www.ziyouz.com kutubxonasi
50
sonda gapirarkan. — Umuman, ular keyingi paytda ko‘p ifloslik qila boshladilar. Ichkilikbozlik,
xotinbozlik bilan shug‘ullanyaptilar, o‘z mavqelaridan foydalanib ishlariga qo‘l urmay qo‘ydilar,
to‘g‘risi, qo‘llaridan hech qanaqa ish kelmaydi o‘zi, chunki zimmalariga yuklangan ishga tariqcha ham
tushunmaydilar. Rahbarlarni laqillatib kelmokdalar!
— Davlat mashinasini bekordai-bekorga zir yugurtiradi! — dedi qo‘ziqorin kavshab o‘tirgan
mushuk ham chaqmachaqarlik qilib.
Shunda kvartirada to‘rtinchi va oxirgi mo‘‘jiza sodir bo‘ldi-yu, sirg‘alib tushib yerga o‘tirib qolgan
Styopa jonsiz qo‘li bilan kesakini timdalay boshladi.
Kotelok shlyapa kiygan, so‘yloq tishlari og‘zidan chiqib, shundoq ham o‘ta jirkapch basharasini
battar badbashara qilib yuborgan, pak-pakana bo‘lishiga qaramay, yelkalari nihoyatda keng, sochi
rangidagi bir malla maxluq to‘g‘ri toshoyna ko‘zgusidan chiqib keldi.
— Men, — deb gapga aralashdi bu malla, — buning qanday qilib direktor bo‘lib qolganiga hech
tushunolmayapman, — u gapirgan sari ko‘proq manqalanardi, — men qanday arxierey bo‘lsam, u ham
shunday direktor!
— Sen arxiereyga o‘xshamaysan, Azazello, — dedi mushuk tarelkasiga sosiska olib solarkan.
— Menam shuni aytyapman-da, — dedi malla ping‘illab va Voland tomonga o‘girilib ehtirom bilan
ilova qildi: — Ruxsat eting, messir, uni Moskvadan biron olis xilvatgohga uloqtirib yuboray?
Mushuk tuklarini hurpaytirib:
— Pisht! — deb baqirdi.
Shunda yotoqxona Styopa atrofida gir-gir aylana boshladi-yu, u boshi bilan kesakiga urildi va
hushidan ketarkan: «O‘lyapman...» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Lekin u o‘lgani yo‘q. Ko‘zini xiyolgina ochib, o‘zini toshga o‘xshash qandaydir bir narsa ustida
ko‘rdi. Uning atrofida nimadir shovullardi. Keyin u ko‘zlarini katta ochib, shovullayotgan dengizni
ko‘rdi, shovullagandayam to‘lqinlar shundoqqina uning oyog‘i ostiga kelib chil-chil urilardi, qisqasi, u
to‘lqin qaytargichning eng chetida o‘tirar, poyida dengiz mavjlanar, orqasida esa do‘nglikda go‘zal
shahar qad ko‘targan edi.
Bunday hollarda o‘zini qanday tugishni bilmagan Styopa oyoqlari dag‘-dag‘ qaltirab to‘lqin
qaytargich bo‘ylab qirg‘oq tomon yo‘l oldi.
Yo‘lida bir odam turardi, u papiros chekar va dam-badam dengizga tupurardi. U odam Styopaga
o‘qrayib qarab, tupurishdan to‘xtadi. Shunda Styopa qovun tushirdi: shu notanish kashanda qarshisida
tiz cho‘kib, bunday dedi:
— Yolborib so‘rayman sizdan: bu qaysi shahar o‘zi?
— Qoyil-e! — dedi beshafqat kashanda.
— Men mast emasman, — dedi hirqiroq ovoz bilan Styopa. — Men betobman, menga bir nima
bo‘ldi, kasal bo‘lib qoldim... Qaerdaman? Bu qaysi shahar?..
— Yalta-ku...
Styopa ohista xo‘rsindi, yonboshiga qulab tushdi-yu, boshi oftobda qizigan toshga urildi.