Fransiyaning mag‘lubiyati eski German imperiyasining qaytadan tiklanishiga olib kelmadi. Uning o‘rniga 1814-yilda ochilgan Vena Kongressi nemis davlatlaridan va Avstriya imperiyasiga qarashli yerlarning bir qismidan German ittifoqini tuzdi.
Kongress barcha nemis dinastiyalarini qaytadan tiklashga, inqilob va Napoleon urushlari natijalarini batamom yo‘q qilishga jur’at etolmadi. Vena Kongressi g‘arbiy german o‘lkalarida fransuz burjua tartiblarining ta’sirini va Napoleon kodeksini ham yo‘qota olmadi.
German ittifoqiga kirgan davlatlar o‘rtasida mustahkam iqtisodiy aloqalar, yagona qonunchilik, umumiy moliyaviy yoki diplomatik xizmatlar o‘rnatilmagan edi.
Eslab qoling!
Yangi davlat birlashmasida birgina Ittifoq seymi (Bundestag)dan boshqa marakaziy hokimiyat organlari yo‘q edi. Frankfurt-Maynda joylashgan ushbu Ittifoq seymi nemis podsholari vakillarining kengashi hisoblanib, ittifoqdagi 38ta a’zoning hammasini birlashtirgan oliy organ deb e’tirof etildi. Ittifoqda na umumiy diplomatiya vakilligi, na umumiy armiya bor edi (armiya tuzish to‘g‘risida keyinroq qaror qabul qilingan bo‘lsada, ammo amalga oshmay qoldi). Seymning qarorlarini ittifoq a’zolari bo‘lgan suveren podsholar tan olgan taqdirdagina bu qarorlar majburiy hisoblanar edi. German ittifoqi kuchsiz va ahamiyatsiz konfederatsiya edi.
Ittifoq ichida Avstriya ustunlik mavqeyini saqlab qolgandi. Uning vakili ittifoqning doimiy raisi edi, ittifoq majlislari ham keyinchalik, Frankfurt-Mayndagi Avstriya elchixonasi binosida o‘tadigan bo‘ldi. Avstriya hukumati va boshqa reaksion hukumatlar German ittifoqida jandarmlik vazifasini jon-jahdlari bilan bajarib, manarxiya, din va dvoryanlarning imtiyozlarini muhofaza qildilar.
German ittifoqida o‘z ahamiyati jihatidan ikkinchi o‘rinda turgan davlat Prussiya qirolligi edi. Avstriyadagi singari Prussiya qirolligida ham Napoleon haydalganidan keyin feodal-absolutistik reaksiya g‘alaba qildi. Prussiya yerlari bir-biridan ajralgan bo‘lib, ikki asosiy qismdan: eski pruss provinsiyalarini va Poznanni o‘z ichiga olgan sharqiy qismdan va yangi provinsiyalar – Reyn va Vestfaliya provinsiyalarini o‘z ichiga olgan g‘arbiy qismdan iborat edi. Qirollikning ikkala qismi bir-biridan boshqa nemis podsholarining yerlari bilan ajralgan bo‘lib, o‘zining ichki tuzilishi jihatidan ham bir-biridan farq qilardi. Prussiya qirolligining sharqiy provinsiyalarida yunkerlar, siyosiy reaksiyaning asosiy tayanchi bo‘lib qolavergan yirik pomeshchik yer egaligi hukmronlik qilardi.
1807-yilgi islohotdan keyin shaxsan ozod qilingan, ammo siyosiy jihatdan huquqsiz va yersiz qolgan dehqonlarning barshchina o‘tashi va obroklar to‘lashi davom etaverdi.
Qishloqlarda yuqori politsiya hokimiyati va votchina yurisdiksiyasi yunkerlar qo‘lida edi. Prussiyaga qo‘shib yuborilgan polyak yerlari – Poznan va Sileziyada xalq ommasining ahvoli ayniqsa og‘ir edi. Prussiya hukumati Poznan va Sileziyani majburiy suratda nemislashtirib bordi. Bu yerda Prussiya zemstvo huquqi joriy qilingan, ma’muriyatdagi yuqori lavozimlarga nemislar qo‘yilgan, polyak tili maktablardan chiqarib yuborilmoqda edi.
Prussiya qirolligining g‘arbiy yerlari – uzoq vaqt davomida fransuzlar idora qilib kelgan Reyn va Vestfaliya provinsiyalarida pomeshchik yer egaligi sharqdagidek katta o‘rin tutmas, dehqonlar esa krepostnoy qaramlikdan allaqachon ozod bo‘lgan edi. Prussiya qirolligining bu g‘arbiy yerlarida XVIII asrdagi fransuz inqilobi natijasida barpo etilgan burjua tartiblari – hammaning qonun oldida tengligi, sud ishlarining ochiq olib borilishi va boshqalar turmushda mustahkam qaror topib qolgan edi; Prussiyaning sharqiy provinsiyalarida saqlanib qolgan pomeshchiklar yurisdiksiyasi g‘arbda tugab ketgan edi.
Prussiyaning ayrim yerlari o‘rtasida xo‘jalik jihatdan birlik yo‘q edi. Monarxiyaning ikkala qismi o‘rtasidagi diniy ayirma ham kattagina rol o‘ynardi: sharqda protestant, g‘arbda katolik mazhabi hukmron edi.
Napoleon ustidan g‘alaba qozonilganidan keyin Prussiya qiroli Fridrix-Vilgelm III va’da qilingan vakillik tuzumi o‘rniga, sakkizta provinsiyada bir-birlari bilan bog‘lanmagan va faqat maslahatchi xarakterda bo‘lgan toifa landtaglarini ta’sis etdi.
Shimoliy Germaniyadagi mayda davlatlarning ko‘pchiligida, jumladan, Meklenburg, Oldenburg, Braunshveyg va Gessen-Kasselda 1815-yildan keyin eng ashaddiy feodal reaksiya g‘alaba qildi.
Shimoldagi barcha mayda davlatlardagi dehqonlar qaytadan joriy qilingan feodal majburiyatlar va soliqlarning og‘irligidan tinkasi quridi. Gessenning kurfyuristi Vilgelm taxtga qaytganidan keyin fransuzning hamma qonunlarini bekor qildi hamda o‘z qo‘shini ichida parik kiyish va kokil qo‘yishni yana joriy qildi.
Angliya bilan shaxsiy uniyasi tiklangan Gannoverda va Saksoniyada 1815-yildan keyin eski toifa landtaglari yana tashkil qilindi. Faqat Turingiya gersogliklarida (Saksen-Veymar va Saksen-Meyningenda) yangi konstitutsiyaviy tartiblar joriy qilindi.
Janubiy Germaniyadagi to‘rt davlatda: Bavariya, Vyurtenberg, Baden va Gessen-Darmshtadtda, fransuz inqilobining ta’siri va Napoleonning qonunlari mustahkam iz qoldirganligidan, dvoryan-toifa tartiblari to‘la ravishda tiklanishi mumkin emas edi. Mahalliy burjuaziyaning talablariga muvofiq bu davlatlarda 1814-yilgi fransuz xartiyasiga o‘xshash, lekin undan yanada ko‘proq konservativligi bilan farq qilgan konstitutsiyalar joriy qilindi.
Dostları ilə paylaş: |