§ 8.3. Prognozlashtirish ob’ektining tizimli tahlili Prognozlashtirish jarayonida, prognoz uchun kerakli bo‘lgan topshiriqlarni ishlab chiqish, har tomonlama prognozlashtirish ob’ekti tahlilini amalga oshirish shart. Ushbu analiz ob’ektning aniqlanishi va tadqiqot predmetini, uning prognozlashtirish maqsadi va vazifasini, tashqi manbalarga bog‘liqligini, tuzilishini, ishlash mexanizmi hamda ular ustidan boshqaruv kabilarni o‘zida mujassam etadi. Rasmiy nuqta’i nazardan qaraganda, ob’ektni izchil tadqiq qilish – optimal alternativ tanlovni amalga oshirishga hamda ob’ektni boshqaruvchi alternativ ta’sirlarning namoyon bo‘lishiga, shuningdek, uning kelgusi korrektirovkalangan modellarining tuzilishiga olib keladi.
Biz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarni ko‘rib chiqamiz, ularning tahlili esa prognozlashtirish ob’ekti sifatida qaralganda ancha murakkab, chunki ular murakkab tizimlar toifasiga kiradi. Murakkab ob’ektlarni tahlil qilish uchun so‘nggi o‘n yillar davomida puxta ishlab chiqilgan nazariyalar tizimidan, tizimli tahlildan foydalanish lozim.
Tizim bir-biriga o‘zaro ta’sir etuvchi elementlari, ularning xossalari va aloqalari mavjud bo‘lgan butun bir kompleks sifatida qaralishi mumkin.
Umuman olganda tizim – bu moddiy dunyoda elementlari mavjud bo‘lgan, butun bir kompleksning ob’ektiv mavjudligiga asoslangan ilmiy abstraksiya. Tizimning murakkabligiga oid faraz faqatgina uning elemenlariga emas, balki ular o‘rtasidagi ko‘p tarmoqli hamda ko‘p qirrali aloqalarga, tizimning butunligiga doir maxsus xususiyatlarning namoyon bo‘lishiga va uning kutilayogan holatiga bog‘liq. Bu orqali murakkab tizimni ham elementlarning katta miqdori, ham ularning xilma-xil aloqalari aniqlaydi.
Murakkab tizimning xususiyatlarini ta’riflashda, avvalo, uning yaxlitlik xususiyatidan boshlaymiz. Murakkab tizim tarkibidagi biror bir element (qism)larda mavjud bo‘lmagan xususiyatlarni namoyon qiladi. Demak, murakkab tizim uning tarkibini tashkil etuvchi qismlar va ularning xususiyatlari miqdoriga qaraganda ko‘proq jihatlarni namoyon etadi. Murakkablik va yaxlitlikning o‘zi tizimning yangicha xususiyatlarini vujudga keltiradi.
Murakkab tizimlar maqsadli yo‘naltirilgan bo‘lishadi. Maqsadli yo‘naltirilgan tizim uchun u qanday holatda ekanligi, u yoki bu holatda maqsadga erishish yo‘li, eng ma’qul bo‘lgan holatga erishish kabilar ahamiyatsiz emas. Mavjudlilik maqsadlarini, tizimning rivojlanishini tadqiq qilish – ilmiy-asoslangan prognozlashtirishning eng asosiy nuqta’i nazarlaridan biridir. Tizimni tadqiq qilish metodologiyasining asosiy xususiyatlaridan biri ularning tahliliga funksional jihatdan yondashishdir. Tizimnig funksiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish yo‘lida uning holati va uning barcha elementlarining o‘zaro, uzluksiz ta’sirida namoyon bo‘ladi. Tizim tashqi muhit bilan o‘zining kirish va chiqishlari bilan bog‘langan. Faraz qilaylik, bizga ma’lum bir t vaqtdagi holatni tavsiflovchi uchta vektor ma’lum:
kirish holati vektori xt = (x1, x2, …, xm)t ;
chiqish holati vektori Yt = (y1, y2, … , yn)t;
tizimning ichki holati vektori St = (s1, s2, .... , sk)t .
Tiziming funksiyasi, uning tabiati chiqish holati vektori Yt orqali xarakterlanadi. Agar chiqish holati vektorlari t tizimning kirish holati vektorlari va uning ichki holatlari yordamida aniqlanayotgan bo‘lsa, u holda Yt = f (Xt, St) ko‘rinishidagi bog‘lanishga ega bo‘lamiz. Bunday funksiyalarning keltirilib chiqarilishi murakkab tizimni prognozlashtirishda juda qo‘l keladi, chunki odatda kutilayotgan yoki erishish mumkin bo‘lgan tizimnig kirish holati va ichki holatiga bog‘liq holda chiqish holati prognoz qilinadi. Jumladan, bunday yondashuvga prognozlashtirishning ekonometrik modeli asoslanadi (5-bo‘limga qarang).
Funksional yondashuvning muhimligiga qaramay, u murakkab tizimni tadqiq qilish imkoniyatlarini batamom nihoyasiga etkazmaydi. Tizimli tahlilda ushbu tamoyil tizimlarning funksiyalarini tadqiq qilishdan ularning tuzilmalarini o‘rganishga o‘tish orqali aniqlashtiriladi. Tuzilmaviy tahlil tadqiq qilish imkoniyatlarini sezilarli tarzda kengaytiradi. Ushbu tahlil – tizimning ishlash mexanizmini, uning ko‘plab ichki holatlariga bog‘liq tabiatini chuqur anglab etishga imkon yaratadi. Qolaversa, uning tuzilmasini bilish orqali tizimning qanday ichki va kirish holatlarida maqsadga muvofiq chiqish holatlariga erishish mumkinligi to‘g‘risida baho berish, shuningdek, tizimning maqsadli funksiyasi amalga oshiriladi.
Biz yuqorida tizimni bir-biriga o‘zaro ta’sir etuvchi elementlari, ularning xossalari va aloqalari mavjud bo‘lgan butun bir kompleks sifatida qaralishi mumkin deya e’tirof etdik.
Har qanday murakkab tizimni ba’zi bir tizimosti qismlarga ajratish mumkin. Xuddi shunday, xalq xo‘jaligining tizimosti qismlariga sanoat korxonalari tarmoqlarining tizimosti qismlari – sexlar va hokazolar kiradi. Tizimni bo‘laklarga ajratish turli xil detallashtirish darajalarida amalga oshiriladi. Tizim elementi deganda shunday element tushuniladiki, bunda tadqiqot natijasida uni boshqa hech qanday tashkil etuvchi bo‘laklarga ajratish imkoni bo‘lmagan, bo‘linmas tizimosti qismga aytiladi.
Tuzilmaviy tahlil eng avvalo, tizimni tashkil etuvchi elementlar va tizimosti qismlarni namoyon etishga ko‘mak beradi. Murakkab tizim elementlari bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bu bog‘liqliklarning ham belgilanishi, ham tadqiq etilishi tizim tahlilining ahamiyatga molik jihatlari sirasiga kiradi.
Murakkab tizimlar – ehtimolli bo‘lishadi va ularni to‘liq ta’riflab bo‘lmaydi. SHuning uchun ularni boshqarishda, shu jumladan, prognozlashtirishda to‘liq bo‘lmagan, qisman aniq, ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Xullas, murakkab tizim – bu maqsadli yo‘naltirilgan, ierarxik (o‘z navbatida yaxlit), ehtimolli, odatda to‘liq va ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlar asosida boshqariladigan tizim. SHu erdan prognozlashtirish usullarini rivojlantirish muammolariga tizimli yondashishning muhim xususiyatlari kelib chiqadi.