Moliya va soliqlar


Soliq solish maqsadida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda quyidagilar tushuniladi



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə143/214
tarix24.10.2022
ölçüsü0,93 Mb.
#66084
1   ...   139   140   141   142   143   144   145   146   ...   214
Moliya va soliqlar

Soliq solish maqsadida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda quyidagilar tushuniladi:
-qurilish, qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun — o‘z kuchlari bilan bajarilgan, tegishincha qurilish, qurilish-montaj, ta’mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar. Bunda, agar yuqorida qayd etilgan xizmatlarni materiallar bilan ta’minlash majburiyati shartnomaga binoan buyurtmachining zimmasida bo‘lsa, ushbu materiallarga bo‘lgan mulk huquqi buyurtmachining o‘zida saqlanib qolgan taqdirda, o‘z kuchlari bilan bajarilgan xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar bajarilgan hamda tasdiqlangan xizmatlarning buyurtmachi materiallarining qiymati kiritilmagan holdagi daromadi sifatida belgilanadi;
-mol-mulkni moliyaviy ijaraga (lizingga) beruvchi yuridik shaxslar uchun — moliyaviy ijara (lizing) bo‘yicha foizli daromad summasi;
-vositachilik va topshiriq shartnomalari hamda vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga oid boshqa shartnomalar bo‘yicha vositachilik xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar uchun — ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq summasi;
-tovarlarni (xizmatlarni) tekin beruvchi yuridik shaxslar uchun — agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlarning (xizmatlarning) tannarxi yoki ularni olish bahosi (tovarni olish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olgan holda). Mazkur norma ekologiya, sog‘lomlashtirish hamda xayriya jamg‘armalariga, madaniyat, sog‘liqni saqlash, mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport, ta’lim muassasalariga bepul beriladigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi;
-notijorat tashkilotlarining tijorat faoliyatidan olgan va soliq solish belgilangan (soliq kodeksi 318-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilmagan) daromadlari.
Soliq solish obyekti bo‘lib quyidagilar ham hisoblanadi:
1) tovarlarni (xizmatlarni) quyidagilarga:
a) ishtirokchilar tarkibidan ishtirokchi chiqqan (chiqib ketgan) taqdirda yoxud uning yuridik shaxsdagi ulushi kamaytirilganda yoki yuridik shaxs tomonidan ishtirokchidan uning ushbu yuridik shaxsda ishtirok etish ulushi (ulushning qismi) qaytarib sotib olinganda ushbu ishtirokchiga berish;
b) yuridik shaxs bo‘lgan emitent tomonidan aksiyadordan ushbu emitent chiqargan aksiyalar qaytarib sotib olinganda aksiyadorga berish;
v) yuridik shaxs tugatilganda aksiyadorga yoki ishtirokchiga berish;
2) tovarlarni (xizmatlarni) jismoniy shaxs mehnatiga haq to‘lash hisobidan yoki dividend to‘lash hisobidan berish;
3) tovarlarni yoki boshqa mol-mulkni qayta ishlab berish uchun berish, agar tovarlar va (yoki) mulk qayta ishlash mahsuloti sifatida shartnomada belgilangan muddatda qaytarilmagan bo‘lsa;
4) ko‘p marta aylanadigan, sotuvchiga qaytarilishi shart bo‘lgan idishlarni, agar idish mahsulotni shunday idishda yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatda qaytarilmagan bo‘lsa, berish.
Tovarlarni (xizmatlarni) olish huquqini taqdim etuvchi vauchyerlarni realizatsiya qilish yoki bepul berish mazkur tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi.
Uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha daromadlar ushbu Kodeksning 303-moddasida nazarda tutilgan tartibda jami daromad tarkibiga kiritiladi.
Balansning valyuta hisobvaraqlarini qayta baholash chog‘ida kursdagi ijobiy va salbiy farqlar o‘rtasidagi saldo soliq solish obyekti deb e’tirof etiladi. Kursdagi salbiy farqning summasi kursdagi ijobiy farq summasidan ortiq bo‘lgan taqdirda oshib ketgan summa aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarishda soliq bazasini kamaytirmaydi.
Soliq to‘lovchilar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoxud qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lash davrida aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tguniga qadar olingan daromadlar jami daromadga kiritilmaydi.
Soliq Kodeksida belgilangan aylanmalar va daromadlar asosida (SKning 463-moddasiga muvofiq holda) hisoblab chiqarilgan jami daromad aylanmadan olinadigan soliq bazasi deb e’tirof etiladi (SKning 464-moddasi). Bundan quyidagilar mustasno:
1) O‘zbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha daromadlar;
2) soliq agentida soliq solinishi lozim bo‘lgan dividendlar;
3) qaytariladigan ko‘p marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan bo‘lsa;
4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qo‘shimcha baholashda olingan, oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar;
5) hisobot yilida aniqlangan o‘tgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular shakllangan davrdagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar bo‘yicha qayta hisob-kitob o‘tkazilganligi inobatga olingan holda soliq solinadi;
6) tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilishdan olingan daromadlar, agar tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilishdan olingan daromadlar umumiy daromadning 15 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etsa.

Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   139   140   141   142   143   144   145   146   ...   214




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin