35-Mavzu: Xarakterning fiziologik asoslari
Reja:
Xarakterning fiziologik asoslari
Bolada xarakterning ko’rinishlari
Shaxs xarakterining farqlanishi
Xarakterning fiziologik asoslari
Ma’lumki nerv sistemasining tipi oliy nerv faoliyatining
tug‘ma xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Biroq kishining
fiziologik tabiati doimiy bo‘lib qolmaydi. I.P. Pavlov nerv sistemasining
tipi (temperament) va xarakterning bir-biriga munosabati
haqida gapirib bunday deb yozgan edi: «Tip hayvon nerv
faoliyatining, tug‘ma organizmning konstitutsiyaga bog‘liq turi
genotikdir, lekin hayvon tug‘ilgan kunidan boshlab atrofdagi
sharoitning xilma-xil ta’siriga uchrashi, shu ta’sirlarga faoliyat
bilan, ko‘pincha butun umr mustahkam bo‘lib qoladigan faoliyat
bilan, muqarrar suratda javob berishi lozimligi sababli hayvonning
mavjud nerv faoliyati tipining xususiyatlari va tashqi muhit taqozo qilgan o‘zgarishlar qorishmasidan, fenotipdan, xarakterdan iboratdir». Garchi I.P. Pavlov hayvonlar to‘grisida gapirgan bo‘lsa ham, muhitning bu xil ta’sirlarini odam ham his qiladi. Shuni
esda tutish kerak-ki kishi nerv faoliyatining shakllanishiga
faqat I signal sistemasigina emas, balki II signal sistemasi
ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shunday qilib, garchi nerv sistemasining tug‘ma tipi temperament xarakterning asosi bo‘lsa ham biroq uni muvaqqat
nerv aloqalariga va ularning murakkab sistemalariga xos xususiyatlar
belgilab beradiki, ularga inson o‘z hayoti va faoliyati
jarayonida ega bo‘ladi. Tuyg‘ularning paydo bo‘lishi, psixik
jarayonlar hamda harakatlarning o‘tish tezligi asosan temperamentga
bog‘liq bo‘lib bu albatta kishining xarakterida aks etadi.
Oqibat natijada tug‘ma sifatlar emas, balki ijtimoiy sharoit,
ya’ni muhitning ta’siri, kishining u yoki bu xarakteriga ega
bo‘lishining asosiy sababi hisoblanadi. Xarakterda munosabatning ifodalanishi
Kishining atrofdagi voqelikka munosabati nuqtayi nazaridan
xarakter xususiyatlarini quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1. Shaxsning jamoadagi boshqa kishilarga munosabatini
ifodalovchi xususiyatlar: mehribonlik, saxiylik, samimiylik,
hurmat-ehtirom, talabchanlik kabilar. Pismiqlik, takabburlik,
beparvolik, toshbag‘irlik, ichidan pishganlik, dag‘allik kishilarga
nafrat bilan qarash kabi qarama-qarshi xususiyatlar bo‘ladi.
2. Shaxsning mehnatga, o‘z ishiga munosabatini ifodalovchi
xususiyatlar: mehnatsevarlik, dangasalik, vijdonlilik,
mas’uliyatlik va aksi.
3. Kishining narsalarga munosabatini xarakterlovchi xususiyatlar:
ozodalik, tejamkorlik, sarishtalik va aksi.
4. Shaxsning o‘z-o‘ziga munosabatini aks ettiruvchi
xususiyatlar: o‘z qadr-qimmatini bilish tuyg‘usi, kamtarlik,
mag‘rurlik, uyatchanlik, jizzakilik, xudbinlik, egotsentrizm
(o‘z-o‘zini hamisha o‘z diqqat markazida tutish) va h.k. Xarakter xususiyatlari. Shaxsning ijobiy va salbiy xususiyatlari farqlanadi. Xarakter xususiyatlariga baho berganda ulardan har birining axloqiy mazmunini hisobga olish kerak. Masalan,
mehnatsevarlik xarakterning ijobiy xususiyatidir, lekin agar u
xudbinlik maqsadlarila, chunonchi, shaxsning boshqalar hisobiga
boyishiga xizmat qilsa, bu shaxsning salbiy xususiyati bo‘ladi.
O‘z vatani uchun faxrlanish yaxshi xususiyatdir, lekin kishi o‘zo‘
zidan haddan tashqari mag‘rurlansa, manmanligi bilan ajralib
tursa bunday faxrlanish xarakterning salbiy xususiyatidir.
Xarakterning ijobiy xususiyatlari orasida axloqiy xususiyatlar
muhim o‘rin egallaydi. Axloqiy xususiyatlar axloqiy tuyg‘ularga
asoslangan bo‘lib, kishining jamiyat talablariga javob beradigan
ma’naviy xulq-atvorini belgilab beradi. Odamdagi xarakter xususiyatlari
uning o‘zi uchun ham, atrofdagi kishilar uchun ham
juda katta ahamiyatga ega. Biror kishi haqida: «Uning yaramas
xarakteri bor» deganlarida, odatda bunday kishidan o‘zlarini
olib qochadilar, uning do‘stlari bo‘lmaydi, oilada ko‘pincha u
bilan birgalikda hayot kechirish mumkin bo‘lmay qoladi. Ijobiy
xarakter xususiyatlariga ega kishi esa odatda atrofdagi kishilarning,
do‘stlarining mehri va izzatiga sazovor bo‘ladi. Ayrim
kishilar xarakterni yaxshi tomonga o‘zgartirib bo‘lmaydi deb
hisoblaydilar. Salbiy xususiyatlarga ega kishi ba’zan o‘zi haqida;
«Xarakterim shunday bo‘lgandan keyin nima qilishim kerak?
