6. Amir Doniyol va Shohmurodlar davrida amirlik. Muhammad
Rahimbiyning o‘limidan so‘ng (1758) hokimiyat tepasiga uning amakisi Doniyolbiy
keldi. U ham taxtga rasman soxta xon o‘tkazish va uning nomidan davlatni
boshqarish yo‘lini tutdi. Dastlab, Muhammad Rahimning olti yoshlik nabirasi Fozil
to‘rani, so‘ngra ashtarxoniylar sulolasi vakili – Abulfayzxonning nabirasi
Abulg‘ozini (ba’zi manbalarda Xorazm xonlari naslidan) taxtga o‘tqazib, ular
nomidan davlatni boshqardi.
Doniyolbiyga ham eski siyosiy muammolar – ayrim amirlarning itoatsizligi
meros bo‘lib o‘tdi. Mirza Abdulazim Somiyning yozishicha, “bir yildan keyin uzoq
viloyatlar – O‘ratepa va Hisordagi ayrim isyonkor va g‘alayonchilar itoatkorlik
yo‘lidan chiqdilar”. Markazlashtirish siyosatidan norozi mahalliy hukmdorlarning
noroziligi avjiga chiqdi. Xususan, Muhammad Rahimbiyning o‘limidan xabar topgan
Hisorga ko‘chirilgan kenegas, yuz, bahrin, burgut va saroy urug‘i boshliqlarining
norozilik chiqishlari tez-tez sodir bo‘lib turdi. Ular o‘n ming lashkar to‘plab, poytaxt
24
shaharga keldilar. Ark himoyasi kuchaytirildi va qo‘shin to‘plana boshlandi.
Doniyolbiy ular bilan shayx Mahdumi A'zamning avlodi Is’hoqxoja orqali
muzorakaralar olib borishga harakat qildi. Qo‘zg‘olonchilar o‘z yo‘lidan qaytmadilar.
Mamlakatni markazlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan hunarmand va savdogarlar
qo‘zg‘olonchilarga faol qarshilik ko‘rsatdilar. Qo‘zg‘olon bostirilsada, ularning
rahbarlari, xususan, qo‘zg‘olon ko‘targan turli urug‘lar boshliqlari goh Samarqand,
goh Miyonqol, goh Shahrisabz, goh Hisorda g‘alayonlarni davom ettirdilar. Bu
harakatlar Doniyolbiyni urug‘ va qabila boshliqlari bilan hisoblashishga majbur etdi.
Buni quyidagi ma'lumot tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, Rossiya hukumati tomonidan
Buxoroga savdo shartnomasini tasdiqlash taklifi yuborilganida, Doniyolbiy bu
masalani 92 ta qabila boshliqlari bilan maslahatlashishi kerakligini bildirgan edi.
Ayni paytda boshqaruv tizimida turli mansablarni egallagan mang‘it urug‘i
vakillarining beboshligi chegaradan chiqdi. O‘sha davr muarrixining qayd qilishicha,
ular qo‘llariga nima ilinsa, uni o‘ziniki deb bilganlar. “Bevaning shamchirog‘idan
olov, vaqf omboridan bug‘doy o‘g‘irlab”, ularni o‘zlariniki deb hisoblaganlar. Hech
kimda ularni javobgarlikka tortishga jasorat yetishmagan. Amirlar va hokimlar
orasida sharob ichish va shariat tomonidan man etilgan o‘yinlarni o‘ynash keng rasm
bo‘lgan edi. Ahmad Donishning yozishicha, mamlakat aholisi va uning quyi
qatlamlari oluk va soluq, aminona, vakilona kabi soliqlardan erkin “harakatlanish va
erkin nafas olish” imkoniga ega emas edilar.
