15-ma‘ruza. Murakkab sintaktik birliklar (Tayanch tushunchalar: sintaktik birlik, yaxlitlanish, murakkablashish,) Reja: Murakkab sintaktik birliklar.
Murakkab qo’shma gap
Til birliklarining pog’onali munosabati o’ziga xos qonuniyatdir. Til unsurlari amalda qo’llanilganda bunga to’liq rioya qiladi. Biroq tilshunosligimizda qo’shma gap tavsifi doirasida mazkur qonuniyatga amal qilinmay kelinmoqda. Buni keyingi yillarda bajarilayotgan tadqiqot ishlarida e’tirof etishmoqda.
Darhaqiqat, tilning har qanday birligi ham o’zidan katta birlik sathida sintaktik faollik oladi. Qo’shma gap deganimizda esa, gapning gap ichida faollik olishi kuzatiladi. Bu esa, o’z navbatida, til birliklarining pog’onali munosabati qonuniyatining buzilishiga olib keladi. Shu bois ba’zi tadqiqot ishlarida «qo’shma gap» terminidan voz kechish va bu o’rinda «murakkab sintaktik qurilma» tushunchasini ilmiy iste’molga kiritish tavsiya etilmoqda.
Bizningcha, mazkur mulohaza bilan qo’shilish mumkin, zotan, murakkab sintaktik qurilma /MSQ/ matn maqomiga ega bo’lib, uning sathida ikki va undan ortiq jumlalar sintaktik faollikka erishadi va pog’onali munosabatni tashkil etadi.
Murakkab sintaktik qurilmalar ikki turli bo’lib, quyidagicha nomlanadi: 1.Teng komponentli MSQlar. 2. Tobe komponentli MSQlar.
MSQning har ikki turi ham derivatsion nuqtai nazardan transformatsiyaga asoslanadi. Biroq ularning trasformatsiyasi mushtarak xarakterli emas, zotan, teng komponentli MSQlar nisbiy mustaqil gaplardan, tobe komponentli MSQlar esa nisbiy mustaqil gap bilan tobe gapning o’zaro munosabatidan tashkil topadi.
Shuni ham aytish lozimki, sintaktik derivatsiya doirasida transformatsiya mustaqil usulni emas, balki derivatsiyaning ma’lum bir ko’rinishini taqozo etadi. Chunki ikki yoki undan ortiq gaplarning transformatsiya qilinishi natijasida yangi struktura – MSQ shaklidagi derivat (hosila) vujudga keladi:
Shu-shu gap chindan ham yigitlarga ko’chdi-yu, osmonda yongan g’uj-g’uj yulduzlarga tikilib yotib uxlab qolishdi (O.Yoqubov).
Uning bu harakatida ajablanadigan hech narsa yo’q, chunki avlod-ajdodi temirchi bo’lib o’tgan (SH.Rashidov).
Keltirilgan misollarning birinchisida teng komponentli MSQ derivatsiyasi ikki mustaqil gapning transformatsiya qilinishi natijasida voqelanmoqda. Bu jarayonda biriktiruv bog’lovchisi vazifasida kelayotgan -yu yuklamasi sintaktik derivatsiya operatori vazifasini bajarmoqda.
Ikkinchi misolda tobe komponentli MSQ derivatsiyasi voqelanib derivatsiya operatori sifatida tobe komponant tarkibida kelayotgan chunki ergashtiruvchi bog’lovchisi qatnashmoqda. Bu o’rinda ham MSQ derivatsiyasi ikki mustaqil gapning transformatsiya qilinishi natijasida vujudga kelmoqda. Biroq bunda, oldingi MSQdan farqli ravishda, transformatsiya jarayonida mustaqil gaplardan biri tobe gapga aylanmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, berilgan MSQlar tub strukturaga munosabatlariga ko’ra keskin farqlanadi. Boshqacha aytganda, teng komponentlar munosabatiga asoslanayotgan birinchi MSQ derivatsiyasi ikki tub struktura zamirida shakllanmoqda va shu bois uning har ikki komponenti ham nisbiy mustaqildir.
Aytish lozimki, tub struktura har doim mavhumlik belgisiga ega bo’ladi. Shuning uchun uni ba’zi tilshunoslar tafakkur strukturasi deb ataydilar /3, 142/. Berilgan misolda uni quyidagicha tasavvur etish mumkin: … ko’chdi, … uxlab qolishdi.
Nutq jarayonida tub strukturadagi bo’sh o’rinlar to’ldirilgach, tayanch struktura vujudga keladi va shundan so’ng sintaktik derivatsiya voqelanishi uchun imkoniyat tug’iladi /4, 11/: … gap ko’chdi, …(ular) uxlab qolishdi. Shunga alohida e’tibor berish kerakki, tayanch situktura N + V modeliga boysunadi. Agar mazkur modelga X unsuri qo’shilsa, hosila, ya’ni derivat vujudga keladi va bu jarayon sintaktik derivatsiyaning birinchi bosqichini taqozo etadi: … gap yigitlarga ko’chdi (NXV), …(ular) yotib uxlab qolishdi.
Keltirilgan MSQlarning ikkinchisining ham derivatsion tarixini shu tarzda izohlash mumkin. Lekin bu o’rinda MSQ komponentlari ikkinchisining sintaktik shakllanishi o’zi uchun emas, balki hokim gap uchun roy bermoqda. Mazkur gap hokim gapning talabiga ko’ra qo’llanilmoqda. Bu esa, o’z navbatida, tobe komponentli MSQ derivatsiyasi hokim gapning tub strukturasiga tayanishini ko’rsatadi: …yo’q (V) --- …hech narsa yo’q (N+V) ---
ajablanadigan hech narsa yo’q (XNV) --- … bu harakatida ajablanadigan hech narsa yo’q (X1X2X3NV) --- Uning bu harakatida ajablanadigan hech narsa yo’q (X1X2X3X4NV) - gap qolipidagi derivat.
Ko’rinadiki, sintaktik derivatsiya tayanch strukturaga asoslanib, uning har bir bosqichida X unsurlar soni ortib boradi. MSQning ikkinchi komponenti esa ana shu hosilani mazmuniy jihatdan to’ldirish maqsadida vujudga keladi va pirovard natijada tobe komponentli MSQ derivatsiyasi voqelanadi.
Yuqoridagi misollar tahlilidan MSQ derivatsiyasi o’z komponentlarining tayanch strukturalariga asoslanishi xususida xulosa chiqarish mumkin. Biroq buni nisbiy tushunmoq lozim. Chunki tayanch struktura tub struktura zamirida vujudga keladi. Demak, MSQ derivatsiyasi komponentlarining tub strukturalariga asoslanadi, zotan, tayanch struktura tub strukturasiz hech qachon shakllana olmaydi