O‘z xarakterimdan o‘zim ham rozi emasman, lekin hech narsa
qilolmayman», – deydi. Bu noto‘g‘ri. Darhaqiqat, o‘z xarakterini
o‘zgartirish, salbiy xususiyatlardan xalos bo‘lish va o‘zida ijobiy xususiyatlarni tarbiyalash murakkab vazifa bo‘lsa ham, lekin amalga oshirib bo‘ladigan vazifadir. Buning uchun avvalo o‘z ustida ishlashni, xarakterni tarbiyalash va qayta tarbiyalash
ustida ishlashni qat’iy va keskin maqsad qilib qo‘yish kerak, ortiqcha
manmanlikdan qutulish, o‘z kamchiliklarini aniq ko‘rish
uchun o‘ziga tanqidiy jihatdan qarashga, xulqiga jiddiy munosabatda bo‘lishga harakat qilishi kerak. Xarakterni tarbiyalash. O‘z xatolarini sezmaydigan yoki sezishni
istamaydigan kishi hech mahal o‘z ustida muvaffaqiyatli
ish olib bora olmaydi. Ko‘pincha kishining o‘zi o‘z sifatlariga
xolis baho berishi qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham boshqalarning
fikriga quloq solish, to‘g‘ri tanqiddan xafa bo‘lmaslik, ko‘p
narsaning chetdan yaxshiroq ko‘rinishini esda tutish lozim.
Boshqalarda mavjud salbiy sifatlarni sezgach, hamisha o‘zingga
ham qarashing, o‘zingda shunday kamchiliklar bor-yo‘qligini
bilishing kerak. Ba’zan bu sifatlar o‘zingga yomon bo‘lib tuyilmaydi,
bu sifatlarni boshqalarda ko‘rganingda esa, ular kamchiliklar
ekanligi, ulardan qutulish lozimligi aniq bo‘ladi.
O‘z ustida muvaffaqiyatli ish olib borishning asosiy shartlaridan
biri yaxshi tomonga o‘zgarishga ahd qilishdangina iborat
bo‘lmasdan, balki shu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan
konkret ishlarni ham bajarishdir. O‘zida zarur xulq-atvorni tarbiyalash
uchun ko‘p marta mashq qilish zarur, toki shu takrorlashlar
natijasida miya po‘stlog‘idagi tegishli bog‘lanishlar
mustahkamlansin va kishi hamisha lozim harakatlarni qilish
ehtiyojiga ega bo‘lsin.
Xarakter ko‘p jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash natijasidir. Xarakterda
kishining odatlari jamlanadi. Xarakter xususiyatlari
o‘zgaruvchan bo‘lishiga qaramay, har bir shaxs va millatning
o‘ziga xosligini ifodalovchi shunday barqaror sifatlar ham
bo‘ladiki, ular yillar, hatto asrlarga ham dosh beradi. Masalan,
bu milliy xarakterga taalluqlidir. O‘zbeklar xarakterida
asrlar davomida saqlanib kelayotgan samimiylik, mehmonnavozlik,
ibo, sharm-hayo, takalluf, mehnatsevarlik kabi sifatlar
avloddan avlodga o‘tib, ma’naviy qadriyatlarga aylanib qolgan,
o‘zbekning o‘zligini namoyon qiluvchi
barqaror xususiyatlardir. Xarakter odamlar faoliyatida namoyon
bo‘ladi, ammo shu faoliyatida shakllanadi. Shaxsning irodaviy sifatlarini tarbiyalashda
intizom, kun tartibiga rioya qilish katta ahamiyatga egadir.
O‘z-o‘zini tarbiyalash o‘spirinlik yoshida ayniqsa samarali
bo‘lishini ta’kidlab o‘tish zarur. Xuddi ana shu vaqtda kishida
o‘zini anglash rivojlanadi. Yigit va qiz hayotdan ko‘zlagan
maqsadlari to‘g‘risida bosh qotiradilar, o‘zlariga va boshqalarga
tanqidiy tomondan yondasha oladilar, ularda o‘z ustilarida
ishlash, jamiyat uchun foydali kishilar bo‘lib yetishish istagi
tug‘iladi. Lekin bu narsa kishi katta bo‘lgach, o‘zini yaxshi tomonga
qarab o‘zgartira olmaydi, degan gap emas. Kishi o‘zining odat
bo‘lib qolgan xatti-harakatlari, ishlari bilan o‘z xarakterini butun
hayoti davomida tarkib toptirib boradi.
Dostları ilə paylaş: |