VALIDLIK — respondentdan olingan axborotni verifikatsiya ma‘lumotlari bilan
qiyoslash. Validlik o‗lchov haqiqiyligi mezonidir.
VALIY (ar. hukumdor) — o‗rta asrlarda viloyat, o‗lka hukumdori, noib. Podshoh
tomonidan tayinlanib, o‗zlariga topshirilgan o‗lkada cheksiz hokimiyatga ega bo‗lgan.
VALYUTA (it.
valuta , lot.
valere - qadrlanmoq, qiymat) — 1) mamlakatning pul
birligi va uning turi (oltin, kumush, qog‗oz); 2) chet mamlakatlarning xalqaro
muomalada qo‗llanuvchi pullari, shuningdek shu mamlakatlarning pul birligida
ifodalangan va xalqaro hisob-kitoblarda foydalaniladigan kredit va to‗lov hujjatlari
(veksellar, cheklar, banknotlar va b.).
VALYUTA CHEKLASHLARI — davlat tomonidan chet el valyutasi hamda
valyuta boyliklari bilan bog‗liq muomalalarda muayyan cheklashlarning joriy qilinishi.
V.ch.ning odatdagi ko‗rinishi milliy valyutani chet el valyutasiga ayirboshlash. chet el
valyutasini mamlakat hududiga olib kirish va olib chiqib ketish, banklarning valyuta
operatsiyalari, banklarning vakillik hisob raqamlariga limitlar joriy etish kabilarda
namoyon bo‗ladi. V.ch. tadbirlari chet mamlakatlarga oltin va qimmatbaho qog‗ozlar
chiqarishni cheklash ko‗rinishida amal qilib, mamlakat valyuta siyosatining xarakterli
belgilaridan biri hisoblanadi hamda u to‗lov balansining passivligi, oltin va b. valyuta
rezervlarining kamayib ketganligi bilan bog‗liq. Dastlab V.ch. ba‘zi davlatlarda (Yevropa
davlatlari) birinchi jahon urushi davrida joriy etilgan va 1929 – 1933-yillardagi jahon
iqtisodiy tangligi davrida, ayniqsa keng tus oldi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi
yillarda faqat AQSH, Kanada, Shveysariya va Lotin Amerikasining bir necha
davlatlaridagina valyuta muomalalari cheklanmagan edi. Hozirgi vaqtda deyarli barcha
rivojlangan mamlakatlarda V.ch. mutlaq olib tashlangan, V.ch. amal qilayotganlarida esa
uning zaif ko‗rinishi qolgan, xolos. Mas., Buyuk Britaniyada V.ch. 1979-yildan buyon
mutlaqo yo‗q. Hozirgi paytda Xalqaro valyuta fondiga a‘zo 60 dan ortiq mamlakatlardagi
ko‗pgina operatsiyalarda V.ch. umuman qo‗llanilmaydi. 1992-yilda Yevropa Ittifoqiga
a‘zo mamlakatlar valyuta integratsiyasini takomillashtirish yo‗nalishidagi kapitallar
harakatida cheklovlar butunlay bekor qilindi. Hozirigi O‗zbekistonda ham valyuta
muomalalarini tartibga solishda xorijiy valyutani olib kirish, almashtirish, valyuta
muomalalari va b.da qisman V.ch. joriy qilingan.