Isyonlar va o‘zaro kurashlar, ko‘pgina amaldorlarning o‘zboshimchaligi
ma’naviy hayot va madaniyatga katta zarar keltirdi. Ahmad Donishning
ko‘rsatishicha, Doniyolbiy hukmronligi davrida Buxoroda “davlat va din”ning o‘zaro
kelishmovchiligi yuzaga keldi. “Ko‘pgina madrasa va masjidlarda mashg‘ulotlar va
namoz o‘qish to‘xtab qoldi. Madrasa hujralari suv tashuvchi eshaklar uchun
og‘ilxona va baqqol bug‘doyi saqlanadigan omborga aylandi”, – deb yozadi muallif.
Donyolbiy otaliq (1758-1785) hukumronligining oxirgi yillarida davlat
ishlaridan chetlashib mamlakatda tartibsizliklar, og‘ir soliqlar natijasida xalqning
ahvoli og‘irlashishi mamlakatda noroziliklarning kuchayib ketishiga sabab bo‘ladi.
Bu paytlarda Doniyolbiy keksayib, davlatni boshqarishga qiynalib qolgandi. Bundan
foydalangan ba'zi yirik amaldorlar xizmat mansabini suiiste'mol qilib, aholiga
nisbatan zulmni behad kuchaytirib yuboradi. Ayniqsa, Davlat qo‘shbegi va qozikalon
Sayyid Nizomiddinxo‘ja sitamlari haddidan oshib ketadi. Ayni paytda, xalqning
noroziligi ham kuchayib boradi. Bu holdan, albatta, Doniyolbiy ham xabardor edi.
Bir kuni Shohmurod otasining oldiga xufiyona kiradi va butun mamlakat Davlat
qo‘shbegi tasarrufiga o‘tib qolgani hamda xalq xonavayron bo‘layotgani to‘g‘risida
so‘zlab: “Endi bunga na iloj va na tadbir qilursiz?” – deya arz qiladi. Otasi: “Bu
ahvolni men ham fahmlab turibman, lekin biron chora ko‘rishdan ojizman”, – deb
javob beradi. Shunda Shohmurod bu muammoni hal qilishni o‘z zimmasiga oladi.
25
Manbalarda ta'kidlanishicha, u Qo‘qondan elchi kelganini bahona qilib qo‘shbegini
saroyga mashvarat uchun chaqirtiradi. Saroydagi maxsus xonalardan birida uni jallod
kutib turardi. Shu tariqa Davlat qo‘shbegi qornidan chavaqlanib o‘ldiriladi. Oradan
ko‘p o‘tmay qozi Sayyid Nizomiddinning boshiga ham shu kun tushadi. Rivoyat
qilishlaricha, mazkur qozi mamlakatda shar'iy qonunlarning buzilishi va
poraxo‘rlikning avj olishiga sababchi bo‘lgan ekan. Xullas, ushbu zolim amaldorlarni
qatl etish voqeasi xalq orasida Shohmurodning obro‘sini oshirib yuboradi.
Doniyolbiy oliy hukmdor bo‘lgach o‘g‘li Shohmurodni Samarqandga hokim
etib tayinlagan edi. U Samarqandga kelganida shahar xarob ahvolda bo‘lgan. Ijtimoiy
sharoitning og‘irligidan aholi nihoyatda kamayib, shahar qishloq darajasiga tushib
qolgan ekan. Uning fidoyiligi va jonbozligi tufayli Samarqandga qaytadan fayz
kiradi. U turli joylardan aholini ko‘chirib kelib, shahar gavjumlashadi, iqtisodiy va
madaniy ahvol ancha tiklanadi. Shohmurod, ayniqsa, ilm-fanga jiddiy e'tibor qaratadi.
Xaroba holiga tushib qolgan Shayboniyxon va Xoja Ahror Valiy madrasalarini qayta
tiklaydi.
Manbalarda aytilishicha, Amir Doniyol ibn Xudoyorbiy 75 yil umr ko‘rdi.
