Lalmikor yerlar, bahorikor yerlar — adir zonasidagi sugʻorilmay dehqonchilik qilinadigan yerlar. Lalmi dehqonchilik oʻrtacha yillik yogʻingarchilik 200 mm dan yuqori boʻlgan hududlarda tarqalgan. Tuproqda tabiiy namlikni toʻplash va uni saqlash, oʻgʻitlash, begona oʻtlarga qarshi kurash, tuproq eroziyasi oldini olish kabi tadbirlar qoʻllaniladi. Lalmikor dehqonchilik sugʻorish uchun noqulay boʻlgan yerlardan foydalanish imkonini berganligi uchun ham katta iqtisodiy ahamiyatga ega. U, asosan, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Oʻrta Osiyo, Jan. Qozogʻiston va Zakavkazyening togʻ oldi va vohalari atroflarida tarqalgan. Sugʻorish imkonining yaratilishi bilan Lalmikor yerlar sugʻoriladigan dehqonchilik maydonlarini kengaytirishda katta rezerv hisoblanadi. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida suv chiqarilgach, Lalmikor yerlarning katta maydonlari sugʻorma dehqonchilik r-nlariga aylantirildi.
Oʻzbekistonda lalmi ekin maydoni 734 ming ga, shu jumladan, uning asosiy qismi (ming ga) Jizzax (220,9), Qashqadaryo (252,0), Samarqand (175,5) viloyatlarida joylashgan. Bu yerlarning 99,8 ming ga maydoni yogʻingarchilik bilan yetarli, 553,7 ming ga maydoni yarim va 89,5 ming ga maydoni kam taʼminlangan.
Maʼlumki mamlakatimizda lalmikor ekin maydonlar 757 ming gektardan oshiqroqni tashkil etadi. Bu yerlardan 130 ming gektari yogʼinlar bilan taʼminlangan maydonlardir.
Dehqon va chorvadorlarimiz sugʼoriladigan yerlar bilan birgalikda mazkur maydonlardan ham foydalanib kelishmoqda. Kelgusida lalmi maydonlar dehqonchiligi yangi texnika va texnologiyalarni, qurgʼoqchilikka chidamli ekinlar navlarini joriy qilish orkali yanada rivojlantiriladi, albatta.
Respublikamiz lalmikor dehqonchiligi ob-havo, tuproq unumdorligi va o’simliklar dunyosi vertikal zonallik qonuniyatiga asosan o’zgarib boradi hamda tuproq va iqlim sharoitlariga ko’ra quyidagi mintaqalarga bo’linadi;
Tekislik lalmikor mintaqa. Bu mintaqa nam bilan taminlanmagan dengiz sathidan 200-450 metr balandlikda joylashgan. Yillik yog’ingarchiliklar miqdori 280 mm dan oshmaydi. Bu mintaqa Forish (shimoliy qismi), Yangiobod (shimoliy va shimoliy sharqiy qismi), Nurota (shimoliy, janubiy-g’arbiy qismi), G’uzor (g’arbiy qismi) tumanlarni o’z ichiga oladi. Bu mintaqada boshoqli don ekinlarining bahorgi va yozgi vegetasiyasi davomida kuchli havo va tuproq qurg’oqchiligi (garmsel) yuzaga kelishi sababli qurg’oqchilikka chidamli ekin arpani yetishtirish maqsadga muvofiq.