www.ziyouz.com kutubxonasi
219
Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval. Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir. Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir. Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding.
Bechora ona chidalmadi, qabrni quchog‘lab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonig‘a tiz
cho‘kib, ko‘z yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi... Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani
o‘qub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yig‘lab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda
qoldilar.
Qur’on o‘qushg‘a hech kimda majol yo‘q edi.
Qarshidag‘i binoga Yusufbek hoji tarafidan qo‘yilg‘an qori bularning holiga tushundi.
Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida o‘lturib qur’on o‘qudi. Oftob oyimning
nolasi bosilsa ham, lekin ko‘z yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda
edilar. Fotiha tortilg‘andan so‘ng qutidor va Oftob oyim qorig‘a pul berdilar. Qori
ketkandan keyin har qaysilari o‘zlarini bosib alohida-alohida qur’on o‘qub bag‘ishladilar,
so‘ngra ohista-ohista yo‘l olib qabr bilan vido’lashdilar. Go‘yo Kumush «mendan rozi
bo‘ling!..» deb onasig‘a xitob qilar, Oftob oyim orqasig‘a qaray-qaray yig‘lab kelar edi...
Otabek ularni uyga qo‘yib, qabr yonig‘a keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan
Hasanali aravani qo‘shib tayyorlag‘an, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda
Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni ko‘tarib chiqdi, keyinroq Yusufbek
hoji bilan qutidor ko‘rindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqg‘anda ko‘cha tarafdan
Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga —
«tushing otdan!» dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irg‘ib otqa mindi va qutidordan
so‘radi:
— Otni haydaymi?
Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yo‘lakda turgan O‘zbek
oyim darbozadan mo‘ralab qo‘ydi. Qutidor indamagani uchun Otabek o‘zicha otni haydab
yubordi.
— Xayr!
— Xo‘sh!
Marg‘ilong‘a jo‘naydirg‘an Hasanali gangib ko‘cha-ning o‘rtasidan hojig‘a qaradi. Hoji
yo‘lakdagi oyimg‘a yer ostidan ko‘z qirini tashladi... Otabek ortig‘a qaramasdan aravani
haydar edi...