1.2-§. Tumanning tabiiy sharoiti va resurslari, ularning ijtimoiy - iqtisodiy ahamiyati Tabiiy resurslar bir vaqtning o‘zida tabiatning bir qismi sifatida, iqtisodiy faoliyat elementi va inson muhitining tarkibiy qismi sifatida harakat qilib dunyoning har bir burchagida ular butunlay boshqacha tabiiy sharoitlar, ya’ni iqlimi, relyefi, tabiiy resurslari har xil, hayvonlar va o‘simliklarning miqdori boshqacha tarkib topgan. Yuqorida aytilganlarning barchasi ma’lum bir hududning tabiatining shakllanishiga ta’sir qiladi. Muayyan hudud aholisi, sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanishi tabiiy sharoitga bog‘liq. Tabiiy sharoit» - biron bir ob’ektga aloqador bo‘lgan tabiatning barcha jihatlarini o‘ziga qamrab olgan bo‘lib, juda keng ma’noga ega tushuncha. Mantiqiy yondashuv sharoit nimaga taalluqli ekanligini aniq ko‘rsatilishini, ya’ni «sanoatni rivojlantirishning tabiiy sharoiti», «dehqonchilikni rivojlantirishning tabiiy sharoiti», «temir yo‘l qurilishining tabiiy sharoti», «inson hayotiy faoliyatining tabiiy sharoiti» va h.k. tarzda ifodalashni talab qiladi. Demak, «tabiiy sharoit» tushunchasini insonni qandaydir faoliyati bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etish maqsadga muvofiqdir. «Tabiiy resurslar» tushunchasi «tabiiy sharoit» tushunchasiga nisbatan tor ma’noga ega bo‘lib, u tabiat bilan inson faoliyati o‘rtasidagi aloqani bevosita ifodalaydi.
Tabiiy resurslar esa tabiiy sharoitning bir turi sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, «tabiiy sharoit» inson hayoti va faoliyatini belgilab beruvchi, lekin ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan tabiat elementlaridir. Tabiiy sharoit va moddiy resurslar majmuasi jamiyat taraqqiyotining tabiiy-moddiy omillari hisoblanadi. Respublika hududining uchdan bir qismini tashkil etuvchi tog‘ va tog‘oldi zonalari mamlakatning sharqi va janubi-sharqida joylashgan. O‘zbekistonning tog‘li qismi g‘arbiy Tyanshan va Hisor-Oloy tizimlariga taalluqli.
O‘zbekistonning eng baland joyi Xazrati Sulton cho‘qqisi - 4643 mga teng. Tog‘lar oralig‘ida juda katta miqyosdagi botiqlar, jumladan Farg‘ona vodiysi, Toshkent-Mirzacho‘l tekisligi, Sanzor-Nurota botig‘i, Zarafshon vodiysi, Surhondaryo va Qashqadaryo botiqlari joylashgan. Farg‘ona vodiysi juda katta tog‘ oralig‘i botig‘idir. U g‘arbdan sharqqa 370 kmga cho‘zilgan, kengligi 190 kmga yetadi. Uch tarafdan tog‘lar bilan o‘ralgan faqat g‘arb tomondan (Xo‘jand darvozasi joylashgan) ochiq. O‘zbekiston - serquyosh respublika. Quyoshning nur sochish soati yiliga mamlakat shimolida 2700 soatdan - 2980soatgacha, janubida 2800 - 3130 soatgacha o‘zgarib turadi. Taqqoslash uchun shuni aytish lozimki, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich O‘rta Osiyoga xos ko‘rsatkichning 70-80 %nitashkil etadi, xolos. Bu jihatdan O‘rta Osiyo, aniqrog‘i O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarining janubida joylashgan Kaliforniya shtati raqobatlashishi mumkin.
O‘zbekiston o‘z yer osti boyliklari bilan xaqli suratda faxrlanadi bu yerda mashhur Mendeleyev davriy sistemasining barcha elementlari topilgan. Hozirga qadar 2,7 mingdan ziyod turli foydali qazilma konlari va ma’dan namoyon bo‘lgan istiqbolli joylar aniqlangan. Ular 100 ga yaqin mineral - hom ashyo turlarini o‘z ichiga oladi. Shundan 60 dan ortig‘i ishlab chiqarishga jalb etilgan. 900 dan ortiq kon qidirib topilgan bo‘lib, ularning tasdiqlangan zaxiralari 970 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.
