Ko`pgina hollarda qazilma boyliklardan foydalanishda isrofgarchilik salmog`i katta bo`ladi. Rudalarning foydalilik koeffitsiyenti odatda 20 dan oshmaydi, ya'ni ruda eritilib, undan ko`zda tutilgan 1-2 xil metall ajratib olinadi-yu qolgan 75-80% chiqindi sifatida atrof muhitga tashlab yuboriladi. Chiqindi miqdori ba'zi rudalarda 98-99% ni tashkil qiladi. Buning asosiy sababi rudani ko`p tomonlama ishlash serchikam va murakkab jarayon ekanligidadir. Holbuki 100 tonna granitdan 8 tonna alyuminiy, 5 tonna rux, 500 kg. titan, 80 kg. marganets, 30 kg. xrom, 17 kg, nikel va 14 kg. vanadiy ajratib olish mumkin.
Isrofgarchilik ayniqsa ko`mir, neft, kaliy tuzi, qurilish materiallari, qora va rangli metallar, tog–kimyo xomashyolarining qazib olishda yuqori bo`lib qolmoqda. Neft olishda uning konlarida neftning qariyib yarmi tuproq bo`shliqlarida qolib ketmoqda.
Qazilma boyliklardan foydalanish salmog`i va shunga ko`ra ularning isrofgarchiligi ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda katta. Bu mamlakatlarda ayniqsa ko`mir, gaz va neft konlari tez sur'atlar bilan o`zlashtirildi. O`tgan asrning dastlabki 70 yil mobaynida dunyo yuzasida neft qazib olish 10 mln tonnadan 1,8 mlrd tonnaga yetdi ya'ni 180 martaga ko`paydi. Qazilma boyliklardan jadal sur'atlar bilan foydalanish ba'zi rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda ularning zahiralari kamayib qolishga va hatto tugashiga ham olib keldi. Buning oqibatida hozirgi vaqtda Yaponiya, Angliya, Germaniya, Italiya, Gollandiya, Belgiya, va shu singari sanoati rivojlangan boshqa mamlakatlar qazilma boyliklarni chetdan sotib olmoqdalar yoki ularning ikkilamchi chiqindilarini qayta ishlamoqdalar.
AQSH 70-yillar boshidayoq har yili iste'mol qilinadigan marganets, nikel va xromning 90-95% ni, boksitning 85% ni, kaliyning 70% ni, neft va temir rudasining 30% ni chetdan olishga majbur bo`ldi. G`arbiy Yevropa mamlakatlari va Yaponiya hozirgi kunda chet el xomashyosiga yanada ko`proq karam bo`lib qolgan. Bunday mamlakatlarda tabiiy muhitga chiqarib tashlangan chiqindilar miqdori ham juda ko`p. Hisoblarga ko`ra 1 tonna tayyor xomashyo olish uchun, masalan, temir olish uchun 5-6 tonna ruda, qo`rg`oshin uchun 60-90 tonna, rux uchun 80-100 tonna, mis olish uchun 100-140 tonna ruda ishlatiladi. 80- yillarda dunyo bo`yicha qazilma boyliklardan 2 mlrd. tonna mahsulot ishlab chiqildi, buning uchun yer ostidan 100 mlrd. tonna ruda, yoqilg`i va boshqa boyliklar olindi. Tabiyki, qayta ishlangan bu qazilma boyliklarning 98-99% chiqindiga aylanib tabiy muhitga tashlab yuborildi. Chiqindilar miqdori ayniqsa ko`mir sanoatida ko`pdir. Ko`mir qazib olishda yiliga 1,5 mlrd. tonna chiqindi chiqadi. Bundan tashqari dunyodagi domna va marten pechlarida har yili 1mlrd. tonnaga yaqin ko`mirning kuli va ruda shlaklari to`planadi. Sobik Sovet Ittifoqi hududida keyingi paytlarda chiqindilarning yillik miqdori 5 mlrd. tonnaga yetdi, ularni saqlash uchun 4mln. gektardan ko`proq yer band bo`ldi. Faqatgina issiqlik elektr stantsiyalaridan 1mlrd. tonna kul va shlak chiqarilib, ularni saqlashga 18 ming gektar yer band bo`ldi.