KONSTITUTSIYAVIY HUQUQ — asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga
soluvchi huquqiy normalar yig‗indisi, huquq tizimining yetakchi sohasi. K.h. normalari
davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va hududiy tuzilishi, uning fuqarolik jamiyati
institutlari bilan munosabatlari tartibini, fuqaro va shaxs huquq hamda erkinliklari
amalga oshirilishining asosiy tamoyillarini, davlat hokimiyati organlari tizimini
belgilaydi. Bir qancha mamlakatlarda (jum., O‗zbekiston Respublikasida ham) ushbu
huquq sohasini belgilash uchun davlat huquqi tushunchasi qo‗llanadi. K.h.ning asosiy
tamoyillari: boshqaruvning respublika shakli, inson va fuqarolar huquq hamda
erkinliklarining ustunligi, hokimiyatlarning bo‗linishi. O‗zbekiston Respublikasining
K.h.i O‗zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini; inson va fuqarolarning
asosiy huquq hamda erkinliklari, ularning kafolatlarini; ma'muriy-hududiy va davlat
tuzilishini; saylov tizimini; hokimiyat tizimi va davlat organlari tizimini tashkil etish
hamda faoliyatining asosiy tamoyillarini; fuqarolarning o‗zini o‗zi boshqarish asoslarini
mustahkamlaydi.
KONSTITUTSIYAVIY INQIROZ — jamiyatning bosh qonuni – konstitutsiya
harakat faoliyatini to‗xtatib qo‗yilishi bilan bog‗liq bo‗ladi. Avvalgi konstitutsiya o‗z
legitimligini yo‗qotadi va uni qayta ko‗rib chiqish talab qilinadi.
KONSTITUTSIYAVIY MONARXIYA — monarxiya boshqaruv shaklining
alohida turi. Unda monarx hokimiyati konstitutsiya bilan cheklangan bo‗ladi, saylab
qo‗yiladigan qonunchilik organi – parlament va mustaqil sudlar bo‗ladi. Hozirgi vaqtda
K.m.ning ikki shakli: dualistik monarxiya va parlament monarxiya mavjud.
KONSTITUTSIYAVIY QONUN — bir qancha mamlakatlarda konstitutsiyaviy
huquqning asosiy manbalaridan biri. Ba'zi mamlakatlar (aholisi fransuz tilida
so‗zlashuvchi mamlakatlar, shun., Ruminiya va b.lar)da – bu konstitutsiyaga o‗zgartirish
kirituvchi qonun, boshqa mamlakatlar (mas., Rossiya Federatsiyasi, O‗zbekiston va
Qozog‗iston) da K.q. konstitutsiyada ko‗zda tutilgan masalalar bo‗yicha qabul
qilinadigan qonundir.