Ash’ariy ta’limotining asoschisi Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ishoq ibn Solim ibn Abdulloh ibn Muso Abu Muso Ash’ariydir (873-941)
O‘z zamonasining taniqli olimlari Abu Ishoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh ilmini o‘zlashtirgan, Zakariyo ibn Yahyo Sojiydan Hadis ilmini o‘rgangan.
U umri davomida yuzga yaqin asarlar yozgan bo‘lib, ulardan «al-Fusul fiy ar-radd ala-l-mulhidin», «ar-Rad ala-l-mujassama», «Iyzohul burhon fiy ar-rad ala ahluz zayg‘ vat tug‘yon», «an-Naqs alal Juboiy», «Maqolotul mulhidin», «Tafsiru Abul Hasan», «Imomatu Abu Bakr Siddiq» kitoblari ilm ahlining nazariga tushgan.
Abul Hasan Ash’ariy
Imom Ash’ariy aqiydaviy dalil-isbot keltirishda naqldan va aqldan foydalanib, aqliy va mantiqiy dalillardan hujjat sifatida foydalanadi. Shuningdek, falsafiy masalalardan ham o‘z o‘rnida iste’foda etganiga duch kelish mumkin. Chunki Ash’ariy mo‘taziliy, faylasuf, qarmatiy, botiniy, rofiziy va boshqalarga raddiyalar bergani bilan aqida ilmi sohasida tanilgan allomalardan biridir.
Abul Hasan Ash’ariy ahli sunnat va jamoaning ash’ariya e’tiqodiy ta’limotini tarqatayotgan vaqtda Samarqandda Abu Mansur Moturidiy ham moturidiya ta’limotiga asos solgan edi.
Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy bir vaqtda yashab, bir-birlari bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, ularning aqidaviy qarashlari deyarli bir xil. Bu ikki alloma qarashlarida ayrim masalalarda lafziy ixtiloflar ko‘zga tashlansa-da, ularning asl maqsadi bir-biridan farq qilmaydi.
Ikki ta’limot orasidagi ba’zi ixtiloflar lafziy bo‘lib, mohiyatan bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bu ikki alloma o‘zaro bir-birini adashganlikda yoki bid’atchilikda ayblamaydi hamda o‘zaro bir-birlarini «ahli sunna val jamoa» deb e’tirof etadilar.
Ash’ariy va moturidiylik orasidagi asosiy farq imon masalasiga borib taqaladi. Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, imon til bilan iqror bo‘lib, dil bilan tasdiqlashdan iborat, ammo amal imon tarkibiga kiritilmaydi. Ash’ariylikda esa, imonga amalni ham qo‘shiladi. Shu sababdan moturidiylik tarqalgan yurtlarda imon keltirgan kishi musulmon hisoblanadi, ammo amal qilmagani uchun gunohkor bo‘ladi, deb yuritiladi.