Kasbga yo’naltirish ishlarining mohiyati va mazmuni. Kasbga yo’naltirish – bu har bir individumning o’ziga xos individual xususiyatlari va mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, o’z kasbiy o’rnini topishi uchun shaxsga ta’sir etishning ilmiy asoslangan shakl, usul va vositalar tizimidir. U insonning kasbiy qiziqishi va imkoniyatlari hamda jamiyatning aniq bir kasbiy faoliyat turiga ehtiyojlarining mutanosibligiga erishishga yo’naltirilgandir.
Kasbga yo’naltirish – mohiyat va samaradorlikni baholash ko’rsatkichlariga ko’ra ijtimoiy-iqtisodiy kategoriyadir. Kasbga yo’naltirishni hal etish vazifalari bo’yicha ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy-fiziologik va psixologik-pedagogik mohiyatga ega muammodir. Kasbga yo’naltirish insonning qobiliyati va iqtidorini maqsadli rivojlantirishda, uning kasb mahorati, ish qobiliyati va salomatligini asrashga imkon yaratadi hamda aholini ijtimoiy himoyalash va uning bandligi sohasidagi davlat siyosatining muhim elementlaridan biri sifatida namoyon bo’ladi. kasbga yo’naltirish shaxsning mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, uning ijtimoiy va kasbiy faolligini oshirish hamda majburiy ishsizlikning oldini olishda muhim rol o’ynaydi. Kasbga yo’naltirish tadbirlari inson tomonidan o’z kasbiy malakasini oshirishning qulay shakllarini izlash, ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuskorlik, intellektual va mehnat mustaqilligini rivojlantiradi.
YOsh avlodni ongli ravishda kasb tanlashga tayyorlashga, uni har tomonlama va barkamol rivojlantirishning shart-sharoiti sifatida qaraladi. Bu shaxsning ma’naviy, aqliy, mehnat, estetik va jismoniy tarbiyasi, ya’ni barcha o’quv-tarbiya jarayoni bilan uzviy birlikda amalga oshiriladi.
Kasbga yo’naltirish quyidagi qismlarni o’z ichiga oladi: Kasbiy axborot, kasbiy maslahat, kasbiy tanlov va saralash, kasbiy moslashish.
Kasbiy axborot – ma’lum bir kasbni egallash hohishi bo’lgan shaxsga, turli mutaxassisliklarni egallashning shakl va sharoitlariga, kasbiy malakalarning o’sish imkoniyatlariga mehnat bozorining holati va ehtiyojiga, kasbiy qiziqishlarning shakllanishiga, shaxsning istak va ko’nikmalariga qo’yilgan talablar hamda zamonaviy kasblarning istiqboli va mazmuni to’g’risidagi ma’lumotlarni to’plash, targ’ibot qilish chora-tadbirlaridir.
Kasbiy maslahat – kasb tanlash yoki faoliyat turinio’zgartirishda yordamga muhtoj bo’lgan shaxsning individual-psixologik xususiyatlari, shaxsiy fazilatlari, kasbiy qiziqishlari, moyilligi, sog’ligi va mehnat bozori ehtiyojlarini o’rganish asosiyda psixologik-maslahatchi bilan ilmiy tashkil etilgan o’zaro muloqot tizimidan iborat.