inson hayot muhitni muhofaza qilishda xalqaro hamkorlik
Texnosfera - o`tmishda biosferaga taalluqli bo`lgan keyinchalik insonlar tomonidan moddiy,ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini yanada yaxshilash maqsadida to`g’ridan-to`g’ri yoki sirtdan texnik vositalar bilan ta`sir etgan hududdir. Texnosfera insonlar tomonidan texnik vositalar yordamida yaratilgan shaharlar, qo`rg’onlar, qishloq aholi punktlari, sanoat va korxonalar zonasi band etgan hududlar hisoblanadi.
Inson hayot faoliyati jarayonida nafaqat tabiiy muhit bilan balki, ijtimoiy muhit deb ataluvchi odamlar ommasi bilan ham uzluksiz aloqada bo`ladi. Insonni ijtimoiy muhit bilan aloqasi tug’ilishni davom ettirishda, bilim va tajribalar almashishda, ma`naviy ehtiyojlarini qondirishda, intellektual qobiliyatlarni oshirishda foydalaniladi va shakllanadi.
Zamonaviy industrial jamiyatda inson atrof-muhit komponentlari (biosfera, texnosfera va ijtimoiy muhit) bilan o`zaro ta`sirda bo`ladi. Ya`ni, inson tabiiy atrofmuhitga uzluksiz ta`sir etsa, o`z navbatida biosfera va insonning ehtiyojlaridan kelib chiqib uning uzluksiz jismoniy va aqliy faoliyatining mahsuli bo`lgan texnosfera va ijtimoiy muhit ham insonga to`g’ridan to`g’ri yoki sirtdan doimiy ta`sir etadi. Yuqorida qayd etilganlar asosida quyidagicha xulosa chiqarish mumkin: zamonaviy inson uni o`rab turgan atrof-muhitning tashkil etuvchilari ya`ni, tabiiy, texnogen (texnosfera) va ijtimoiy muhit bilan uzluksiz o`zaro ta`sirda bo`ladi; XIX asr oxiridan boshlab XX asr davomida va hozirgi davrda ham texnosfera va ijtimoiy muhit uzluksiz rivojlanmoqda, bunga ushbu sohada inson faoliyati orqali o`zlashtirilgan ulushlarni oshib borayotganligi isbotdir; Texnosferani rivojlanishi tabiiy muhitni o`zgartirish hisobiga amalga oshmoqda. Zamonaviy hayotda insonlarning ijtimoiy mavqelarini yuksalishi bilan birga ularning tinchligiga, sog’ligiga va mehnati xavfsizligiga xavf soladigan omillar soni ham ortib bormoqda. Ma`lum sharoitda ularni insonlarning ruhiy holatiga, sog’ligiga salbiy ta`sirini ko`rsatishi hammaga ma`lum. Shu sababli insonlarni nafaqat ularning aqliy yoki jismoniy mehnat faoliyati davomida balki, yashash joyida, yo`lda va barcha holatlarda xavfsizligini, yaxshi kayfiyatini, mehnat qobiliyati va ish unumdorligini taminlash, sog’ligi haqida qayg’urish masalalarini ijobiy hal etish juda dolzarb masalalardan biridir.
Qayd qilingan masalalarni ijobiy hal etishda hayot faoliyati xavfsizligi fanining o`rni, uning nazariy ma`lumotlari bilan bo`lajak mutaxassislarni qurollantirish, muammolarni ijtimoiy hayotda mumkin qadar ijobiy hal etilishiga yordam beradi.
Mustaqil O`zbekiston Respublikasining rivojlanish sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish zamonaviy dolzarb muammolardan biriga aylandi. Bizning davlatimiz uchun milliy xavfsizlik masalalari ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish muammolari bilan bevosita bog`liq ekanligini I.A.Karimov o`zining «O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida, xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida chuqur tahlil qilib o`tgan. Tabiatni muhofaza qilish, odam faoliyatining tabiatga salbiy ta`sirini ogohlantirish, binobarin, qonunshunoslik, tashkiliy, sanitar-gigienik, muhandis-texnik va boshqa biologik sistemalarga antropogen ta`sirni kamaytirish yoki ogohlantirish tadbirlari tuzishdan iborat.