Uning 12 o‘g‘il farzandi bo‘lib, hammasidan Amir Shohmurodbiy farosatli, aqlli va
taqvodor edi. U 1785-yil 10-iyunda Buxoro taxtiga o‘tirgan.
Ya’qub Doniyol Buxoriyning yozishicha, Amir Doniyoldan Amir Shohmurod,
Sultonmurod qo‘shbegi, To‘xtamish qo‘shbegi, Fozilbiy, Darveshbiy, Mahmudbiy,
Umarbiy, Rustam miroxo‘r, Rajab Alibek, Muhammad Yusufbek, O‘ljabek,
Muhammad Ya’qub Buxoriy (shu misralar muallifi) ismli o‘n ikki nafar o‘g‘il
farzand qoladi (“Tarixi Turkiston” asarida 11 nafar deb keltirilgan).
Doniyolbiyning katta og‘li Amir Shohmurod (1742-1800) manbalarda Amiri
Kabir, Amiri Ma’sum, Amiri G‘oziy, Amiri Jannatmakon, Amiri Valiy va Ikkinchi
Umar kabi faxrli nomlar bilan atalgan.
Mang‘itlar sulolasining yirik vakillaridan biri hisoblangan Amir Shohmurod
hokimyat tepasiga kelgach o‘zidan oldingi “soxta xon”larni va xon unvonini bekor
qilib o‘zini “Amir” deb e’lon qiladi. Amirlik unvoni ilgari asosan qo‘shin boshliqlari
va joylardagi turli harbiy vakillarga berilgan bo‘lsa, Muhammad Rahimbiy davriga
kelib amir unvoniga ega bo‘lgan bironta mansabdor shaxs qolmagan, ushbu unvon
ilgari amalda bo‘lgan amir-beklik unvonidan farqli o‘laroq, xalifalik maqomi “Amir
ul-mo‘minin” sifatida talqin etilgan edi. Shohmurod davlat boshlig‘i – amirlik
unvonini ta'sis etar ekan, ushbu unvonning o‘zbek va mo‘g‘ul urug‘lari an’analari
bilan emas, balki shariyat qoidalari asosida yuzaga kelganini asoslab beradi va shu
davrdan boshlab mamlakat rasman Buxoro amirligi deb atala boshlanadi.
Amir Shohmurod faoliyatining ilk yillarida Eron shohi Nodirshoh afshorning
harbiy yurishlari natijasida bosib olingan Amudaryoning chap sohilidagi mulklarni
qayta qo‘lga kiritib, amirlikka bo‘ysindiriladi. Ya’ni, 1788-yil Buxoro amirligi
tarkibiga mashhur Chahor viloyat (To‘rt viloyat) bo‘lgan Andxo‘y, Shibirg‘on,
26
Saripul, Oqcha viloyatlari qaytariladi. Buxoro amirligiga markazi Marv bo‘lgan
hozirgi Turkmanistonning yirik hududlari ham kiritildi.
Shohmurod shaxsiyatida hukmdor va so‘fiy sifatlari mujassamdir. Muarrixlar
ta'biri bilan aytganda, u “so‘fiy tal’at, darvesh surat” kishi edi. U Samarqand
hokimligi mansabida uzoq vaqt turmagan bo‘lsa kerak. Chunki ba’zi tarixiy
manbalarda hammollik bilan kun kechirgani yozib qoldirilgan.
