2.Sinonimlarning uslubiy xususiyatlari. Sinonimlarni qo`llashda hissiy-ta’siriy bo`yoq mavjudligi jihatidan farqlanadi: yuz, aft, bashara, bet, chehra, jamol, ruxsor, diydor sinonimik qatoridagi yuz so`zi ma’nosi betaraf so`z bo`lsa, bet, aft so`zlari salbiy bo`yoqqa ega, bashara so`zida esa salbiy bo`yoq yanada kuchli, turq so`zida bashara so`ziga nisbatan ham kuchliroqdir; chehra ijobiy bo`yoqqa ega, jamol so`zida bu bo`yoq yanada kuchli. SHuningdek, sinonimlarning ishlatilish doirasi chegaralangan yoki chegaralanmagan bo`lishi mumkin: keksa, qari, oqsoqol, nuroniy, mo`ysafid sinonimik qatoridagi qari so`zining ishlatilish doirasi keng, qolganlariniki esa chegaralangan. Sinonimlarni o`rinsiz ishlatish oqibatida turli uslubiy xatolar kelib chiqadi: Buldozer ko`chamizda yiqilay deb turgan devorlarni bir chekkaga surib yo`l ochar edi gapida yiqilay so`zi noo`rin qo`llangan, chunki bu so`z odamlarga nisbatan ishlatiladi; bu gapda devorga nisbatan qulamoq so`zi ishlatilishi kerak edi.
3. Antonimlarning uslubiy xususiyatlari. Antonimlardan to`g`ri foydalana olmaslik ham uslubiy xatoliklarni keltirib chiqaradi: CHoyxona mudiri YUsufjon Nozimov turmushning issiq-chuchugini totigan kishiga o`xshaydi. Bu gapdagi issiq-chuchugini juftligi o`rnida achchiq-chuchugini juftligi ishlatilishi kerak edi. Antonimlardan foydalangan holda yaratiladigan badiiy san’at tazod (antiteza) deb ataladi.
4. Paronimlarning uslubiy xususiyatlari. Paronimlarni to`g`ri qo`llamaslik natijasida ham xatoliklar kelib chiqadi: CHanoqlardagi lo`ppi ochilgan paxtalar quyoshda yarqirab kumushdek toblanadi. Bu gapdagi toblanadi so`zi o`rnida tovlanadi so`zi ishlatilishi kerak edi.
5. Turli sabablarga ko`ra qo`llanishi chegaralangan so`zlarning uslubiy xususiyatlari. Bunday so`zlarga eskirgan va yangi so`zlar, sheva, kasb-hunarga oid so`zlar, atamalar, jargonlar kiradi. Nutqda bu kabi so`zlar ham muhim uslubiy vazifalar bajaradi. Arxaizmlardan badiiy yoki ommabop asarlarda nutqqa kinoya, hajv ruhini kiritish uchun foydalanilsa, tarixiy so`zlardan o`tmish voqeligini ifodalash maqsadida foydalaniladi. SHeva so`zlari mahalliy ruhni ifodalashda ishlatilsa, atamalar ilmiy va badiiy asarlarda fan-texnikaga oid tushunchalarni ifodalash uchun ishlatiladi, jargonlar esa ma’lum toifaga mansub kishilar nutqini berish uchun zarurdir.
Albatta, bu guruh so`zlardan foydalanganda, chegaradan chiqmaslik lozim, aks holda nutqda g`alizlik paydo bo`ladi:
1. Terilgan paxtani tashib turish uchun ko`tarimchi ajratildi. 2. Buning ustiga tokarlikstanoginingreztsoderjateli o`rniga maxsus moslama tayyorlanib unga grebenlarni tozalovchi frez o`rnatildi. Birinchi gapda ko`tarimchi degan o`rinsiz yasalgan yangi so`z ishlatilgan bo`lsa, ikkinchi gapda atamalar me’yordan ortiq ishlatilgan.
Nutqda ibora, tasviriy ifoda va maqollar ham ma’lum uslubiy vazifa bajaradi. Iboralardagi omonimlik, sinonimlik, antonimlik xususiyatlari, tasviriy ifodalardagi balandparvozlik, maqollardagi mazmuniy ixchamlik katta uslubiy imkoniyatlar yaratadi: Bir yoqadan bosh chiqarmoq iborasi badiiy nutqqa mansub bo`lsa, bir jon, bir tan bo`lmoq iborasi umumnutqqa xosdir. YOzuvchi va shoirlarimiz ham ibora va maqollar ijod qilishadi: O`likning yog`ini, tirikning tirnog`ini eydi bu. (Abdulla Qahhor) O`qsiz soldat – qilichsiz qin. (Oybek)