Byudjet tizimi byudjetlarining balansliligi va o`zaro bog`liqligi prinsipi – byudjet tizimi byudjetlarida nazarda tutilgan xarajatlar hajmi ularning daromadlari va qoplash manbalari yig`indisining hajmiga muvofiq bo`lishi kerak. Bu prinsip byudjet tizimi tuzilmasidagi har bir byudjet(respublika byudjeti, mahalliy byudjetlar)ning moliyaviy jihatdan barqaror bo`lishini, shu bilan birga byudjet ijrosida daromad va xarajatlarning yuzaga kelishi mumkin bo`lgan nomutanosibligi byudjetlararo transfertlar mexanizmlari yordamida tekislanishi lozimligini nazarda tutadi, ya‘ni byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va ijro etishda ularning mablag`lari mazkur byudjetlarning balansliligini ta‘minlash uchun turli darajadagi byudjetlar o`rtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
Byudjet tizimi byudjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish prinsipiga ko`ra byudjet tizimi byudjetlarini tuzishda byudjet tasnifiga muvofiq daromadlar ularning aniq manbalari bo`yicha prognoz qilinadi, xarajatlar esa yo`nalishlar bo`yicha rejalashtiriladi.
Byudjet tizimi byudjetlari mablag`laridan foydalanishning aniq yo`naltirilganligi va maqsadlilik xususiyati prinsipibyudjet tizimi byudjetlarining mablag`lari muayyan byudjet tashkilotlari va byudjet mablag`larini oluvchilarga ushbu mablag`lardan aniq belgilangan maqsadlarni moliyalashtirishda foydalanish uchun ajratiladi. Tasdiqlangan byudjetda nazarda tutilmagan yoki byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga kiritilmagan yoxud byudjet tasnifida ko`zda tutilmagan maqsadlarga xarajat qilinishiga yo`l qo`yilmaydi.
Byudjet tizimi byudjetlarining mustaqilligi prinsipi har bir byudjet o`z daromad manbalariga ega ekanligi, xarajat yo`nalishlarini belgilashda mahalliy hukumat organlari ma‘lum xarajat vakolatlariga ega ekanliklari, mahalliy byudjetlarni tasdiqlash, shuningdek, ijrosi yuzasidan hisobotlarni ko`rib chiqish va tasdiqlash vakolatlari mahalliy boshqaruv organlariga berib qo`yilganligi bilan izohlanadi.