Hukumat o‘z faoliyati yuzasidan Konstitutsiya bo‘yicha faqat qirol (gersog) oldida javobgar edi. U landtag oldida xarajatlar haqida hisobot berardi. Lekin landtag hukumatning qirol tomonidan tayinlanadigan va almashtiradigan a’zolarini iste’foga chiqara olmasdi.
Barcha german konstitutsiyalarida demokratik huquq va erkinliklarning ancha cheklangan ro‘yhati berilgandi. Biroq bu huquq va erkinliklarning amalga oshirilishi uchun huquqiy kafolatlar yo‘q edi. Shuningdek, Konstitutsiyalarda turli tushuntirishlar, izohlar berilib, ko‘pgina huquq va erkinliklar amalda yo‘qqa chiqarilardi.
Masalan, Baden Konstitutsiyasida e’lon qilingan badenliklarning teng huquqliligi haqidagi qoida ko‘p sonli dvoryan imtiyozlarining saqlanib qolganligi bilan amalda qog‘ozda qolib kyetgan edi. Jumladan, yuqori palatani tashkil qilishdagi maxsus tabaqaviy tartib yoki harbiy majburiyatlarning “sobiq taniqli xonadon a’zolariga” tarqatilmasligi haqidagi qoida badenliklarning teng huquqliligi haqidagi konstitutsiyaviy normaga zid edi.
Konstitutsiyada vijdon, matbuot, ko‘chib yurish, kasb tanlash huquq va erkinlari, xususiy mulk va turar joy daxlsizligi, sudyalarning daxlsizligi va badenliklarning jinoiy ishlarni oddiy sudlarda ko‘rishni talab qilish huquqi, o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olishlarning taqiqlanganligi e’lon qilingan edi.
1848-yilgi inqilob va uning german konstitutsiyashunosligi rivojlanishiga ta’siri
Ma’lumki, Germaniyada 1848-yil boshlarida inqilobiy vaziyat vujudga kelgan edi. To‘qimachilar va fabrika ishchilarning qo‘zg‘olonlari, 1848-yilgi inqilob natijasida Fransiyada monarxiyaning ag‘darib tashlanganligi, Italiyadagi inqilobiy voqealar, Germaniyaning o‘zida yuz bergan iqtisodiy inqiroz, hosil kamligi va boshqalar inqilobni tezlashtirdi. Tez orada butun Germaniya bo‘ylab inqilobiy miting va namoyishlar boshlanib ketdi.
Germaniyaning g‘arbiy va janubiy-g‘arbiy yerlarida liberal burjuaziyaning tez g‘alaba qilganligi – feodalizm tizimini tugatishni talab qilgan dehqonlar ommasining hamjihatlik bilan harakat qilishi natijasi bo‘ldi.
Dehqonlar pomeshchiklarning qasrlarini bosib oldilar, feodal daftarlari va boshqa hujjatlarni yondirib tashladilar, feodallarni esa o‘z huquq va imtiyozlaridan voz kechishga majbur yetdilar.
Kyolnda ham 3-mart kuni juda katta miting bo‘lib, u bundan ilgarigi hamma siyosiy chiqishlarning eng kattasi edi. Miting shahar kengashiga petitsiya topshirdi. Bu petitsiyada umumiy saylov huquqi, so‘z va matbuot erkinligi, doimiy qo‘shinni tugatish va xalqni yalpi qurollantirish, ittifoqlarga birlashish huquqi, “mehnatni himoya qilish va hamma uchun barcha insoniy ehtiyojlarni ta’minlash”, bolalarni jamiyat hisobidan tarbiyalash talablari ilgari surilgan edi. Qo‘shinlar ushbu namoyishni tarqatib yuborgan bo‘lsa ham, ammo uning ahamiyati katta bo‘ldi. Kyolndagi voqealar Prussiyada va Germaniyaning boshqa shaharlarida ham inqilobiy kurashning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Prussiya poytaxti Berlinda ham hal qiluvchi voqealar yuz berdi. Prussiya qiroli va uning hukumati liberal burjuaziyaning bir qancha talablarini qondirishga majbur bo‘ldi. Maxsus farmonlar bilan dehqonlarga nisbatan pomeshchiklar sudi va pomeshchiklarning qaram dehqonlar ustidan politsiyachilik hokimiyati tugatildi, qasamxo‘rlik sudlari siyosiy jinoyatlarga ham tatbiq qilinadigan bo‘ldi, Prussiya Ta’sis majlisi – landtagga ikki pog‘onali saylov o‘tkazildi va boshqa shu singari demokratik tadbirlar amalga oshirildi.
