www.ziyouz.com kutubxonasi
212
keyin albatta O‘zbek oyim eri yonig‘a kirar, hoji bo‘lsa xotinig‘a sizsirab: «Siz ikki kelin
ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilg‘an ko‘rinasiz, ayniqsa Zaynabning ko‘ngliga
qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!» der edi. O‘zbek oyim shunday
kezlarda Kumushning yonini olib «Zaynabni xudoy ko‘tarsin, ayb o‘zida...» deya
boshlasa, hoji uning og‘zini arang to‘xtatur: «Sekin-sekin, uyat! Qayin ona deganning
adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu havasimiz emasmidi?»
Ammo nabira masalasidagi O‘zbek oyimning ba’zi bir quyushqondan tashqari
harakatlarini ham bosquchi yana hoji edi: «Zaynab bor, Zaynabni unutdingizmi. O‘z
keliningiz Zaynabni!»
Mundan o‘n besh kuncha ilgari Kumush onasig‘a bir xat yozg‘an edikim, ahamiyatiga
ko‘ra biz bu o‘rinda ko‘chiramiz:
«Onajon, kuyavingizning yozg‘anlaridan tashqari men sizga shu bilan oltinchi xat yozdim. Ammo sizdan uchta va dadamdan ikkita xat oldim. Ayniqsa dadamning keyingi xatidagi qora xabar bilan dori dunyo ko‘zimga toraydi. O‘lim haq, ammo bechora buvim jon berar ekan, yonida turib duosini olib qolmag‘anim uchun ko‘b hasrat chekdim. Ayniqsa musofirchiligim yomon asar qildi. Ko‘z yoshlarim bilan yuzimni yuvdim. Bu kun beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohig‘a atab qur’on boshladim, xatim qilib bag‘ishlayman. Xudo g‘ariqi rahmat qilsin, sizga sabr bersin. Endi musofir qizingizning baxtiga siz o‘lmang, omin. Ba’da ma’lum bo‘lsinki, alhamdulilloh kuyavingiz va qudalaringiz salomatdirlar va ularning soyalarida men qizingiz ham o‘ynab-kulib yuribman. Sizni va otamni juda sog‘indim, agarda og‘ir oyoq bo‘lmasam edi, qish bo‘lishig‘a qaramasdan Marg‘ilong‘a jo‘nar edim. Qudangiz — qayin onamning so‘ziga qarag‘anda, kelasi oyg‘a ko‘zim yorir emish. Qudangiz meni na yerga va na ko‘kka ishonadir, o‘n besh kundan beri qo‘limni sovuq suvga ham urdirmay qo‘ydi. O‘zi go‘yoki to‘yga hozir-lang‘andek beshik yasab, sarpa tikib yuriydir... Manim bo‘lsa nima uchundir yuragimda bir qo‘rquv bor... O‘tkan xatlarimda kundashim bilan mirosamiz kelishmay turganini kulguluk tarzida yozg‘an edim. Nafsilamrda ersa, oramiz juda buzilg‘an, men ham o‘shal vaqtlarda chin kundashlik to‘nini kiygan edim. Zaynabning bitmas xusumati esa g‘olibo manim ikki qatlig‘im oshkor bo‘lg‘an kundan boshlandi. Sizning boshingizdan kundashlik savdosi o‘tmagan bo‘lsa ham tushunsangiz kerak: biz ikav agar qo‘yib bersalar go‘yo bir- birimizni yeb-ichmakchi edik... U kunlardagi holimdan o‘zimga endi hisob berishka ham uyalaman... Yaxshiki, bizning mojarolardan qayin otam juda siyrak xabardor bo‘ldi. Shundog‘ ham bo‘lsa bu janjallar goho uning qulog‘ig‘a yetib qolar va biz ikki yov uning oldig‘a chaqirilib nasihatini eshitar va lekin yana yomonlig‘imizdan qolmas edik. Siz ranjisangiz ham aytay: qayin otamni o‘z dadamdan ham yaxshi ko‘raman. Bu yaxshi ko‘rishim kuyavingizning dadasi bo‘lg‘ani uchun emas, balki uning nur ichiga cho‘milg‘andek bo‘lib ko‘ringan siymosini, oyim deb xitob qilg‘andagi muloyim, beozor va muassir so‘zini yaxshi ko‘raman. Ul nasihat uchun og‘iz ochsa vujudim erib ketkandek va bir turluk uxlab huzurlang‘andek. Qisqasi, Zaynab bilan janjallashishning o‘zi bir huzur va janjaldan bo‘shalg‘ach, qayin otamning qarshisig‘a o‘lturib nasihat eshitish undan ham yaxshi huzur... Siz manim telba so‘zlarimdan achchig‘lanmang. Agar bu gapimning to‘g‘rilig‘ini bilmakchi bo‘lsangiz, Toshkand kelingizda, qayin otamning nasihatini o‘z qulog‘ingiz bilan eshiting-da, undan keyin so‘zimga qiymat bering. Shu yo‘sun Zaynab bilan uyatsizcha ko‘b olishdiq, bu it-mushuklikdan biz zerikmasak- da, kuyavingizning jonidan to‘ydirayozdiq. Mundan bir muncha ilgari ul biz ikki kundashning yuzimizga: «Agar shu holda davom etabersalaring ikavlaringga ham barobar javob berib quti-laman!» dedi. Uning bu tahdidi ikkimizga emas, balki bittamizgagina xos edi. Men bu tahdiddan albatta qo‘rqmadim, ammo «Zaynab tushunib