16
janglarda qatnashadi).
Shu tariqa, mang‘it ulusida No‘gay O‘rdasi nomini olgan
mustaqil davlat paydo bo‘ladi.
XV asr oxiri – XVI asr boshida mang‘itlar Shayboniyxon
bilan birga
Movarounnahrga kirib keladi. Mang‘itlarning kichikroq qismi XVI asr boshida aka-
uka shayboniylar Elbars va Bilbars qo‘shini tarkibida Xorazmda ham o‘rnashadi. Shu
tariqa, mang‘itlar ikki o‘zbek davlati – Buxoro va Xorazm xonliklari tashkil topishida
qatnashadi.
Manbalarda
aytilishicha, mang‘itlar dastlab Shayboniyxon davrida, 1500–
1501-yillarda kelgan ekan. Shayboniyxon halok bo‘lgach (1510), ular
Movarounnahrni tark etib, Dashti Qipchoqqa qaytganlar. Ikki yildan so‘ng
Ubaydullaxon (1533-1540) bilan yana Movarounnahrga qaytib kelganlar. Dashti
Qipchoqda mang‘itlar urug‘i sardori Numonbiy bo‘lgan. Uning vafotidan so‘ng o‘g‘li
Abduqutluqbiy el oqsoqoli bo‘lgan. Uning vafotidan so‘ng esa o‘g‘li Musobiy, uning
vafotidan so‘ng o‘g‘li Jonibiy, undan so‘ng o‘g‘li Davlat mirza oqsoqol bo‘lgan.
Jonibiyning ikki o‘g‘li bo‘lib birinchisi Davlat mirza, ikkinchisini Qurbon mirza
bo‘lgan. Jonibiy shu davrda el ulusi bilan Ubaydullaxon (1533-1540) bilan birga
Movarounnahrga kelib Samarqandning Konigil qo‘rug‘iga joylashgan. U paytda
mang‘it urug‘iga kenagas, jiyut va quramaning ba’zilari hamroh bo‘lgan. Ularning
oqsoqollari Davlat mirza edi. Uning vafotidan so‘ng undan ikki o‘g‘il qolgan. Biri
Xo‘jamberdibiy, ikkinchisi Saidollabiy. Ularning har ikkisi ham Langarga borib
Pirim Shayx Azizonga murid bo‘lib, Konigildan ko‘chib Qashqa daryosi bo‘yiga
borib o‘rnashganlar (
Mang‘itlarga Qarshi vohasi ulus qilib beriladi. Ko‘plab
mang‘itlar vohada o‘rnashadi. Bir-ikki asrdan so‘ng ular Qarshi shahrining asosiy
aholisiga aylanadi). To‘qmang‘it jamoasi Saidollobiy naslidan, Amirlar (Buxoro
amirlari, mang‘itlar) jamoasi esa Xo‘jamberdibiy naslidandir. Shu tariqa,
Xo‘jamberdibiyning o‘g‘li Bekberdibiy, uning o‘g‘li Chovushbiy, uning o‘g‘li
Keldibiy, uning o‘g‘li
Xudoyqulibiydir. Aynan, Xudoyqulibiydan boshlab mang‘itlar
xonlikning eng yuqori lavozimlariga ko‘tarila boshladilar.
Mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan muarrix Ya’qub Doniyol Buxoriyning “Gulshan
ul-muluk” asarida mang‘itlar haqida shunday yoziladi: “Mang‘itlar hozir 12000 (
asar
1828-yil yozilganligini hisobga olisak, shu davrlar nazarda tutilmoqda. – A.Z.) uylik
bo‘lib bir necha urug‘larga bo‘linadi (to‘qmang‘it, qoramang‘it, oqmang‘it va h.k.):
Birinchisi,
to‘qmang‘it, ular 1000 uylik kishi bo‘lib, ular [ham] 4 firqaga bo‘linadi.
Birinchi firqa
sultonlar, ular 300 uylik. Sultonlar firqasining o‘zi ham 2 firqadir.
Birinchisi –
bekjami, amirlar (Buxoro amirlari) shu firqadan. Ular 200 uylik kishi
bor. Ikkinchisi –
boyjami. Ular mang‘it akobirlari bo‘lib, 100 uylik kishi bor”
Ashtarxoniylar boshqaruvining Subhonqulixon (1681-1702) davrlaridan
boshlab
Buxoro hokimiyatining ichida ham ba’zi beklarning, xususan, mang‘it urug‘i
sardorlarining nufuzi nihoyatda ortib ketadi. Sekin-asta Xudoyqulibiy mang‘it
17
xonadonidan bo‘lgan amaldorlar nufuzining ortib borishi ham Abulfayzxon
hokimiyatini zaiflashtirgan. Xudoyqulibiy Subhonqulixon davrida Kesh viloyatining
e’tiborli kishilaridan biri bo‘lib, to‘qsoba amalida edi. Ubaydullaxon uni devonbegi
mansabiga ko‘taradi va Shahrisabz viloyatiga hokim etib tayinlaydi.
