www.ziyouz.com кутубхонаси
106
MIRAZIZ A’ZAM (1936) Miraziz A’zam ham bolalar, ham kattalar shoiri, ayni chog’da o‘tkir publitsist, yetuk
tarjimon hamdir. U 1936 yili Toshkentda tavallud topgan. Toshkent Davlat dorilfununini
tugatgach, Toshkent telestudiyasida, «G’uncha» bolalar oynomasida, so‘ngra «Yosh
gvardiya», G’afur G’ulom nashriyotlarida muharrir bo‘lib ishlagan. Ko‘p yillar O’zbekiston
Yozuvchilari uyushmasida maslahatchi, sarkotib yordamchisi bo‘lib ishlagan.
Uning ijodi talabalik yillaridayoq boshlangan. Uning birinchi she’ri 1960 yilda «G’alati
tush» nomi bilan chop bo‘lgan. Keyinchalik u 1972 yilda alohida kitob holida bolalarga
sovg‘a qilingan. Uning birinchi she’riy to‘plami «Metallurg» (1964) nomi bilan chop
bo‘lgan. Shundan so‘ng bolalar uchun «Aqlli bolalar» (1969, doston), «Senga nima
bo‘ldi» (1970), «Yer aylanadi» (1973), «Yerga dovruq solamiz» (1970), «Bir cho‘ntak
yong‘oq» (1990, saylanma) kabi bir qator ajoyib she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi. Ularda
bolalarning qalbi va tuyg‘ulari orqali olamni, odamni bilishga, yaxshilik bilan yomonlikni
farqlashga, halol va pokiza mehnatni ulug’lashga intiladi.
Adib kattalar uchun ham bir qator salmoqli she’riy guldastalar yaratgan. Jumladan,
«Sevaman» 1977), «Tuyg‘ular» (1980), «Sabot» (1983) kabi to‘plamlaridagi ko‘pchilik
she’rlar o‘zining hayotiy va jozibaliligi bilan o‘quvchi qalbini zabt etadi. Shoir ana shu
she’riy to‘plamlaridagi eng yaxshi she’rlarini va yangi yozilgan asarlari sarasini o‘zining
«Haqiqatning ko‘zlari» (1988) saylanmasiga jamlab, talabchan o‘quvchisiga havola etdi.
Miraziz A’zam haroratli, shijoatli publitsist hamdir. Uning madaniy-adabiy merosni
ko‘z qorachig‘idek asrashga da’vat etuvchi bir qator tarixiy-adabiy maqolalari shular
jumlasidandir.
Adib mohir tarjimon, adabiyot va madaniyatning hormas targibotchisi ham. Uning
turk, rus, nemis adiblaridan qilgan tarjimalari, ayniqsa, islom madaniyatiga oid
tarjimalari qo‘pchilik mutaxassis va oddiy o‘quvchi ixlosini orttirdi.
Miraziz A’zam ijodi gullagan, sermahsul, serfayz bo‘lishiga ishonsa bo‘ladi.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993