Mavjud sharoit tanlangan yangilanish yo`lining oddiy emasligini, katta muammolar, qiyinchiliklar yo`li ekanligini ko`rsatadi. O`zbekistonda yashab turgan barcha xalqlarning hayotiy sharoitlarini ta`minlashga qaratilgan maqsad va vazifalar qanday hal etiladi? Va eng dolzarb qiyin masalalardan biri bo`lgan barqarorlik va xavfsizligimizga bo`lgan taxdidni etarlicha tushunib etayapmizmi? Bu tahdidlarga qarshi nima qo`ya olamiz, jamiyatimizning izchil rivojlanishi va barqarorlik sharti bo`lib nima xizmat qila oladi?
Milliy xavfsizlikka qarshi yashirin tahdidlarni ko`rib chiqar ekanmiz, ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish muammosi alohida e`tiborga molikdir. Ochiq e`tirof etish kerakki, uzoq yillar mobaynida eski ma`muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida bu muammo bilan jiddiy shug`ullanilmagan. Aniqrog`i, bu muammo ayrim jonkuyar olimlar uchungina tadqiqot manbai, o`z mamlakatlarining kelajagiga, tabiiy boyliklari saqlanib qolishiga befarq qaramagan, bu xaqda qattiq tashvish chekkan odamlarning esa «qalb nidosi» bo`lib kelgan.
Biroq, ularning vijdoniga, fuqarolik burchiga, nixoyat, aql-idrokiga da`vatlari to`ralashib ketgan sovet-partiya amaldorlarining sovuq, hatto aytish mumkinki, surbetlarcha loqaydligiga duch kelavergan. Bunga ajablanmasa ham bo`laveradi. Tabiiy va mineral xom-ashyo zaxiralaridan vaxshiylarcha, ekstensiv usulda, juda katta xarajatlar va isrofgarchilik bilan foydalanishga asoslangan sotsialistik xo`jalik yuritish tizimining butun mohiyatiga mamlakat ixtiyoridagi beqiyos boyliklarga avaylab munosabatda bo`lish g`oyasi butunlay yot edi. Aksincha, boyliklardan bunday foydalanish ikki tuzumning iqtisodiy musobaqasida mamlakatning asosiy dastagi, eksport imkoniyatlarining negizi bo`lib keldi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishdagi bosh maqsad ekstensiv omillarga qaratilgan edi. Tabiiyki, bunday sharoitda yashirin boyliklardan oqilona foydalanishni tartibga soladigan, tabiatning, atrof-muhitning himoya qilinishini kafolatlaydigan biron-bir me`yorlar va qoidalarga rioya qilish haqida gap bo`lishi mumkin ham emas edi. Tabiatni muhofaza qilish tadbirlariga arzimas darajada kam mablag` ajratilar edi.
Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat, mamlakatimiz aholisi juda katta ekologik xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo`l qovushtirib o`tirish o`z-o`zini o`limga maxkum etish bilan barobardir. Afsuski, hali ko`plar ushbu muammoga beparvolik va mas`uliyatsizlik bilan munosabatda bo`lmoqdalar.
Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachonlar milliy va mintaqaviy doiradan chiqib, butun insoniyatning umumiy muammosiga aylangan. Tabiat va inson o`zaro muayyan qonuniyatlar asosida munosabatda bo`ladi. Bu qonuniyatlarni buzish o`nglab bo`lmas ekologik falokatlarga olib keladi.
Afsuski, bu jarayonlar O`zbekistonni ham chetlab o`tmaydi. Bu yerda mutaxassislarning baholashicha, juda murakkab, aytish mumkinki, xavfli vaziyat vujudga kelmoqda.
Ekologiyaga solinayotgan xavf O`zbekiston uchun, umuman butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun naqadar yuqori ekanligini hisobga olgan holda hukumat va davlat atrof-muhitni himoya qilish, tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish masalalariga juda katta e`tibor bermoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilishni ta`minlashga qaratilgan qonun hujjatlari qabul qilindi. O`zbekiston Respublikasining tabiatini muhofaza qilish borasidagi milliy tadbirlar boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan keng va har tomonlama hamkorlik qilish ishi bilan qo`shib olib borilmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanishning turli jihatlarini tartibga soluvchi ko`plab xilma-xil xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzildi.
O`zbekiston MDH davlat boshliqlarining 1992 yil 8 fevralda imzolagan bitimiga muvofiq Kengashning to`la huquqli a`zosidir. MDH davlatlarining ana shu ekologiya Kengashi doirasidagi hamkorligi a`zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kelishib olingan, muvofiqlashtirilgan harakatlar qilish maqsadini ko`zlaydi.