Shohmurodbiy tariqatda mujaddidiya-naqshbandiya sulukida bo‘lib, ilk
murshidi oxund Muhammad Safar Xorazmiy bo‘lgan. Shohmurod shayx Safarning
huzuriga borganida unga dastlab unchalik ro‘yxushlik bermaydi. Bo‘lajak
shogirdini: “Sen zolim va zolimzodadirsan. Shayx xizmati va bu yo‘ldagi riyozatga
qanday toqat qilursan?” – deb qarshilaydi. Biroq uning qarori qat'iy edi. U tanlagan
yo‘lidan qaytmasligiga shayxni ishontiradi va shu kundan xalqning nazarida eng
past kasb bo‘lgan hammollik bilan kun kechira boshlaydi. Otasi Doniyolbiy bir
necha bor uni bu yo‘ldan qaytarishga urinadi. Unga hatto davlat xazinasidan maosh
tayinlaydi. Ammo u barcha imtiyozlarni rad etadi. Taniganlar uni devona bo‘lgan
deb gumon qiladi. Lekin hammollikning og‘ir mehnati uni katta siyosatdan
chetlashtirib qo‘ymagan. Aksincha, u oddiy xalq hayotini yaqindan ko‘rib-bilib,
uning og‘ir mashaqqatlarini chuqurroq xis etadi.
Markaziy hokimiyatni mustahkamlagan Amir Shohmurod ichki va tashqi
siyosatida muhim o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Uning hukmronligi davrida
moliyaviy, ma’muriy, qozi hakamlar va harbiy sohalarida islohotlar o‘tkazildi. O‘rta
Osiyo davlatlariga tahdid qiluvchi va o‘sha vaqtda siyosiy jihatdan birmuncha
zaiflashgan Eron davlatiga harbiy yurishlarni amalga oshirdi. 1789-1790-yillarda
Marvda hukronlik qilayotgan eronlik Bayramaliga qarshi kurashib, o‘ziga
bo‘ysundirdi va 30 mingdan (ayrim manbalarda yuz ming) oshiq marvlik shia
mazhabidagilarni Buxoro va Samarqandga ko‘chirdi. Bundan tashqari, amir
Shohmurod Ahmadshoh Durroniy (1747-1773) davrida bosib olingan Balx,
Maymana, Andxud mulklari uchun afg‘on hukrdori Temurshoh (1773-1793) bilan
kurash olib bordi va natijada sulh shartnomasi imzolandi.
Amir Shohmurodning amalga oshirgan islohotlari va qo‘lga kiritgan
muvaffaqiyatlari aka-ukalar o‘rtasida dushmanlik munosibatlarini vujudga kelishiga
olib keldi. Sadriddin Ayniyning ma’lumot berishicha, Amir Shohmurod ibn Doniyol
otaliq mang‘itlarning uchinchi amiri hisoblanadi. Doniyolbiy otaliqning Shohmurod,
Mahmud, Umar, Fazl, Sultonmurod, Rustam, Kenjaali, Yoqub, Tuxtamish, Darvesh
va Rajabali kabi o‘g‘illari bo‘lishiga qaramay Doniyolbiyning vasiyatiga ko‘ra
Shohmurod hokimiyat teppasiga keldi.
Amir Shohmurod hukmronligi davri Buxoro davlati tarixi taraqqiyotida
muhim o‘rin tutadi. U bebosh amaldorlar va urug‘ boshliqlarini jazolagach, o‘zining
10 nafar ukalarining har biriga bittadan viloyat hokimligini topshirgan. Davlat tizimi
va ijtimoiy hayotda shar’iy qonunlar mustahkamlanib, mamlakatda tartib-intizom
qaror topadi.
27
Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida keltirilishicha, Shohmurod yoshligida
bir necha yil Mir Arab madrasasida tahsil oladi. U boshqa fanlar qatorida tasavvuf
ilmini ham o‘rganadi va so‘fiyona turmush tarzi uning hayotiga aylanadi. U Buxoro
madrasasida “Hidoya”, Bayzoviyning “Kitob usul ad-din” asaridan hamda
Shotibiyning asarlari va unga yozilgan sharhlardan dars bergan. Shohmurodning
o‘g‘li Miriyning yozishicha, Shohmurod “Shotibiya” va uning sharhlarini yoddan
bilgan. Shuningdek, u qiroat, hadis va fiqh ilmlari bilimdoni bo‘lgan va umrini
talabalarga dars berishga saflab, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Amir Shohmurod
madrasa talabalariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan nafaqa (stipendiya)
to‘lashni joriy etgan. Amir Shohmurod islom shariatiga oid “Fatoviyi ahli Buxoro”
(“Fatoviyi Amiriy”) nomli kitob tartib etgan. Ammo bu fatvolar to‘plamini to‘liq
kitob holiga keltirishga ulgurmadi. Otasining vafotidan so‘ng o‘g‘li Amir Haydar
mazkur kitobni oxiriga yetkazdi.