Burjua-demokratik harakat Prussiya bilan bir qatorda boshqa ko‘p german davlatlarini ham qamrab oldi. Qirol va knyazlar bu harakatni bostirish uchun vaqtdan yutish maqsadida Frankfurt-Maynda umumgerman Ta’sis majlisini chiqarishga rozilik bildirdilar. 1848-yil bahorida umumgerman parlamentiga saylov o‘tkazildi. Unda liberal burjuaziya ko‘p o‘rin oldi. Hamma german davlatlaridan iborat bo‘lgan bu Ta’sis majlisi yagona Germaniyaning yangi, hech bo‘lmaganda federal konstitutsiyasini qabul qilishi lozim edi.
Inqilobning asosiy masalasi – Germaniyani birlashtirish masalasida parlamentda Germaniyani Avstriyasiz, “demokratik” imperator boshchilik qilgan Prussiya atrofida birlashtirishga intilgan kichik Germaniya partiyasi deb atalgan partiya bilan Germaniyani Avstriya saltanati panohida birlashtirmoqchi bo‘lgan ulug‘ Germaniya partiyasi o‘rtasida kurash qizib ketgan edi.
Janubiy Germaniya davlatlarining oz sonli mayda burjua guruhi Germaniyani Shveysariya singari federal respublikaga aylantirish talabini qo‘ydi. Parlamentning birinchi qadami Avstriya ersgersogi Ioganni Germaniyaning muvaqqat imperiya noibi lavozimiga saylashdan iborat bo‘ldi. Unga yordam berish uchun Muvaqqat markaziy hukumat tashkil etildi. Biroq german davlatlarida hokimiyat monarxlar qo‘lida qolaverdi.
Frankfurt parlamenti o‘z faoliyatining boshidanoq reaksion siyosat yurgiza boshladi. Bu siyosat milliy harakatlarga nisbatan munosabatda namoyon bo‘ldi. Parlamentning ko‘pchilik a’zolari milliy masalada shovinizm yo‘liga kirib kyetdilar va bo‘lajak Germaniya tarkibida slavyanlar yashaydigan yerlarning hammasini qanday bo‘lmasin qo‘lda ushlab turishga intildilar. Frankfurt majlisida Poznan, Praga va Italiyadagi milliy ozodlik harakatlariga qarshi qon to‘kish harakatlari ma’qullandi va hokazo.
Majlisning dehqonlar masalasidagi siyosati ham antidemokratik siyosat edi. Majlis feodal qaramlikning barcha turlarini yo‘q qilish haqida deklarativ qaror chiqarish bilan cheklandi. Amalda feodal huquqlari saqlanib qoldi, agrar masalani hal etish, dehqonlarni feodal zulmidan ozod etish uchun hech bir ish qilinmadi.
Majlisning xalq ko‘zi oldida kundan kunga obro‘si tushib bordi. Bu hol aksilinqilobning hujumga o‘tishini yengillashtirdi. Natijada Germaniya inqilobining asosiy markazlari – Vena va Berlinda aksilinqilob g‘alaba qozondi. Ana shunday sharoitda 1848-yil kuzida Frankfurt parlamenti o‘zining asosiy vazifasini bajarishga, ya’ni nemis xalqi uzoq vaqtdan beri kutgan birlikni berishi lozim bo‘lgan imperiya konstitutsiyasini ishlab chiqishga kirishdi. Lekin uning tomonidan ishlab chiqilgan imperiya konstitutsiya loyihasi qog‘ozda qolib ketdi. Parijda iyun voqealaridan keyin Germaniya burjuaziyasi reaksiya tomoniga o‘tib kyetdi va ishchilarga qarata o‘q uza boshladi. Dehqonlar ham feodal tuzumning tugatilishi haqidagi va’dalardan so‘ng tinchib qoldilar.
Inqilob bostirildi. Franfurt majlisi miltiqlar tig‘lari bilan tarqatib yuborildi.
Dostları ilə paylaş: |