Moliya yili - birinchi yanvardan o‘ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oluvchi davr.
Moliyaviy tizim – davlat va korxonalar pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish shakllari va metodlari tizimi.
Moliyaning funksiyalari – moliya mohiyatining amalda namoyon bo‘lishi. Uning taqsimlash va nazorat funktsilari mavjud.
Moliyaviy resurslar – davlat va korxonalar pul mablag‘lari maqsadli fondlarining majmui. Ular o‘sishining asosiy sharti milliy daromadning ko‘payishidir. Mamlakatning moliyaviy resurslari Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tuziladigan yig‘ma moliyaviy balansda o‘z ifodasini topadi. U o‘z ichiga davlat byudjet tizimi, hukumatning nobyudjet fondlari va turli mulkchilik shaklidagi korxonalarning (amortizatsiya va ularning ixtiyoriga qoladigan foyda summasi) resurslarini qamrab oladi.
Moliyaviy apparat– moliyaviy boshqaruvni amalga oshiruvchi organlar. O‘zbekistonda ularning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasining Oliy majlisi va uning ikki (Senat va Qonunchilik) palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va ularning joylardagi quyi organlari, turli mulkchilik shakllaridagi korxonalarda moliyani operativ boshqarish funksiyasini amalga oshiruvchi moliyaviy bo‘limlar va boshqarmalar va h.k.lar kiradi.
Moliyaviy bozor– qisqa, o‘rta va uzoq muddatli kreditlar hamda fond qimmatlari, ya’ni, aksiyalar obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlarning boshqa ko‘rinishlari bozori. Birlamchi moliyaviy bozorda yangi qimmatli qog‘ozlar chiqariladi, ikkilamchi moliyaviy bozorda esa, oldin chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarning qayta sotilishi sodir etiladi.
Moliyaviy nazorat- moliyaviy boshqaruv tizimining elementlaridan biri, barcha iqtisodiy subyektlarning (davlat, hududiy-ma’muriy bo‘linmalar, korxona va tashkilotlar) moliyaviy faoliyati moliyaviy-xo‘jalik qonunchiligiga rioya etilishi, amalga oshirilgan xarajatlarning maqsadga muvofiqli, moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining iqtisodiy samaradorligi ustidan amalga oshiriladigan qiymatiy nazoratning alohida sohasi.