Jalolquduq ( Nav.vil., Nurota t., Andijon v., sh., t.,q. ) ushbu toponimning kelib chiqishi haqida bir necha taxminlar bor :
Ushbu toponimni jarlikdagi quduq, jarlik quduq ( jarlikdagi quduq > jarlik quduq > jarquduq > jalolquduq > Jalolquduq) birikmalaridan kelib chiqqan degan qarash ham bor, ammo bu fikrga qo’shilish unchalik to’g’ri emas. Chunki toponim tarkibidagi jarlik so’zining jala yoki jalol ko’rinishiga kelib qolishi mumkin emas.
Toponim tarkibidagi jalol so’zini kishi ismiga bog’lashadi : jalol > Jalol. Ushbu taxmin ham , bizningcha , xato. Agar obyektlarga nomni kishi ismlaridan olinsa , unda hamma joyni kishi nomlari bosib ketardi. Demak, bu ikki taxmin xalq etimologiyasi .
Toponim geografik joylashuv nuqtayi nazaridan qaralganda , boshqa toponimik obyektlarga nisbatan pastlikda joylashgan. Albatta, atrofini baland baland tepaliklardan iborat turli xil obyektlarga nisbatan Jalolquduq obyektining quyilikdaligini sezish mumkin. Mazkur joy nomi ikkita ma’noli bo’lakdan tashkil topgan : jalol , quduq . Bu ma’noli bo’laklardan jalol so’zi turli fonetik o’zgarishlarga uchrab shu holga kelib , apelyativ so’z sifatida shakllangan va toponimga asos bo’lgan.
Toponim tarkibidagi birinchi morfemani kishi ismiga bog’lab qo’yish bu toponimda o’rinli emas. Ushbu apellyativ quyidagicha shakllangan: jala > jalal > jalol. So’z tarkibida l undoshi orttirilgan va undagi ikkinchi a unlisi o unlisiga almashgan: a > o. Joy nomining ikkinchi ma’noli bo’lagi bo’lgan quduq apellyativining shakllanishi uch xil ko’rinishga ega :
Bu so’z suv sol ma’nosidagi quy fe’lining qadimgi turkiy tildagi qud shakliga ug’ qo’shimchasini qo’shishdan hosil bo’lgan : qud + ug’ > qudug’ > quduq. Hosil bo’lgan so’z tarkibidagi g’ undoshi q undoshiga assimilatsiya hodisasi tufayli aylangan g’ > q;
Ushbu so’z past ma’nosidagi quyi sifatining qudi shaklidan q qo’shimchasini qo’shish bilan yasalgan : qudi + q > qudiq > quduq. Bu yerda esa i unlisi so’zga q qo’shimchasi qo’shilishi ta’sirida singarmonizm hodisasi ro’y berib , u unlisiga o’zgargan i > u ;
Mazkur so’zning yuzaga kelishiga X asrlarda ishlatilgan quzug’ so’zi asos bo’lgann: quzug’ > quduq > quduq. Bunda z undoshi d undoshiga davrlar o’tishi bilan o’zgargan z > d.
Ushbu holatlar quduq so’zining shakllanishini isbotlaydi. Quduq so’zi toponimning ikkinchi morfemasi bo’lib, turkiy so’zlar jumlasiga kiradi. Odatda quduq so’zi ikki holatda qayd qilinadi :
Cho’llarda suv uchun qazilgan gidronimik inshoot quduq;
Yer osti suvlari mo’l bo’lgani chuqurlik qazilganda tezda suv chiqib ketadigan yerlarni ham ramziy ma’noda quduq deb atash aholi nutqiga xos xususiyat.
Bu ikki hollardan so’nggisi etimologik tahlil uchun zarur dalildir. Buning sababi , toponim quyilikda , nisbatan pastlikda joylashgan. Demak, yer osti suvlari balandliklarga nisbatan bu yerda ko’proq bo’ladi. Zarurat bo’lganda quduq qazib, suv chiqarish ham mumkin.
Yer osti suvlarining bunday tez chiqishi uchun ma’lum sabablar bo’lishi ham mumkin. Mahalliy aholining aytishicha, bunday hududlarda tez tez jala yog’ib, keragidan ortiq suv yig’ilib turgan. Vaqt o’tib bu suvlarning bir qismi oqib ketgan va yana bir qismi yerga singib ketgan. Bunday holat esa jalol so’zining oldin bu shaklda bo’lmaganligini asoslab beradi. Jalol so’zi kishilar (mahalliy aholi) nutqida jala tarzida qo’llangan.
Jala so’zi turkiy so’zlardan biri. Vaqt o’tishi bilan jala va quduq so’zlari seryog’in joydagi quduq ma’nosini o’zida jamlagan holda birlashib ketgan: jala + quduq > jalaquduq. Talaffuz jarayonida birinchi so’zdagi l undoshiga mos holda shu so’zdan keyin l undoshi orttirilgan , yani ikkilantirilgan. Jala so’zining ikkiknchi bo’g’inidagi a tovushi esa o tovushiga aylangan : jalaquduq > jalolquduq. Hosil bo’lgan birikma toponimlashuv hodisasi tufayli joy nomiga ko’chgan : jalolquduq > Jalolquduq. Jala topoleksemasi ushbu toponimning toponimik asosi vazifasini bajargan. Toponimik indikator sifatida quduq so’zi ishlatilgan, ammo obyektlarning vazifasi o’zgarishi bilan quduq so’zi toponimik aniqlagich vazifasini bajarmay, jala toponimik asosiga birlashib ketgan. Natijada shahar , tuman , qishloq kabi so’zlar bu joy nomi uchun indikator vazifasida qo’llana boshlangan : Jalolquduq, Jalolquduq shahri , Jalolquduq tumani , Jalolquduq qishlog’i . Biroq bu indikatorlar kamdan kam hollarda ishlatilganligi sababli toponimning Jalolquduq ko’rinishdagi holatining ko’p qo’llanishi uchraydi. Ushbu toponim uchun etimon jala va quduq so’zlarining birlashtiruvchi ma’nolarini , ya’ni jala ko’p yoqqani uchun yer qazilganda yer osti suvlari tez chiqadigan joy ma’nosini anglatuvchi jalaquduq birikmasi hisoblanadi. Toponimning Jalolquduq bo’lib ketishi esa tilimiz tarixiy taraqqiyotining o’ziga xos mahsulidir.