Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari: 1) belgilangan normativlarga muvofiq umumdavlat soliqlari, shu jumladan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i;
yagona soliq to’lovi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo’yicha qat’iy belgilangan soliq;
qo’shilgan qiymat solig’i;
aksiz solig’i;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
2) mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar, shu jumladan:
obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’I;
transport vositalariga benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;
mol-mulk solig’i;yer solig’i;
yagona yer solig’i;
yrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish uchun yig’im;
3) yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari; 4) bozorlardan tushadigan daromadlar; 5) boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
Boshqa daromadlarga davlat daromadiga o’tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar, davlat aktivlarini joylashtirishdan, foydalanishga berishdan va sotishdan belgilangan normativlar bo’yicha olingan daromadlar, qonun hujjatlariga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yo’naltiriladigan davlat bojlari, yig’imlar, tovon pullari va jarima sanksiyalari, egasiz mol-mulkni, meros huquqi bo’yicha davlat ixtiyoriga o’tgan mol-mulkni, huquq bo’yicha davlat daromadiga o’tkazilishi lozim bo’lgan xazinalarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa daromadlar kiradi.
O’zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan subvensiyalar, o’tkazib beriladigan daromadlar va dotatsiyalar Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining daromadlari hisoblanadi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo’yicha qat’iy belgilangan soliq, O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan pivo va o’simlik yog’i uchun aksiz solig’i Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlariga o’tkazib beriladi.