Tayanch so’zlar: Kontakt usuli, Vertikal kasseta, beton qotishini tezlatish.
Kontakt usulida buyum qalin, o’tkazmas qilib ishlangan devorga taqab qizdiriladi. Bunday usul asosan kassetali qurilmalarda qo’llaniladi. SHakli yassi va murrakab buyumlar tayyorlashga mo’ljallangan vertikal kassetali qurilmalar ayniqsa keng tarqalgan (11-rasm). Kassetali qurilmalarda isituvchi sifatida bug’, qaynoq suv, kondensiyalanmaydigan gaz, petrolatum va shunga o’xshash vositalardan foydalanish mumkin. Bug’ bo’lmalarining konstruktsiyasi betonni harorat 95-100 °S bo’lgan sharoitda qizdirish imkoniyatini beradi va natijada jarayon vaqti sezilarli darajada qisqaradi. Qolipli bo’lmalarda beton qorishmasini qizdirish vaqtini kamaytirish uchun yuqori bosimdagi bug’ bilan qizdirish usuli qo’llaniladi. Bunday sharoitda isitish bo’lmalarining konstruktsiyasi 0,8 1,2 MPa bosimda ishlashga mo’ljallangan bo’lishi kerak.
rasm. Mexanizatsiyalashgan kassetali qurilma
1 -stanina; 2-ajratuvchi devor; 3-panelni qoliplash bo’lmasi; 4-bug’
bo’lmasi; 5-tutib turuvchi tirgak; 6-chetki ihotalangan devor; 6-kassetani
qisuvchi mexanizm; 7-yurgazuvchi mexanizm; 8- tutib turuvchi vint
rasm. Havo so’rib chiqariladigan kassetani bug’ bilan ta’minlash
chizmasi
1 -bo’lmalarga bug’ yetkazib beruvchi quvur; 2-berkituvchi ventil; 3- kassetaga bug’ yetkazib beruvchi quvur; 4-asosiy bug’ ventili; 5- kassetaning
issiq bo’lmasi; 6-injektorga bug’ yetkazib beruvchi quvur; 7-retsirkulyatsiya
quvuri; 8-retsirkulyatsiya quvuri ventili; 9-havo chiqaruvchi ventil; 10- injektor; 11-aylanma quvur ventili; 12-aylanma quvur; 13-retsirkulyatsiya- so’rish tizimi; 14-isitish bo’lmalariga bug’ni taqsimlash tizimi; 15- purkagich
Betonni yuqori haroratda qizdirish uchun isitish bo’lmalarida yoqiladigan gazdan, suyuq isitish vositalari va isitish moslamalaridan chiqayotgan gazlardan foydalaniladi. Gaz bilan qizdirilganda isitish bo’lmasidagi harorat baland ushlab turilishi kerak. Buyum suyuq yuqori haroratli isituvchilar bilan qizdirilganda harorat keskin oshishiga erishiladi. Qizitish bo’lmalaridan petrolatum chiqarish kollektoriga quyiladi va so’ng bakka to’planadi. Petrolatum quvurlarda to’xtovsiz aylanib turadi, harorat 95-100°S ga yetganda isituvchi kasseta tashqarisidagi quvurlarda aylana boshlaydi. Temir-beton buyumlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan kasseta texnolgiyasining qator afzallik va kamchiliklari bor. Buyum kassetalarda tayyorlanganda yig’ma detallarning aniqligi yuqori bo’lishiga erishiladi, beton yuzasi tekis bo’ladi.
Betonni kontakt usulida qizdirish natijasi uning mustahkamligi ochiq qolipdagiga qaraganda 10-20% oshiq bo’ladi. Kassetadagi betonni ochiq yuzasi kam bo’lgani uchun harorat tez ko’tarilishiga erishiladi (60-70°S). Kassetadagi buyumni oldin ushlab turmasdan qizdirish mumkin va beton harorati kassetali moslamalarda 100°S ga yetadiva bu ko’rsatkich chuqur shakldagi kameralarda 85-90°S dan oshmaydi. Biroq kassetada tayyorlangan betonning mustahkamligi turli balandlikda turlicha bo’ladi. Bu holat isitish tartibi qisqa bo’lganda ayniqsa aniq bilinadi. Mustahkamlikning turlicha bo’lishi isitish intensivligi turlichaliligi bilan izohlanadi. Bug’ kiradigan joyga yaqin zonalar tezroq qiziydi. Kassetali usulning yana bir kamchiligi qoliplar uchun metallning ko’p ishlatilishi, kassetalarni tozalash va moylashning noqulayligi, qo’zg’oluvchanligi yuqori bo’lgan beton qorishmasini ishlatish zarurligi kiradi. Kassetalardan foydalanish samaradorligini oshirish uchun qator hollarda ikki bosqichli qizitish usulidan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi. Birinchi bosqichda buyum yetarli darajada mustahkamlikka erishgunga qadar kasetalarda 5-7 soat qizdiriladi va uning mustahkamligi 5-7,5 MPa ga yetkaziladi.
Ikkinchi bosqichda beton chuqurli kamera yoki issiq tutadigan stellajlarda jo’natiladigan darajada qotgunga qadar qotadi. Qizdirishni tezlatish va isitish bo’lmalarida haroratni bir xilda taqsimlash uchun ejektorlardan va bug’ni purkagichlar orqali intensiv yuborish usullaridan foydalaniladi. Buyumni kontakt usulida qizdirish moslamalariga gorizontal termoformalar ham kiradi. Vertikal termoformalardan farqli ravishda ularda buyum yuzasi bir tekis qiziydi. G’ovakli to’ldiruvchilar asosida tayyorlangan yengil betonli devor panellari termoformalarda haroratni 2-3 soat davomida ko’tarish, izotermik tutib turish 3-5 soat davomida90-95°S da bo’lishi tavsiya etiladi.
Qo’zg’oluvchan gorizontal termoformalarda yirik panelli konstruktsiyalarni qizdirish uchun paketlar tayyorlanadi. Termoforma paketini tayyorlash uchun maxsus paketlovchi moslama ishlatiladi (13-rasm).