Amir Shohmurod 1800-yil 30-noyabr oyiga vafot etgan. “Muntaxab at-
tavorix” asari muallifi Muhammad Hakimxon to‘ra amir Shohmurodning vafoti
sababini uning Xo‘jandga amalga oshirgan navbatdagi harbiy yurishi bilan bog‘lab
shunday ma'lumotni keltiradi: “Shohmurodbiy boshiga yana Xo‘jandni bosib olish
hoyu – havasi tushib, katta qo‘shin bilan viloyat kelinchagi tomon yo‘naldi. Bir necha
masofani bosib o‘tgach, ul shaharni uzukning qoshidek o‘rtaga oldi. Xudoyorbiyning
to‘ng‘ich o‘g‘li Bekmurodbiy o‘qu tufang otishga mashg‘ul bo‘ldi. Uch kundan so‘ng
Shohmurodbiy Xo‘qand tomondan vahimaga tushib, qaytib ketdi. Ammo,
Xo‘jandning xosu omi va qishloqlarini talon – toroj qilib, aholisini Samarqandga
ko‘chirib ketdi. Tun yarmidan oqqanda esa Shohmurodbiy u yerdan ham ko‘chib,
Jizzaxga keldi. Uning oldida mash'allar yoqib borishardi. Shohmurodbiy Xo‘janddan
ko‘chirib keltirgan odamlarini Samarqandda joylashtirdi va ularni Samarqandni obod
qilish ishlariga buyurdi. O‘zi esa Buxoro tomonga qaytdi. Bu so‘fi sifat amirning
karomatli va odatdan tashqari ishlaridan biri shu bo‘ldiki, o‘sha Xo‘jand safaridan
qaytishda kasalga chalingach, ko‘rgan odamiga qarab “bizning ishimizni valiylar
sultoni Muslihiddin Xo‘jandiy (XIII asrda yashagan shayx va olim) bir yoqlik qildi.
Tag‘in xudo biladi-yu, bu kasaldan tuzalmasam kerak”, degan ekan. Ittifoqan, bir
necha kundan so‘ng, 1212-yili (1800) haqning chaqiruv xitobiga “labbayka” deya
javob berdi”.
Manbalarda aytilishicha, Amir Shohmurodning uch nafar xotini bo‘lgan.
Shamsiya bonu binti Abulfayzxon (1711-1747) – shahzoda Amir Haydarning onasi.
Amir Haydar esa to‘ng‘ich farzand. Bibi Otun binti G‘ani mahdum – undan Mir
Husayn va Bibi Robiya dunyoga kelgan. Mir Husayn amirning kenja o‘g‘li edi.
Uchinchi xotinining nomi hozircha ma’lum emas. U Barot to‘qsaboning qizi edi.
Barot to‘qsabo Amir Shohmurodbiyning otasi Doniyolbiyning ukasi edi. Undan
Dinnosirbek tug‘ilgan. Mazkur shahzoda Marv shahri hokimi bo‘lgan. Uning yana
bir qizi bo‘lib, nomi ma’lum emas.
28
Amir Shohmurod davlat tepasiga kelsa-da, uning shaxsiy turmush tarzi
deyarli o‘zgarmay qoladi. Tariqat yo‘lida sobit turib, faqirona umr kechirishda davom
etadi. U bir yilda bitta oddiy ko‘ylak, bitta olacha chopon va bitta ishton kiygan.
