Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
esladi. Esladiyu, ketma-ket esiga Berliozning o‘limi tushdi, lekin bu xotira endi uni kechagichalik
qattiq iztirobga solmadi. Miriqib uxlagan Ivan Nikolaevich endi o‘zini ancha
bosib olgan, mulohazalari
ham ravonlashgan edi. U chinniday toza, yumshoq va orombaxsh prujinali karavotda ancha vaqtgacha
qimir etmay yotdi, shunda ko‘zi yonboshidagi qo‘ng‘iroq tugmasiga tushdi. Kerak bo‘lsa-bo‘lmasa,
har narsaga qo‘l uraveradigan qitmir Ivan tugmani bosdi. U biron nimaning chalinishini yoki biron
kishining kirib kelishini kutgan edi, lekin butunlay boshqacha hol yuz berdi.
Ivan yotgan karavotning
oyoq tomonida sirlangan tsilindr chiroq yonib, unda: «Suv» degan yozuv paydo bo‘ldi. Bir ozdan
keyin tsilindr aylana boshladi va oxiri unda: «Nyanya» degan yozuv paydo bo‘ldi. Turgan gapki, bu
antiqa tsilindr Ivanning og‘zini ochirib qo‘ydi. Keyin «Nyanya» yozuvi «Doktorni chaqiring» degan
yozuv bilan almashdi.
— Hm... — deb qo‘ydi Ivan, endi buyog‘iga nima qilishini bilolmay. Lekin shu choq tasodifan ishi
o‘ngidan kelib qoldi: «Feldsher ayol» degan so‘z chiqishi bilan u tugmani ikkinchi marta bosdi. Silindr
ohista jingillab, aylanishdan to‘xtadi, chirog‘i o‘chdi va xonaga
top-toza oq xalat kiygan,
miqqidakkina, istarasi issiq bir ayol kirdi.
— Xayrli kun! — deb salomlashdi u Ivan bilan. Ivan javob qaytarmadi, chunki hozirgi vaziyatda
bunday salomlashishni o‘rinsiz deb topdi. Rostda axir, soppa-sog‘ odamni shifoxonaga tiqib qo‘yishsa,
yana buning ustiga, o‘zlarini go‘yo savob ish qilganday tutishsa — buning nimasi xayrli?
Bu asnoda ayol chehrasidagi muloyim jilvani saqlagan holda, bir tugmani bosib,
deraza pardasini
yuqoriga chiqarib yubordi. Shunda to polgacha tushib borgan jimjimador, yengil panjara orqali xonaga
quyosh nuri yog‘ildi. Panjara ortida balkon, undan narida esa ilonday to‘lg‘anib oqayotgan daryo,
daryoning narigi sohilida — shimolda mavjlanib turgan qarag‘ayzor ko‘rindi.
— Vannaga marhamat qiling, — dedi ayol, so‘ng uning bir qo‘l harakati bilan ichki devor chetga
surildi-yu, vannaxona va juda chiroyli jihozlangan hojatxona paydo bo‘ldi.
Garchi Ivan bu ayol bilan gaplashmaslikka axd qilgan bo‘lsa ham, yaraqlagan jo‘mrakdan
vannaga
sharillab suv oqayotganini ko‘rib, tilini tiya olmay, kinoya bilan dedi:
— Buni qara-ya! Xuddi «Metropol» deysan!
— E, yo‘q, — faxrlanib dedi ayol, — undan ham yaxshiroq. Bu yerdagi uskuna-jihozlar chet elda
ham topilmaydi. Atayin shifoxonamizni ko‘rgani olimlaru vrachlar kelib turishadi. Bu yerda har kuni
chet ellik turistlar bo‘lishadi.
Ivan «chet ellik turistlar» so‘zini eshitgan hamonoq kechagi konsultantni esladi. Kayfi buzilib,
xo‘mraygancha so‘radi:
— Chet ellik turistlar... Muncha yaxshi ko‘rmasangizlar o‘sha chet ellik turistlarni? Men sizga
aytsam, ular orasida har xil odamlar bo‘ladi. Masalan, kecha men bitta
shunaqasi bilan tanishdimki,
asti qo‘yaverasiz!
Shunday deb turib, sal bo‘lmasa Pontiy Pilat haqida gapirib yuboray dedi-yu, lekin gapini bu ayol
uchun hech qanday hojati yo‘qligini, baribir undan hech qanday yordam kutib bo‘lmasligini tushunib,
tilini tiydi.
Cho‘miltirilgan Ivan Nikolaevichga vannadan chikdan erkak kishi uchun zarur bo‘lgan hamma
narsa: dazmollangan ko‘ylak, ichki ishton, paypoq berildi.
Bulardan tashqari, yana boyagi ayol shkaf
eshigini ochib, quli bilan ishora qilib so‘radi:
— Ustingizga nima kiyishni xohlaysiz — xalatmi yo pijamami?
Bu yangi yotoqqa zo‘rlab joylashtirilgan Ivan ayolning andishasizligidan hang-mang bo‘lib,
indamay barmog‘i bilan qip-qizil paxmoq pijamaga ishora qildi.
Shundan keyin Ivan Nikolaevichni bo‘m-bo‘sh, sokin koridordan boshlab borib, judayam kattakon
bir kabinetga olib kirdilar. Hayratomuz jihozlangan bu binodagi hamma narsaga istehzo bilan qarashga
ahd qilgan Ivan kabinetiga kirgan hamonoq unga «oshxona-fabrika» deb nom qo‘ydi.
Buning sababi bor edi. Bu yerda ancha-muncha shkaflar, nikellangan yaltiroq asboblar qo‘yilgan
oynavand shkafchalar tizilib turardi. Nihoyatda murakkab mos-lamali kreslolar,
soyaboni yaltiroq