www.ziyouz.com kutubxonasi
218
Zaynab orqag‘a tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan
belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko‘rindi.
— Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq!
«Taloq» so‘zini eshitkan Kumushning ko‘zi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji
voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi.
— Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting‘a!
Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va
onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi.
Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va
manglayini bosdi...
— Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi
va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang!
Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay,
Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam!
Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu
gal qusuq qong‘a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub
yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi,
uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi...