www.ziyouz.com kutubxonasi
213
qolmasa yaxshi edi», deb qo‘rqdim. Darvoqi’ natija men qo‘rqqancha bo‘ldi. Zaynab bu tahdiddan so‘ng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshig‘ina dakki yegan bo‘lsa kerak, bir necha kundan so‘ng yovoshqina bo‘lib qaytib keldi. Endi shu voqi’aga ikki oy chamasi vaqt o‘tdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men jo‘rttaga ba’zi gaplarni teskarilikka olib ko‘rsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim uchun yaxshi emas, ul yana ko‘b vaqt bizning oramizda tikan bo‘lmoqchi... Kelasi oydan juda yuragim uyushadir... Kechalari ko‘kka qarab kelasi oy shu kunlarda yorug‘ dunyoda bormanmi, yo‘qmanmi deyman... Oysha buvim marhum bo‘lmag‘anda shu oy ichi o‘zingiz Toshkandga yetib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz, qizingizning ko‘ngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan qo‘rqaman... Ko‘rishalmasak mendan rozi bo‘ling, dadam va boshqa yoru do‘slar ham. Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida». Kumush o‘z xatida yozg‘anidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka
tortqan, o‘n og‘izg‘a bir og‘iz so‘z qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, ya’ni mundan bir
yil burung‘icha edi. Qayin ona tarafidan «Opangning ko‘zi yorir vaqti yetdi, o‘choqboshi
ishla-ringni endi o‘z qo‘lingg‘a ol!» deb qiling‘an taklifni mamnuniyat bilan qabul etib,
hatto Oybodoq onani ham o‘choqboshi yumishidan xalos eta yozg‘an, unga faqat havli
supurish, uy yig‘ish va shunga o‘xshash mayda ishlarnigina qoldirg‘an edi. Zaynabdagi
bu o‘zgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri to‘g‘risida ham shundog‘ edi. Otabek
o‘z yonig‘a kirsa — kirdingmi demas va kirmasa — kirmading demas edi. Erining ba’zi bir
samimiyati qorong‘uroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qo‘yar
edi.