Shu bilan birga, umumiy mineral - xom ashyo potensial 3,3 trillion AQSH dollaridan ortiq baholanayotganini ham aytib o‘tish kerak. O‘zbekiston quvvati katta, tabiiy manbalari xilma-xil turlarga va ulkan zahiralarga ega bo‘lgan yoqilg‘i energetika sanoatiga ega. Respublika yoqilg‘i balansida neftning salmog‘i sal kam 10 foizni, tabiiy gaz salmog‘i - 85 foizdan ortiqni, ko‘mirning salmog‘i salkam 5 foizni tashkil etadi. Respublika sanoati yalpi mahsulotida yoqilg‘i energetika kompleksining salmog‘i 1999 yilda 28,9 foizni tashkil etdi va 1995 yilga nisbatan 9,7 foizga ko‘paydi.
Mamlakatmiz metall qazilmalarga ayniqsa, rangli metallar rudalariga boy. Bu o‘rinda oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, ruh, mis hamda yer bag‘rida kam uchraydigan metallar zahiralari juda katta ekanligini aytib o‘tish zarur. Qimmatbaho rangli va radioaktiv metallar tarkibida birga uchraydigan foydali komponentlar sifatida kamyob va nodir elementlarning kattagina miqdordagi zahiralari jamlanganki, bu ularning qiymatini ancha oshiradi. Mamlakatimiz oltin, uran, mis, volfram, qo‘rg‘oshin, ruh va shu guruhlarga kiruvchi boshqa eng muhim foydali qazilmalarning tasdiqlangan zahiralari va ularning ko‘paytirish istiqbollari bo‘yicha nafaqat MDҐ mamlakatlari o‘rtasida, balki butun dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Masalan, oltinning tasdiqlangan zahiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rinda, uni qazib chiqarish bo‘yicha 7-o‘rinda turadi.
O‘zbekiston dunyoda ulkan oltin resurslariga ega bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi, 41 ta oltin koni, shu jumladan 33 ta oltin-ma’dan koni qidirib topildi. Yevrosiyo qit’asida eng yirik hisoblangan Muruntov koni jahondagi ulkan konlar qatoriga kiradi. Samarqand viloyatida oltin ma’danli Zarmiton va boshqa oltin konlari axtarib topildi. Shu konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderda dunyoda katta nufuzga ega bo‘lgan Avstraliya kompaniyasi g‘olib deb topildi. Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinida infratizimi yuksak darajada rivojlangan Qizilolmasoy va Ko‘chbuloq konlari topildi. Endilikda, ushbu konlarda cheklangan hajmda qazib chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Pop tumani asosan Sirdaryoning o’ng qirg’og’i, Farg’ona vodiysining shimoliy g’arbiy qismini egallaydi. Tuman hududi Qurama tog‘ tizmasining sharqiy va Chotqol to‘g‘ tizmasining janubiy qismida joylashgan. Tuman hududining 70 % dan ko‘progi tog‘ va tog‘oldi hududlaridan tashkil topgan. Bu yerda adir mintaqasi qo‘shni tumanlarga qaraganda keng tarqalgan va u bog‘dorchilik, uzumchilik hamda chorvachilik uchun qo‘lay. Shu jihatdan Pop tumaning yer fondi ham kattaroq. Uning shimoli-g‘arbiy qismi baland tog‘liklardan iborat (balandligi 4000 metrgacha yetadi).
Orografik jihatdan tumanning g‘arbiy va shimoliy qismidagi Chotqol, Qurama hamda Farg‘ona tizmalari Gʻarbiy Tyanshan tog‘ tizmalariga kiradi. Ularning asosiy qismi - Pop tumanida. Ushbu tumanning yer usti tuzilishiancha murakkab bo‘lib, balandlik amplitudasi eng janubdagi 365-367 m balandlikdan 4008 m nuqtalar doirasida 3640 metrga teng. Darhakikat, Pop tumani respublikamizda tipik tog‘li hududlar qatoriga kiradi va bu joyda “foydali yer” koyeffisiyenti viloyatning boshqa tumanlariga qaraganda ancha past.
