www.ziyouz.com kutubxonasi
214
og‘iz ochmadilar. Oradan ko‘b fursat o‘tmadi, ichkaridan Oybodoq yugurib chiqdi va
darichadan turib «so‘yinchi!» dedi. Hoji yonchig‘ini kavlay berib «alhamdulilloh» deb
qo‘ydi. Hasanali ham iljayib yonchiq kavlashka tutindi va:
— O‘g‘ulmi, holva? — deb so‘radi xotinidan.
— O‘g‘ul!
— Barakalla.
Hoji kulimsirab qo‘lidag‘i uch-to‘rtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi —
«Tangalarni o‘zing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali so‘yinchisini topshirg‘andan
so‘ng duog‘a qo‘l ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan bo‘lsin». Shundan keyin xotirjam’
bo‘lg‘an holda xuftanga ketdilar.
Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yig‘isini eshitib ixtiyorsiz ichkari
havlig‘a tomon burildi va yo‘lakda onasig‘a yo‘liqdi. Qorong‘u bo‘lsa ham O‘zbek
oyimning tusidagi shodliq belgulari ochiq ko‘rinib turar edi:
— O‘g‘ul muborak bo‘lsun, bolam!
— O‘zi tetikmi?
— Tetik!
— Oldig‘a kiraymi?
— Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — chillalik uyga kechasi ko‘chadan kelib kirish yaxshi
emas... Ichkari kirsang to‘g‘ri Zaynabning oldig‘a bor. Dadang shundami?
— O‘zi?..
— O‘zi yaxshi, xotirjam bo‘l, — dedi O‘zbek oyim, orqasig‘a qaytdi. Otabek ketiga
burilib tashqari yo‘lak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va o‘ylanib
to‘xtadi. Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan to‘qnashish uning uchun bir oz
o‘ngg‘aysizroq tuyulgan edi. Shu yo‘sun bir muncha vaqt yo‘lakda turib, so‘ngra
ichkariga tomon yurdi. Zaynabning uyiga o‘tar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy
tarafka qarab oldi.
— O‘g‘ul muborak bo‘lsin!
Zaynab erini shu so‘z bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlug‘ bo‘lsin!»
deb qo‘ydi. O‘lturgandan keyin Zaynab o‘zicha kulindi:
— Haligi... — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qo‘ydimi yoki
o‘ylab qoldimi, nima bo‘lsa ham aytalmadi. Otabek uning og‘zini kulimsiragan holda bir
oz kutib «xo‘sh, haligi...?» deb so‘radi.
— Haligi...
— Uyog‘i?
— Oti qursin... ha, aytkandek, oshingizni yeysizmi?
— Yeyman.
— Sovib qolmag‘an bo‘lsa — shu.
Otabek ertadan beri hech narsa yemab edi.
— Qandog‘ bo‘lsa ham, — dedi.
Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq ko‘rinsa ham, ammo bu ochiq chehraning
zamirida uni jiddiyroq mashg‘ul qilg‘an yana bir gap bordek, ya’ni ko‘rinishdan
shoshqanliq va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostig‘a
yashiring‘andek edi. Zaynabning o‘n besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorig‘i kabi
«esdan chiqarish» holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda so‘ramoqqa majbur bo‘ldi:
— Nega holingiz parishon?
Zaynab kuldi:
— Nega parishon bo‘lsin.
— Manim ko‘zimga parishon ko‘rinasiz.
— To‘g‘ri, — dedi Zaynab, — qo‘rqdim...