Demakratik jamiyatda bolalar, umuman, har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanadi. Agar bolalar erkin fikrlashni o’rganmasa, berilgan ta’lim samarasi past bo’lishi muqarrar. Albatta, bilim kerak. Ammo bilim o’z yo’liga. Mustaqil fikrlash ham katta boylikdir. Umumta’lim maktablarining oqsoq tomonlari haqida gapirar ekanmiz, bir muhim muammoni ta’kidlamasdan o’tolmaymiz. Bu muammo – bugun 9-sinfni bitirayotgan bolalarimiz taqdiri. Respublikamizda taxminan 5 million 200 ming maktab o’quvchisidan 9-sinfni bitirayotganlar 450 ming nafar bolani tashkil qiladi.
Xo’sh, o’zimizcha bir tasavvur qilib ko’raylik 9-sinfni tugatayotganlarning keyingi yo’li – taqdiri qanday bo’lib qolmoqda?
Ma’lumotlarga qaraganda, ularning 250 ming nafarga yaqini, ya’ni 55 foizi 10-sinfda o’qishni davom ettirar ekan, taxminan 100 ming nafari hunari – texnika yoki maxsus o’quv yurtlariga kirishi mumkin. Qolganlari esa – gap 100 ming nafar bolalarimiz haqida ketayapti – hisob-kitob bo’yicha, umuman ko’chada qolmoqda. Bu ma’lumot ham to’liq emas. 11-sinfni bitirayotganlardan 20-25 ming nafari, ya’ni hammasi bo’lib, 10 foizi oliy o’quv yurtlariga o’qishga kirishi mumkin.
Qolgan 90 foizi esa na bir aniq ixtisos, na bir ertangi hayotga kerak bo’ladigan malaka va na bir kasb-hunarni egallay olmayapti. Va shuning oqibatida 16-18 yashar yigit-qizlarimiz o’z qobiliyati, havasi, intilishiga mos, hayotda o’ziga munosib o’rin topolmayapti. Kimki bu raqamlarni, bu achinarli holatni chuqur tahlil qilsa, yuragidan o’tkazib, o’zining shaxsiy dardiday anglasa, albatta, bunday vaziyatga beparvo bo’lib qolishiga ishonmayman. SHuning uchun ham bugungi zamon talabi, ertangi kelajagimizning tashvishlari bizdan xalq ta’limi tizimini isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.
Ma’lumki, xalq ta’limining asosiy bugunini uzluksiz ta’lim tashkil etadi. SHu sababli, bu masalaga alohida diqqat-e’tibor qaratish darkor. Uzluksiz ta’limni davlat ta’lim standartlari va tegishli ta’lim dasturlari bilan ta’minlashda, avvalo, ularning jahon talablari darajasida bo’lishiga, yuksak ma’naviyat zaminida qurilganiga asosiy e’tibor berish kerak. SHuning uchun ham umumta’lim dasturlarini maktabgacha tarbiya, boshlang’ich, umumiy ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim tarzida tuzsak, maqsadga muvofiq bo’ladi. Buning uchun quyidagi tizimni asos qilib olsak, ko’zlangan natijalarga erishamiz, debo’ylayman.
Birinchi. Maktabgacha ta’lim. Uch yoshdan boshlanib, olti-etti yoshgacha oilada, bolalar bog’chasida va mulkchilik ko’rinishidan qa’ti nazar, boshqa xil ta’lim tashkilotlarida olib boriladi.