www.ziyouz.com kutubxonasi
211
— Dasturxonga qara, Zaynab!
— Ishtihom bo‘g‘ildi...
— Manim aytkanimni qilsang ishtihong ham ochiladir.
— Erim... erimni ko‘zim qanday qiysin.
— Javob so‘rasang, — dedi kulib Xushro‘y, — seni taloq qilish uchun eringning ko‘zi
qiyadimi?
— Bilmayman...
— Albatta yaxshi bilasan, qiyadi! Ammo sen ahmoq-san, ko‘rpangga qarab oyoq
uzatishni, qars ikki qo‘ldan chiqishini bilmaysan!
— Etagingni qoqib ketaber, deysizmi?
— Chunki shundan boshqa chorang yo‘q!
— Sen hasratda o‘l, kundashing yayrab-yashnasin, shumi maqsadingiz?
— Hozir hasratda emasmisan, kundashing yayramaydimi?
— Tuzik, — dedi Zaynab, — lekin har qadamda uning huzurini buzaman, bir cho‘qitib
o‘n qarataman.
Xushro‘y kuldi:
— Bundan nima chiqadi?
— Ishqilib kelgindini tinchitmayman.
— Sen tinchitmasang, — dedi Xushro‘y, — boshqalar seni tinchitar...
— U nima deganingiz?
— Ya’ni rohatini buzaversang, ering seni qo‘yar?..
Zaynab bu haqiqat oldida o‘ylanib qoldi. Xushro‘y o‘zining vahshiy ko‘zlari bilan
singlisiga qarab kulimsi-rar edi. Bu kulimsirash orasi «qo‘lingdan nima keladi?»
degandek bo‘lar edi. Zaynabning tusi shu choqg‘acha ko‘rilmagan ravishda o‘zgarib
ketdi. Negadir tinmay oqib turg‘an ko‘z yoshisi ham quridi va tovshida ham hanuz
eshitilmagan keskin bir ohang bor edi:
— Esimni kiritdingiz, opa, — dedi, — rahmat sizga.
— Rahmatingni menga aytma, — dedi Xushro‘y, — ishonsang yuragingga aytarsan...