www.ziyouz.com кутубхонаси
108
BAROT BOYQOBILOV (1937) Talantli shoir Barot Boyqobilov Samarqand viloyati Urgut tumanida 1937 yili tug‘ildi.
U avval o‘rta maktabda, so‘ngra Alisher Navoiy nomli Samarqand Davlat dorilfununida
ta’lim oldi. Bir qator ro‘znoma va oynomalarda ishladi. Ko‘p yillar partiya rahbarlik
organlarida ham faoliyat ko‘rsatdi. U «Muloqot» oynomasining tashkilotchisi, birinchi
bosh muharriri hamdir.
Barot Boyqobilov talabalik yillaridayoq she’rlar yoza boshladi. Uning hozirga qadar
yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlari, jumladan, «Samarqand satrlari» (1962), «Visol»
(1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970),
«Sonetlar» (1971), «Samar va Qand» (1973), «Sevgi xiyoboni» (1973), «Sharqiy
kamalak» (1975), «Meni kuting, yulduzlar» (1976), «Visol va hijron» (1977), «Taburruk
zamin» (1982), «Sonetlar» (1982), «Vatan tuprog‘i» (1983), «O’zbekistonda kim sokin
yashaydi» (1990) kabi kitoblari nashr etildi.
Barot Boyqobilov o‘zbek she’riyatida sonet janrining rivojlanishiga salmoqli hissa
qo‘shib kelmoqda. Shoir o‘zi sevgan va tinimsiz mashq qilib kelayotgan sonet janrida
juda ko‘p she’rlar yaratgan va uning o‘zbek she’riyatidagi imkoniyatini ko‘rsatib berdi.
1971 yilda nashr etilgan «Sonetlar» kitobi bu fikrning yaqqol dalilidir.
Shoirning sonetlari sodda uslubda yaratilgan bo‘lsa-da, ularda muhim mavzular
yoritilgan. Vatanga muhabbat, insonning ma’naviy dunyosi, burch, sevgi, vijdon —
bularning barchasi shoirni ilhomlantirgan manbalardir.
Barot Boyqobilov o‘nlab poemalar, shuningdek, «Kun va tun», «Shukuhli karvon»,
«Yulduzli osmon», «Notinch Xuroson» kabi she’riy qissalarning ham muallifidir.
Barot Boyqobilov Sarvar Azimov ijodi haqida monografiya hamda «Ijodning yulduzli
onlari» essesini yaratgan.
U tarjima sohasida ham barakali ijod qilib jahon hamda rus klassiklarining nodir
asarlarini, zamondosh adiblarning mashhur asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib
kelmoqda.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993