Byudjet tizimi byudjetlari mablag`laridan foydalanishning natijadorligi prinsipi byudjet jarayoni ishtirokchilari byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va ijro etishda o`zlariga berilgan vakolatlar doirasida o`z byudjetlarining belgilangan hajmdagi mablag`laridan foydalangan holda muayyan natijaga erishish zaruriyatidan kelib chiqadi. Bu prinsip ―natijaga yo`naltirilgan byudjetlashtirish‖ talablaridan kelib chiqqan holda Byudjet Kodeksiga kiritilgan bo`lib, byudjet xarajatlarini amalga oshirishda bevosita rejaning bajarilishiga emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta‘minlash maqsadida xarajatlarning natijaviylikka yo`naltirilganligi bilan izohlanadi.
Kassaning yagonaligi prinsipi byudjet tizimi byudjetlarining barcha daromadlari Moliya vazirligi G`aznachiligining Yagona g`azna hisobvarag`iga kiritilishini va ularning barcha xarajatlarini to`lash ushbu hisobvaraqdan amalga oshirilishini nazarda tutadi. Ushbu prinsipning amal qilishi davlat byudjeti mablag`larining hajmi va harakati to`g`risida tezkor axborotlarga ega bo`lish, byudjet mablag`larini samarali boshqarish, vaqtinchalik kassaviy uzilishlarning oldini olish, byudjet ijrosining operativ joriy nazoratini amalga oshirish imkonini beradi.
Byudjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi byudjet jarayonining har bir ishtirokchisi byudjet jarayonining har bir bosqichida o`z harakatlari uchun javobgar bo`lishini nazarda tutadi, chunki davlat byudjetining shakllanishida jamiyatning ko`pchilik a‘zolari – yuridik va jismoniy shaxslar bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi, keng jamoatchilikning mablag`lari evaziga shakllangan moliyaviy resurslarning maqsadga muvofiq ishlatilishi uchun javobgarlik iqtisodiy, ma‘muriy (ayrim hollarda jinoiy) huquq normalari bilan tartibga solinadi.
10. Ochiqlik prinsipi davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarini ko`rib chiqish hamda qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini, tasdiqlangan davlat byudjeti to`g`risidagi axborotning ommaviy axborot vositalarida va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e‘lon qilinishini, byudjet ijrosining borishi to`g`risidagi axborot ommaviy axborot vositalarida davriy ravishda chop etib borilishini, shuningdek Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi va yangilab borilishini anglatadi.