Pop tumani hududining kattaligi jihatidan viloyatda birinchi o‘rinda turadi va uning umumiy maydonining 40 foizini tashkil etadi. Tuman hududini 70 foizi Qurama tog‘ tizmasi, tog‘ oraliq vodiylari va yonbag‘irlardagi tog‘lardan iborat. Bu tuman tabiiy sharoiti turli tuman ekoturistik ob’yektlarni ajratish imkoniyatini beradi.
Yurtimizda olib borilayotgan islohatlar natijasida Toshkent bilan Farg‘ona vodiysini bog‘lovchi 121,3 km teng bo‘lgan Angren-Pop elektrlashtirilgan tezyurar poyezdi va 19,1 km tog‘ tuneli XXI asrning zamonaviy transport logistikasidir. Salkam 50 km uzunlikdagi Ohangaron daryosi va unga quyuluvchi 20 yaqin soy irmoqlarida o‘ziga xos rekreasion, ekstremal va ekoturistik ob’yektlarini o‘zida hosil qilgan. Jumladan, tumandagi Chodak, Oltinkon, Parda Tursun, Chorkesar. Bu yerdagi asosiy turistik obyektlar – Arashonbuva, Munchoqtepa (2-8-asrlarga oid), Oqtepa, Xo‘jaobodtepa, Langarmozor, Bulgadaraztepa, Chillamozortepa, Chodak, Gʻurumsaroy, Guzar, Chirchirmomo, Ismoil Atoyi, Shox Sulaymon, Xo‘ja Muhammad Samosiy, Langarbuva, Imomota kabi tarixiy obidalar, yodgorliklar, masjidlar va muzeylar tarixiy turizmni asosini tashkil etsa, ekoturistik ob’yektlardan Chodak, Parda Tursun va Oltinkon dam olish maskanlari joylashgan. Pop tumaniga keluvchi sayyohlarning asosiy qismi Farg‘ona viloyati Qo‘qon va uning atrofidan keluvchi ichki sayyohlardan iborat. Ular asosan turizmning ekstremal, rekreasion, rafting, tarixiy va ekoturistik turlaridan foydalanishadi
Tuman xududida ba’zi qazilma boyliklari ham mavjud (flyuorit, kumush, oltin, granit neft va b.). Chodok, Chorkesar, Uygursoy polimetal va qimmatbaho metallar hamda Tergachi, Ammo bu konlarda qazilma boyliklarining zahirasi ko‘p emas, binobarin, ular mintaqa iqtisodiyotiga kuchli ta’sir etmaydi. Yog‘in - sochin miqdori janubdan shimolga tomon ortib boradi (100-400 mm).
Asosiy gidrografik elementi - Sirdaryo, u tumanning janubidan oqib o‘tadi. Biroq Sirdaryoning yerlarni sug‘orishdagi ahamiyati kapa emas, chunki u ancha pastlikda oqib o‘tadi. Bu jihatdan uning irmoklari - soylarning ahamiyati yuqoriroq: Rezaksoy, Chodaksoy va boshqalar. Ushbu soylarning yuqori qismida kichik-kichik suv omborlari qurilgan (Chodak, Rezaksoy va boshqalar). Norin daryosi Qirg‘iziston hududi, baland tog‘liklardan vodiyga chiqqandan so‘ng keng yoyilib ketadi. Xuddi ana shu yerdan vodiyning aksariyat kanallari boshlanadi.Jumladan, Katta Namangan, Shimoliy Farg‘ona, Katta Farg‘ona, Katga Andijon kanallari Uchqo‘rgon shahri va Shamollisoy shaharchasi yaqinidan boshlanadi. Katga Namangan kanali keyingi yillarda qurilgan bo‘lib, u adir zonasining pastroq qismlarini sug‘orishga mo‘ljallangan. Umuman olganda esa,Namangan viloyati, ayniqsa, uning g‘arbiy qismi Pop tumani suv bilan yaxshiroq ta’minlanmagan. Shu joylarda va tog‘oldi hududlarda juda ko‘p ariqlar bor. Ular suv omborlaridan boshlanadi.