Boshiga bo‘z salla o‘rardi. Oyog‘iga echki terisidan tikilgan saxtiyon maxsi va
kavush kiygan. Egnidagi poʻstinining narxi ikki tangadan oshmagan. Hamma
libosining narxi 10 tanga atrofida edi. O‘sha davr iqtisodiy hayotidan qiyoslab
ko‘rishimiz mumkinki, Buxorodagi Abdullaxon madrasasi talabalarining oylik
stipendiyasi 15 tanga bo‘lgan. Uning odatiy ovqati arpa non, atala va yovg‘on sho‘rva
edi. Pichoq qini yasab tirikchilik qilardi. Har kuni juzya solig‘idan bir tanga olib
oilasi zaruratiga ishlatgan. Tarixiy manbalarda uning oddiy odamlardek faqir va
kamtarona hayot kechirganligi to‘g‘risida ko‘plab ma'lumotlar uchraydi.
Ahmad Donish o‘zining asarida quyidagicha tariflaydi: “Amir
Shohmurodning kundalik yeydigan taomlari quruq non va bir kosa suv bo‘lgan”.
Boshqa bir tarixchi Muhammad Hakimxon to‘ra “Shohmurodbiyning yeydigan
taomlari kishi yeydigan darajada bo‘lmay, o‘t-o‘lan, sut-qatiq va dukkakli
o‘simliklar bilan taomlangan” ligini qayd etadi. U har o‘n besh kunda bir marta
juz'i jon (g‘ayridinlardan olinadigan to‘lov) solig‘idan yig‘ilgan mablag‘ hisobidan
chorak go‘sht olib, o‘z ayoliga nafaqa qilar edi. Davlat amaldorlari va avomning
to‘ylariga bormas, hadyalar qabul qilmas edi. O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan
vengiryalik sayyoh A.Vamberi o‘zining “Buxoro yohud Movarunnahr tarixi”
asarida ushbu hukumdor to‘g‘risida ba’zi salbiy fikrlar yozgan bo‘lsada, uning
oliyjanobligini ham tan olgan. Amiri Ma’sum otasidan qolgan merosdan voz
kechib: “Ommaga xayr tarqatuvchilarga beringlar, meros moli bilan qo‘limni kir
qilishni xohlamayman, bu mollar kimlardan yig‘ilgan bo‘lsa, shularga qaytarilsin,
iloji boricha mukofot tarzida berilsin” deydi va keyin otasining hukumronlik
davridagi falokatlar uchun butun xalqdan uzr so‘radi.
Amir Shohmurod hukmdor bo‘lishiga qaramay oddiy turmush tarzini ma’qul
bilar, o‘zi uchun kundalik xarajati bir tangadan oshmagan, yeb ichishi oddiy bo‘lgan,
o‘z sharafiga turli dabdabali tadbirlar uyushtirishga yoʻl qo‘ymagan. Shuning uchun
ham oddiy xalq uni “Amiri ma’sum” ya’ni “begunoh amir” deb atashgan.
Muhammad Hakimxon to‘ra Amir Shohmurodning shaxsiy hayoti va
fazilatlari haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Alqissa, Shohmurodbiy valna’mi
(arabcha, valine’mat “muruvvat ko‘rvatuvchi”) Buxoroga yetgach, bir necha kun yo‘l
xordig‘ini yozib dam olib, davlat yumishlari va xalqning arzu dodini so‘rash ishlari
bilan mashg‘ul bo‘ldi. Aytishlaricha, bayt-ul-mol, ya’ni davlat xizinasidan o‘zining
shaxsiy ehtiyojlari uchun bir fulus ham xarj qilmas ekan. …Aytibdilarki, bir gal
Samarqandga kelganida bir necha kun o‘sha viloyatda qolib ketibdi, sarflaydigan
xarajat puli tugabdi va bisotida bitta po‘stinidan bo‘lak biron narsasi qolmabdi.
