Fe’llarga xos uslubiy xususiyatlar 1. Shaxs-son qo`shimchalarining sinonimiyasi: 1) fe’lning 2-shaxs birlik qo`shimchasi o`rnida 2-shaxs ko`plik qo`shimchasi qo`llanadi: Amaki, ertaga kelasizmi? 2) fe’lning 1-shaxs birlik qo`shimchasi o`rnida 2-shaxs birlik qo`shimchasi ishlatiladi: Tabiatning ishlariga hayron qolasan kishi. 3) 2-shaxs ko`plik o`rnida 1-shaxs ko`plik qo`shimchasi qo`llanadi: Bolalar, bugun diktant yozamiz. 4) 2-shaxs ko`plik o`rnida 3-shaxs birlik qo`shimchasi ishlatiladi: U norozi ohangda dedi: - SHunaqa ish bilan hazillashib bo`ladimi? 2. Zamon qo`shimchalarining sinonimiyasi: 1) hozirgi zamon davom fe’li o`rnida hozirgi-kelasi zamon shakli qo`lla-nadi: Butun qishloq ular haqida gaplashishadi (gaplashishyapti). 2) kelasi zamon o`rnida hozirgi zamon shakli qo`llanadi: Ertaga terimga tushyapmiz. 3) hozirgi zamon o`rnida o`tgan zamon shakli keladi: Qarasam, yugurib kelayotibdi. 3. Mayl qo`shimchalari sinonimiyasi: 1) ijro maylidagi fe’l buyruq mayli o`rnida keladi: Qani, ketdik, bolalar. 2) ijro mayli shart mayli o`rnida keladi: Kelaman dedingmi, kelish kerak. 4. Nisbat qo`shimchalari sinonimiyasi: 1) birgalik nisbati qo`shimchasi ko`plik qo`shimchasiga sinonimdir: Ular kelishdi – Ular keldilar. 2) nisbat qo`shimchalari ichida o`zaro sinonimlikni hosil qiladiganlari ham bor: -l, il,-n, -in, -sh, -ish; -t, -tir, -dir, -ir, -giz; -kiz, -kaz, -qiz, -qaz. 5. Fe’l yasovchi qo`shimchalar sinonimiyasi: 1) ba’zi yasama fe’llar iboralarga sinonim bo`ladi: gulladi – gulga kirdi. 2) qo`shimcha yordamida yasalgan fe’llar qo`shma fe’llarga sinonim bo`ladi: himoyaladi – himoya qildi. 3) fe’l yasovchilar o`zaro sinonim bo`ladi: sizlamoq – sizsiramoq, suvsamoq- suvsiramoq.