Pop tumani tabiiy boyliklariga uning dori-darmon uchun foydalaniladigan turli xil o‘tlar (farmasevtika resurslari) hamda rekreasiya maskanlarini ham kiritish mumkin. Bunday joylarga Pop tumanidagi Chodak, Parda Tursun sihatgohlari, va tumanning to‘gli hududlaridagi go‘zal landshaftlari misol bo‘la oladi. Chodakning tarixi bir necha ming yilga borib taqaladi.
Shu ma’noda bu yerni Namangan viloyatining eng ko‘hna manzillaridan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Qamchiq dovoni yaqinida o‘rnashgan qishloq nomi “joyitag”, ya’ni “pastlikdagi hudud” atamasidan kelib chiqqani aytiladi. Chodakda zardo‘shtiylik va islom dini bilan bog‘liq joylar ko‘p. Bu yerdagi “Chir-chir momo”, Ismoil Atoiy, Bobo Yusuf Hamadoniy ziyoratgohlari, Shayx Sulaymon Mahjur maqbarasi, Podsho Xo‘ja mozori, Mug‘xona, “Kelinchak tosh” obidalari uzoq yillik tarixdan so‘zlaydi.
Bugungi kunda Chodak tarkibida 9 ta mahalla bo‘lib, ularda aksariyati tojik millatiga mansub 30 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloqning hududi katta, shunga yarasha aholisi ham zich. Buni quyidagi raqamlardan ham anglasa bo‘ladi: Pop tumani Namangan viloyati hududining qariyb yarmini tashkil etadi. Chodak esa shu ulkan hududning uchdan biriga teng.
Pop tumanida har bir kvadrat kilometrga 76 kishi to‘g‘ri kelsa, Chodakda bu ko‘rsatkich 2943 kishini tashkil etadi. Ya’ni bu yerda aholi tumanning boshqa hududlariga nisbatan 20-30 barobar zich joylashgan
Namangandan Toshkentga boradigan katta yo‘lning biqinida Qamchiq dovoniga yetmay turib, Farg‘ona vodiysining eng go‘zal go‘shalaridan biri Chodak qishlog‘i boshlanadi. U ser suv, toza havo va toshqin suv keltiruvchi betakror soy yoqasida joylashgan. Atrofi esa tog‘lar bilan o‘ralgan g‘oyat so‘lim va xushhavo makon. Tarixi yaqin 4,5 ming yilga borib taqaladigan Chodak o‘zining betakror tabiati, qiru tog‘lari va soyu jilg‘alari bilan azaldan minglab sayyohlarni o‘ziga tortib kelgan. So‘nggi yillarda qishloqning turizm salohiyatini yana-da yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.06.2018 yildagi 438-sonli “Namangan viloyati pop tumani aholisining bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish maqsadida quyidagi ishlar belgilab berildi:
Hududdagi mavjud tabiiy va mehnat resurslaridan to‘liq hamda samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini va zamonaviy turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan turizm xizmatlari sifatini takomillashtirish, ichki turizmni faollashtirish asosida Pop tumani aholisining bandligini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish maqsadida respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarni uyma-uy aylanib chiqish, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obektlariga tashrif buyurish orqali Namangan viloyatining Pop tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar kompleks o‘rganib chiqish lozim
Pop tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni o‘rganish yakunlari bo‘yicha mahalla, tuman va viloyat darajasida hal etilishi talab qilinadigan tizimli muammolar hamda kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish hamda Pop tumanida kafolatli ish o‘rinlarini tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlasin va bu borada investisiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mo‘ljallangan hajmlari o‘zlashtirilishini va yangi ish o‘rinlari tashkil etilish kerak.