Noiloj, o‘sha po‘stinini sotish uchun bozorga berib yuboribdi. Po‘stinning xaridori
topilmabdi. Nihoyat, deyarli tekin bahoda, aniqrog‘i, yarim dirhamga sotib qaytishga
majbur bo‘lishibdi. Sotib olgan xaridor kambag‘al bir mullo kishi bo‘lib, ertasi kuni
29
po‘stinni qaytarib olib kelib, “po‘stinning aybi bor ekan, savdoni bekor qilaman,
olmayman”, debdi. Shohmurodbiy valna’mi “nima aybi bor ekan?” deb so‘rabdi.
Haligi odam “butun dunyoning biti shu po‘stin ichiga yig‘ilgan ekan. Kechasi
tanimda bir misqol ham et qolmasligiga sal qoldi” debdi. Mullo bu po‘stinning
Shohmurodbiyga tegishli ekanidan xabari yo‘q ekan. Valna'mi rosa qotib kulibdi va
nihoyati, ikkalasi ham qozi huzurida cho‘kka o‘tirib, qozi hukmini so‘rashibdi. Qozi
yarim tanga arzon tushirib, po‘stinni mulloga sotish bo‘yicha qaror chiqarmoqchi
bo‘libdi. Ammo, mullo bunga ko‘nmabdi va “bu po‘stindan bezor bo‘lganman, bir
fususga ham olmayman, pulimni qaytaring” deya oyoq tirab olibdi. Valna'mi esa
olishini so‘rayveribdi. Chunki po‘stindan qo‘lga kiritgan kechagi ikki tangani ishlatib
bo‘lgan, yonida mulloga qaytarib berish uchun boshqa puli yo‘q ekan. Xullas, ancha
tortishuvlardan so‘ng mullo rozi bo‘libdi va valna'mi mojarodan qutilibdi.
Aytishlaricha, Eron yurishidan qaytayotgan mahal bisotida biron tanga pul qolmagan
bo‘lib, Buxoroga yaqin yerda qorni ochiqibdi va doimgidek, so‘fiylar ravishi
bo‘yicha, haloldan luqma yeyishga odatlangan valna'mi oyog‘idagi juft kovushni
yechib, baqqolga beribdi va evazigi biror yegulik olib, tanovul qilibdi. Buxoroga esa
oyog‘ida kovushsiz kirib boribdi”.
Amir Shohmurod faoliyatiga oid yuqoridagi so‘zlarning tasdig‘i sifatida
1794-yili Rossiyadan Buxoroga kelgan T.Burnashev o‘z esdaliklarida shunday
yozadi: “Uning saroyida zarracha dabdaba yo‘q edi. Faqat ikkita xotini bo‘lib, kun
kechirishlari uchun nihoyatda kam pul xarj qilinardi. Shu sababli ular tinimsiz turli
qo‘l mehnati bilan mashg‘ul bo‘lardi va tirikchiligi shundan edi. U hech kimnikidan
farq qilmaydigan oddiy kiyim kiyardi. Uning odatiy ovqati non va suv edi. Xalq
unga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lardi. Uni Muhammad shariatiga
haqiqiy amal qiluvchi va hatto avliyo darajasida bilishardi”.
Amir Shohmurodning xalqparvar siyosati uning atrofidagi amaldorlarning
ishini mushkullashtirgan. Natijada, amirga qarshi turli fitnalar ham uyushtirilgan.