U mazkur
viloyatda 10 yil hokimlik qiladi. Xudoyqulibiy Abulfayzxon davrida vafot etgan.
Uning otaliq lavozimini esa to‘ng‘ich o‘g‘li Xudoyorbiy egallaydi. Qarshidan turib
mang‘itlar Buxorodagi siyosiy o‘yinlarda qatnashishga harakat qilgan. Lekin
iyerarxiyada qatag‘on, olchin, nayman kabi urug‘lardan pastroqda turar edi. XVIII asr
boshida vaziyat o‘zgaradi. Mang‘itlar oqsoqoli Xudoyorbiy 1712-yili Buxoro xoni
Abulfayzxonning otalig‘i vazifasiga tayinlanadi. U 1718-yili Chiroqchida olamdan
o‘tadi. Undan so‘ng otaliq lavozimini o‘g‘li Muhammad Hakimbiy egallaydi.
“Gulshan ul-muluk” asarida aytilishicha, “
Xudoyorbiy vafotidan so‘ng uning
o‘g‘li Hakimbiyni xon qoshiga keltirib parvonachi amalini olib berib, Shahrisabzga
yuborganlar. Ammo kenagaslar xon bergan amalga e’tibor qilmay o‘z jamoalaridan
Ibrohimbiy kenagasni hokim qilib olganlar. Xudoyorbiy xon yoniga [qaytib] kelib
devonbegi unvonini olgan. Shahrisabzliklar esa uni yana qabul qilmaganlar. So‘ng u
bir muddat Chiroqchida turgan. Kenagas va qoramang‘itlar elati Hakim devonbegini
xonga yomonlab Xudoyorbiy otaliqni Chiroqchidan chaqirtirib olganlar”. Shu tariqa,
Buxoro xonligida (
keyinchalik, amirlikda ham) mang‘it-kenagas raqobati uzoq yillar
davomida xonlikning tinkasini quritadigan urushga aylanib ketgan. Bu, shundoq ham
inqirozga uchrayotgan xon hokimiyatni
yanada zaiflashtirib, qabila sardorlari
nufuzining ortishiga, Abulfayzxonning ular ta’siriga tushib borishiga olib keldi.
Shuni ta’kidlash joizki, otaliq lavozimida ham man’g‘it-kenagas raqobati
kuzatilgan. Chunonchi, Ibrohimbiy kenagas otaliq davrida Doniyol saroy (urug‘)
otaliq Buxoroga kelib xonning yaqin odamiga aylangan. Mang‘itlarning katta qismi
Qarshiga ketdi, lekin Xudoyorbiyning o‘g‘li Muhammad Hakim devonbegi esa
Buxoroda, xon saroyida qoldi. Doniyol otaliq vafotidan so‘ng otaliq amali,
Shahrisabz, Samarqand va Miyonkol hukumati Ibrohimbiy kenagas otaliq qo‘liga
o‘tdi.
Manbalarda aytilishicha, Hakimbiy otasi vafotidan so‘ng Buxorodan
Ibrohimbiy kenagas otaliq xizmatiga Shahrisabzga kelgan. XVIII asrning 20-yillarida
Ibrohimbiy kenagas Abulfayzxonga qarshi isyon ko‘targanda Buxoroga, xon oldiga
borib otaliq mansabiga ko‘tarilgan va shundan keyin nufuzi kundan kunga oshib
borgan. Chunonchi, 1733-yil unga Qarshi hukumati berildi
.
Muhammad
Hakimbiy
Abulfayzxon hukmronligi davrida davlat hokimiyatiga qarshi chiqqan
qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashda bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Bundan
ijobiy tarzda foydalangan Muhammad Rahim davlat hokimiyatini egallashga
qaratilgan faoliyatini mustahkamlay borgan.
Xudoyqulibiyning to‘rtinchi o‘g‘li Xudoyor otaliq bo‘lib, uning besh o‘g‘li
bo‘lgan: Hakim otaliq, Shukurbiy,
Bahodir parvonachi, Iskeldibiy, Doniyolbiy.
Hakimbiy otaliqdan to‘rt o‘g‘il qolgan: Badalbiy, Muhammad Rahimbiy,
Yovqoshtibiy, Barotbiy.