Muammoli masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish hamda O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga Namangan viloyati hokimligi va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda, loyihaning qiymatini va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatiga, zaruratga ko‘ra, o‘zgartirishlar kiritish huquqi berish.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda Pop tumani sektorlari va mahallalari bo‘yicha 2018-2019-yillarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini, band bo‘lmagan aholini kasbga qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha manzilli dasturni bir oy muddatda tasdiqlash.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududga tashrif buyuradigan mehmonlar va turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda ularning dam olishlariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, suv attrasioni, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa obektlarni, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obektlarini qurishni o‘z ichiga olgan Pop tumanining 340 gektar maydonida “Chodak” kichik turizm zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Pop tumanidagi “Chodak” kichik turizm zonasining aniq chegaralarini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Pop tumanidagi “Chodak” kichik turizm zonasining aniq chegaralari belgilangandan so‘ng uch oy muddatda uning hududida yo‘l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirishga doir takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 25-oktyabrdagi PQ-3356-son qarori bilan tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga kiritish.
“Chodak” kichik turizm zonasi Namangan viloyati hokimligi huzurida qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi tomonidan boshqariladi.
Sanoat tuman iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Tumanda qurilish materiallari, yengil, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoatlari asosiy tarmoqlardan hisoblanadi. Pop tumanida 11 sanoat korxonasi, shu jumladan, 3 ta qo‘shma korxona, avtokorxona va boshqa faoliyat ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligida paxtachilik yetakchi o‘rinda. Gʻallachilik, sholikorlik, mevachilik, tokchilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, asalarichilik, pillachilik ham muhim o‘rin tutadi.
Tumanda 13 shirkat, 480 dan ziyod fermer, 13380 dexxon, 1 o‘rmon, 1 jamoa xo‘jaliklari, 3 qishloq xo‘jaligi korxonasi mavjud bo‘lib, ularda 21,9 mingdan ortiq kishi meh-nat qilmoqdalar. Pop tumanida jami sug‘oriladigan yer maydoni 39,3 ming ga, shu jumladan, 31 ming gektarga yaqini ekin maydoni bo‘lib, 16,3 ming ga yerga paxta, 11,8 ming ga yerga don, 245 ga yerga kartoshka, 471,5 ga yerga sabzavot, 154 ga yerga poliz, 1922 ga yerga yemxashak ekinlari ekiladi.Tumandagi kollektordrenaj tarmoklarining uzunligi 778,2 km. 2021- yilning yanvar-dekabr oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan (dastlabki hisoblash) 94 590 tonna jami don, shundan 79 242 tonna bug‘doy ishlab chiqarilgan bo‘lib, 12 022 tonna kartoshka yetishtirildi (2020- yilning mos davriga nisbatan 4,4 % ga ko‘p), 63 338 tonna sabzavotlar (4,9 % ga ko‘p) yig‘ib olindi, 7 368 tonna poliz (17,9 % ga ko‘p), 17 401 tonna meva va rezavorlar (1,1 % ga ko‘p) va 3 501 tonna uzum (4,5 % ga ko‘p) yetishtirildi.
2021- yil davomida barcha toifadagi xo‘jaliklarda tirik vazn hisobida 11 332 tonna (2020- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan o‘sish sur’ati 104,4 %) go‘sht yetishtirildi, jami yetishtirilgan go‘shtning 1,0 foizi fermer xo‘jaliklari, 92,6 foizi dehqon (aholining shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hisobiga va 6,4 foizi qishloq xo‘jalik korxonalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek tumanda jami 56 811 tonna sut yetishtirilgan (2020- yilning yanvar-dekabr oylariga nisbatan o‘sish sur’ati 102,3 %) bo‘lib, jami yetishtirilgan sutning 4,3 foizi fermer xo‘jaliklari, 95,3 foizi dehqon (aholining shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hisobiga va 0,4 foizi qishloq xo‘jalik korxonalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Tumanda jami 50 646,0 ming dona tuxum (2020- yilning mos davriga nisbatan 102,2 %) yetishtirildi. Bunda fermer xo‘jaliklari hisobiga jami mahsulotning 4,3 %, dehqon (aholining shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari hisobiga 84,6 %, qishloq xo‘jalik korxonalari hisobiga 11,1 % yetishtirilgan mahsulot to‘g‘ri kelmoqda.