak, egniga frak kiyganligidan shunaqa edi, xolos. Faqat ko‘kragigina oqarib
ko‘rinardi.
Bu sehrgar, regent, jodugar, tarjimon — xullas, aslida kimligini shayton ham bilmaydigan
Korovyov shamchiroq ushlagan qo‘lini keng yoyib Margaritaga ta’zim qildi va uni o‘zi bilan yurishga
da’vat edi. Azazello g‘oyib bo‘ldi.
«Odam hayron qoladigan oqshom, — deb o‘ylardi Margarita, — bunaqa bo‘lishini hech tasavvur
qilmagan edim! Nima balo, elektrlari o‘chib qolganmi deyman? Lekin hammadan ham xonaning hajmi
meni hayron qoddiryapti. Shu narsalarning hammasi qanday qilib Moskvaning oddiy kvartirasiga
sig‘ishi mumkin? Bunga sira-sira aql bovar qilmaydi».
Korovyovning qo‘lidagi shamchiroq juda xira yopayotgan bo‘lsa ham, Margarita o‘zining
nihoyatda ulkan zalda, yana behisob mahobatli qora ustunlari ko‘z ilg‘amas yergacha tizilib ketgan
zalda turganligini tushundi. Korovyov kichkina bir divan oldida to‘xtab, shamchiroqni shu yerdagi
baland kursi ustiga qo‘ydi, imo bilan Margaritani o‘tirishga taklif qilib, o‘zi ham uning yoniga o‘tirdi
va xuddi suratga tushayotgan odamday savlat bilan tirsagini kursiga qo‘ydi.
— Ijozatingiz bilan sizga o‘zimni tanitsam, — dedi Korovyov beo‘xshov ovoz bilan, —
Korovyovman. Chiroq yo‘qligidan hayron bo‘lyapsizmi? Iqtisod deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak? Yo‘-
yo‘-yo‘q, aslo. Agar shunaqa bo‘lsa, birinchi to‘qnash kelgan jallod, chunonchi, bugun, hali bir ozdan
keyin sizning tizzangizni o‘pishga musharraf bo‘ladigan jallodlardan biri shu kursi ustida boshimni
tanamdan judo qilsin. Sabab, messir xush ko‘rmaydilar elektr nurini, biz uni eng oxirgi damda
yoqamiz. Ana unda, ishonchingiz komil bo‘lsin: hammayoq keragidan ortiq yoritilib yuboriladi.
Korovyov Margaritaga yoqdi, shang‘i javrashi uning ko‘ngliga taskin berdi.
— Yo‘q, — deb javob qildi Margarita, — mana shuncha narsaning (u qo‘lini cho‘zib, zalning
bepoyonli-gini ifodaladi) oddiy bir kvartiraga qanday siqqani ko‘proq hayratga solyapti meni.
Korovyov yoqimli jilva qilgan edi, burni atrofidagi soyalar qimirlab ketdi.
— Bundan oson narsa yo‘q! — deb javob qildi u. — Beshinchi o‘lchov nazariyasidan boxabar
bo‘lganlar uchun o‘z xonasini ko‘ngli tusagan hajmda kengaytirish xamirdan qil sug‘urishday gap. Ha,
ha, muhtarama sohibam, aql bovar qilmaydigan darajada kengaytirish mumkin! Darvoqe, men, — deb