3. Davlat maqsadli jamg`armalari manbalari va shakllantirish tartibi. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 19 fevraldagi 30-son qarori bilan
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida nizom tasdiqlangan. Unga ko’ra jamg’arma idoraviy jihatdan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarashli hamda o’z faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o’rinbosariga, Jamg’armaning kuzatuv kengashi raisiga hisob beradi.
Jamg’armaning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to’lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
pensiyalar va boshqa to’lovlarni to’liq hajmda moliyalashtirish va to’lanishini tashkil etish, ular bo’yicha hisob va hisobotni yuritish;
tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini o’tkazish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
boquvchisini yo’qotgan taqdirda, shuningdek mehnatda mayib bo’lganlik yoki xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog’liq kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni da’volar bo’yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish.
O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari bilan birgalikda nogironlikni belgilash monitoringini olib boradi. Majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to‘lovlardan tushgan mablag‘larni jamlash yo‘li bilan ijtimoiy ta’minot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirish, shuningdek mablag‘larning pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni to‘lashga maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish Jamg‘arma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarning ijtimoiy ta’minotga va ijtimoiy sug‘urtaga bo‘lgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlarini amalga oshirish;
respublikada pensiya ta’minotini yanada takomillashtirish;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to‘lovlarni Jamg‘armaning budjetdan tashqari maxsus hisob raqamida markazlashtirilgan tartibda jamlash;
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni ta’minlash;
Jamg‘arma mablag‘larini ko‘paytirishni tashkil etish;
davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshirish, chet el tajribasini o‘rganish va undan foydalanish.
Tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Jamg‘armani boshqarish kengashi Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi. Jamg‘armani boshqarish kengashi majlislari har yarim yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi Jamg‘armani boshqarish kengashining ishchi organi hisoblanadi.
Quyidagilar Jamg‘armani boshqarish kengashining funksiyalari hisoblanadi:
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasining amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish va tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to‘lovlarning Jamg‘armaga to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash to‘g‘risidagi axborotlarini eshitish;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “O‘zbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va Xalq banki bo‘linmalari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi masalalarini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish va uning mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida takliflar kiritish;
Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasining faoliyatini, ayniqsa daromadlar manbalarini shakllantirish, Jamg‘arma mablag‘larining o‘z vaqtida moliyalashtirilishi va maqsadli foydalanilishiga doir faoliyatini nazorat qilish;
Jamg‘arma daromadlarining shakllantirilishi hamda fuqarolarning ijtimoiy ta’minotga va ijtimoiy sug‘urtaga bo‘lgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlarining amalga oshirilishi bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
Jamg‘armaning ijro etuvchi organi Tuzilmasi va xodimlarining soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda Ijro etuvchi direksiya deb ataladi) Jamg‘armaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.Ijro etuvchi direksiyaning ta’minoti respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direktori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Ijro etuvchi direktori, zarurat bo‘lganda, Ijro etuvchi direksiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega. Ijro etuvchi direktor o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Ijro etuvchi direksiya:
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini belgilash to‘g‘risida takliflar ishlab chiqadi;
har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda — daromadlar manbalari bo‘yicha tushumlar prognozi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birga — Jamg‘arma mablag‘lari xarajatlari loyihasini ishlab chiqadi;
Jamg‘arma mablag‘laridan pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni moliyalashtiradi;
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bo‘linmalari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarning to‘g‘ri hisoblanishi bo‘yicha rejali tekshirishlarni amalga oshiradi;
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan Jamg‘armaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida yig‘ilishini ta’minlash bo‘yicha doimiy monitoringni amalga oshiradi;
“O‘zbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati hamda Xalq banki bo‘linmalarida pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarning to‘liqligini va o‘z vaqtida to‘lanishini tekshiradi;
davlat ijtimoiy sug‘urta tizimining barqarorligini ta’minlash va yanada takomillashtirish bo‘yicha oldini oluvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining o‘rta va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi hamda ko‘rib chiqish uchun Jamg‘armani boshqarish kengashiga kiritadi;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar yuboradi;
Jamg‘armani boshqarish kengashiga Jamg‘armaning pensiyalar, nafaqalar va to‘lovlarning barqarorligini va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan aylanma — kassa mablag‘larining yildan-yilga o‘tuvchi miqdorlari to‘g‘risida takliflar kiritadi;
Jamg‘armani boshqarish kengashiga Jamg‘arma budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda taqdim etadi;o‘z vakolatlari doirasida Jamg‘arma vazifalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yo‘riqnoma va metodik hujjatlarni ishlab chiqadi;
Jamg‘armaning vaqtinchalik bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi depozitlarga va davlat qimmatli qog‘ozlariga joylashtiradi;
topshiriqnomalar, vedomostlar va pochta jo‘natmalari bo‘yicha to‘lanadigan pensiyalar hamda nafaqalarni jo‘natganlik va yetkazib berganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan taqdim etilgan tariflar miqdorlarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.