Otga bog‘lanib, uning miqdorini, sanog‘ini, tartibini; otga bog‘lanmagan holda mavhum miqdor tushunchasining nomini bildirgan so‘zlar turkumi son deyiladi.
Sonlar harf bilan yoziladi (besh, etti) yoki arab raqami (2, 7, 8), rim raqami (V, VII, XXI) bilan ko‘rsatiladi. Son quyidagi xususiyatlarga ega:
Son boshqa so‘z turkumidan yasalmaydi. Son yasovchi qo‘shimchalar ham mavjud emas. Sonda so‘z yasalishi yo‘q.
Sonning ma’no turlari va modal shakllari maxsus affikslar qo‘shish bilan yasaladi: uchta, oltov.
Son o‘zicha turlovchi affikslarni qabul qilmaydi, sifatlovchi olmaydi, o‘zi otning sifatlovchisi bo‘lib keladi.
Son miqdor tushunchasining nomini anglatganda va otlashganda kelishik, egalik affikslarini qabul qiladi, ot bajargan vazifada keladi: Sakkiz ikkiga teng bo‘linadi.
Son hisob so‘zlari-numerativlar bilan ham qo‘llanadi. Son gapda aniqlovchi bo‘lib keladi. Sonlar ma’no va grammatik xususiyatlariga ko‘ra dastlab ikkiga bo‘linadi: 1) miqdor son; 2) tartib son.
Miqdor sonlar narsa-buyumni sanash, donalash, taqsimlash yoki taxminlab ko‘rsatish uchun qo‘llanadi. Miqdor sonlar quyidagi xususiyatlari bilan tartib sonlardan farqlanadi:
-miqdor sonlar o‘ziga xos morfologik ko‘rsatkichlarga ega. Tartib sonlar -(i)nchi orqali yasaladi;
-miqdor sonlar hisob so‘zlari (numerativlar) bilan birga qo‘llanadi. Tartib sonlar numerativlar bilan qo‘llanmaydi;
-miqdor sonlar juftlashib keladi, tartib sonlar juft holda kelmaydi;
-miqdor sonlar birikma holda (uchdan bir) ishlatiladi; tartib sonlar birikma holda kelmaydi.
-miqdor sonlar -lar affiksini olib, taxminiy miqdorni bildiradi, tartib sonlar, -lar affiksini olib otlashadi: Birinchilarga mukofot beriladi. Miqdor sonlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
sanoq son: donalab ko‘rsatish, sanash, taqsimlab ko‘rsatish