Muhammad Hakimxon amir Shohmurodga nisbatan muvaffaqiyatsiz amalga
oshirilgan suiqasd haqida quyidagi ma'lumotni keltiradi: “Aytishlaricha, inilari unga
nisbatan xoinlik yo‘lini tutibdilar va akasini o‘ldirish maqsadida ikki nafar battol
nomusulmonga ko‘p narsalar va'da qilib, ularni ayollar qiyofasida Arkka
yuboribdilar. Ul tarror (firibgar, kazzob, aldoqchi) haromilar bir yo‘l bilan haram
ichkarisiga kirib olishibdi va saroy ahli yurish-turushdan tinchigach, ul ikki it siyrat
Shohmurod valna’mi uxlab yotgan joyiga kelib, duch kelgan yeriga pichoq ura
boshlabdi va shu zayl tani-badanini ilma-teshik qilib, yaralashibdi. Ammo, hazrati
vojibi taoloning o‘zi qarovchi-yu, saqlovchi bo‘lsa va qazo yetmagan esa qilich ham
ish bermaydi, deganlaridek, valna'mi tirik qolibdi. Qonxo‘rlar ishni bitkizgan
hisoblab, topshiriq bergan mirlar yoniga qaytib kelishibdi va Buxoro saltanati qo‘lga
kirgani bilan tabriklashibdi. Mirlar esa “valna’mining boshi qani?” deya so‘rashibdi.
Jallodlar “ming jonidan bittasi ham qutulmadi, boshini so‘rab nima qilasiz”,
30
deyishibdi. Mirlar orasidan Sultonmurod qo‘shbegi esa “bularning ishi xom bo‘lib
chiqmasa go‘rga edi” deya tashvish bildiribdi. ... Biror fursatdan so‘ng valna’mi
ko‘zini ochibdi va “dushmanlar mening ishimni bir yoqlik qilishdi sizlar esa bir balo
qilib, meni paxtaga o‘rang va tashqariga olib chiqing, odamlar mening tirikligimni
ko‘rishsin, bo‘lmasa ish qo‘ldan chiqadi”, debdi. Saroy ahli buyruqni u aytgandek
qilib bajarishdi va tong otgach, bu xabar butun shahar bo‘ylab yoyildi. Bu qabih ishni
qilgan inilar esa valna'mining sog‘-omonligini bilib, chuqur o‘y girdobiga botishdi.
Shohmurodbiy ukalari oldiga odam yuborib, shunday deb ayttirdi: “Sizlar pastkash
bir dunyo uchun undan ham pastkashroq ishga qo‘l urdingiz. Ammo, biz bunday
razillikni qilmaymiz, balki shafqat va marhamatni afzal bilamiz. Ko‘nglingizga biron
yomon fikr va gumon kelib o‘tirmasin”. Ukalari valna'mining bu so‘zlarini eshitgach,
o‘zlarining Buxoroda qolishini or-nomus yuzasidan ep ko‘rmay, har biri bir tarafga
bosh olib ketishdi. Chunonchi, Sultonmurod qo‘shbegi haj irodasini qilib, yo‘lda
olamdan o‘tdi. Mahmudbiy Xo‘qand sari yo‘l oldi”.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Amir Shohmurod hukmdor, katta bir
davlatning rahbari edi. Tarixchi olim Abdusattor Jumanazar ta'biri bilan aytganda, “u
xorijlik sayyohlar kelib tomosha qiladigan ulkan inshootlar qurdirmagan. Ammo o‘z
davrida buyuk e’tiqod, mustahkam imon binolarini barpo qilgan edi”. Amir
Shohmurod hukumronligi davrida Buxoro amirligi gullab-yashnadi, nisbatan tinchlik-
osoyishtalik hukm surdi. Amir bir tomondan, o‘zining buyuk e’tiqod va mustahkam
iymoni bilan, ikkinchi tomondan esa mamlakatni markazlashtirish, ijtimoiy, iqtisodiy,
madaniy hayotni ko‘tarish vazifasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, davlat rivoji va
xalq ravnaqini ta'minlagan, yurt obodonchiligiga katta e’tibor qaratgan, ijtimoiy
adolatsizliklarga barham bergan islohotlari bilan chinakam adolatli va xalq suygan
hukumdorga aylana oldi.
Dostları ilə paylaş: |