II bob. Alisher Navoiyning adabiy merosi Maqsud Shayxzoda talqinida 2.1 Shoirning lirik merosiga munosabat Tarix hukmi shunga guvohki, xalqchil, insonparvar va yuksak san`at
namunasi bo'lgan asarlargina davrlar sinovidan o'tib yangidan-yangi avlodlarga
ma`naviyat va ma`rifat nurlarini taratib ardoqli meros sifatida qadrlanadi. Ulug'
Alisher Navoiy yaratgan bebaho badiiy durdonalar ana shunday taqdirga ega. Yana
shu ham haqiqatki, buyuk obidalarni bunyod eta olgan umri bezavol
mutafakkirlarninng har bir so'zi, inson va insoniyat, hayot va jamiyat haqidagi
qarashlari, go'zallik, nafosat borasida bildirilgan mulohazalari qimmatli va
qadrlidir .
Har bir ulug' shoir yoki yozuvchi olim va san`atkor ayni vaqtda ulug'
insondir. Shuning uchun bunday ijodkorlarning asarlarini o'qish, o'rganish bilan
cheklanib qolmasdan, ularning hayot yo'lini ham bilish lozim.
Alisher Navoiy ham shunday buyuk siymolarimizdan biridir. Navoiyning
hayoti va ijodini o’rganishda Y.E.Bertels, Ayniy, Oybek, Fitrat, A.Hayitmetov,
B.Valixo'jayev, M.Shayxzoda, Y.Ishoqov, N.Komilov, R.Vohidov, I.Haqqul
singari olimlarimiz ko'p qimmatli ishlarni amalga oshirdilar. Ular o'z ilmiy ishlari
bilan el nazariga tushdilar. Alisher Navoiy adabiy faoliyatini o'rganishda ibrat
ko'rsatdilar. A.P.Qayumov "Xamsa" tarkibidagi har bir dostonga bir kitob
bag'ishlab, ilmiy beshlik yaratdi. Alisher Navoiy tarjimai holiga doir esse janriga
kitob nashr ettirdi. Professor А.Hayitmetovнинг shu ulkan alloma ijodiga doir
mulohazalari o'nga yaqin kitob sahifalarida bayon etildi. Shunday tafsilotlarni
ro'yxatdan joy olgan boshqa navoiyshunoslarimiz xususida ham hech ikkilanmay
aytish joizdir .
Navoiyshunos olimlarimizdan biri Maqsud Shayxzoda qariyb 30 yil (1939-
1967) mobaynida ulug' mutafakkir ijodi ustida ishlab, yigirma beshga yaqin
adabiy-tanqidiy maqola va monografik xarakterdagi tadqiqotlar yaratdi. Ular
asosan, "Navoiy adabiy merosi haqida" (1939), "Navoiy va Bobur" (1939), "Navoiyda adlu insof masalasi" (1941), "Genial shoir" (1941), "Navoiyda lirik
qahramonning xarakteristikasiga doir" (1947), "Yuksak g'oyalar va chuqur
tuyg'ular kuychisi" (1948), "Klassik adabiyotimizning ulug' siymosi" (1948),
"Navoiyning ilk dostoni", "Hayrat ul-abror haqida" (1958), "Ustodning
san`atxonasida (to'rt maqola, 1965-1966) va "G'azal mulkining sultoni" (1966) va
boshqalardir.
"Navoiy ijodi shunday ulug' bir dengizki, undan har kim o'z kosasiga
yarasha bahramand bo'ladi", deguvchi Maqsud Shayxzoda ulug' mutafakkir
merosini o'rganish murakkab, g'oyat mas`uliyatli va sermehnat ish ekanligini
chuqur his qildi. Navoiy ijodi haqidagi qaysi bir masala qo'lga olinmasin, Maqsud
Shayxzoda ularga qat`iy ilmiy-tarixiy nuqtai nazardan yondoshadi, izchil vа
muayyan tadqiqiy tamoyilga amal qildi.
Alisher Navoiy mavzui Maqsud Shayxzoda adabiy faoliyatida markaziy
o'rinlardan birini egallaydi, desak xato bo'lmaydi. U serqirra ijodkor sifatida
Alisher Navoiy adabiy merosiga zo'r ehtiros, katta qiziqish bilan munosabatda
bo'lgan. Ulug' mutafakkir shoir asarlari xususida Maqsud Shayxzoda shunday
deydi: "Navoiyning asarlari bizga katta xizmat ko'rsata oldi. Navoiyning ishlash
uslubi, mehnatni uyushtira bilishi, tarix oldida, xalq oldida va o'z vijdoni oldida
mas`uliyat sezishi, asarlarning chuqur g'oyaviyligi, har bir misra ustida zargar
singari puxta ishlashi va boshqalar yosh yozuvchilar uchun o'rnak bo'la
olur”.6 Darhaqiqat, Navoiyning har bir so'zi hozir ham purma`no hikmat bo'lib
jaranglamoqda, hozir ham bizga ibrat va saboq bo'lmoqda. Buyuk shoirning
mavqei va vazifasi, tarixiy burchi va beqiyos ezgu niyatlari uni ilm-u adabning
turli sohalarda qalam surishga, turli sohalarda o'z qarashlarini aniqlashga, turfa xil
tabaqa vakillarini o'rganish hamda ular haqida fikr bildirishga undar, o'zigachа
bo'lgan adabiyoti, san`at va madaniyat yutuqlarini tadqiq qilish, yosh ijodiy
kuchlarga rahnamo bo'lishga, forsiy va turkiy adabiyot orasidagi aloqalarni
mustahkamlash va ayni vaqtda turkiy tilda ijod qiladiganlarni har tomonlama
rag'batlantirishga, kuch-g'ayrat sarflashga undar edi. Shuning uchun Navoiyning
badiiy asarlarida ham, ilmiy tazkira va tadqiqotlarida ham, hamma-hammasida
yetakchi niyatlarning izhorini ko'ramiz. Zero, prezidentimiz ta`kidlaganlaridek:
"Alisher Navoiy xalqimizning ong va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun
bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz
namoyandasi, millatimizning g'ururi, sha`n-u sharafini dunyoga tarannum qilgan
o'lmas so'z san`atkoridir...
Maqsud Shayxzoda siymosida Alisher Navoiy adabiy merosining yetuk
targ'ibotchisi namoyon bo'ladi. Sh.Shoabdurahmonovning Maqsud Shayxzoda
haqidagi xotiralarida shunday jumlalar bor: "Maqsud Shayxzoda saboqlaridan men
va kursdoshlarim mumtoz adabiyotimizni, ayniqsa, keyinchalik o'zi "G'azal
mulkining sultoni" deb atagan buyuk Alisher Navoiy ijodini undan birinchi
marotaba o'rgangan edik, o'rganganda ham to'laligi, mufassalligi bilan o'rgangan
edik.
Esimda, ustoz Navoiydan saboq berganda uni faqat programmada
ko'rsatilgan "Xazoyinul maoniy" va "Xamsa" aarlarinigina emas, balki "Majolisunnafois", "Mezonul-avzon", "Lisonut-tayr", "Muhokamatul-lug'atayn", "Mahbub ulqulub" kabi jahon madaniyatiga katta hissa bo'lib qo'shilgan asarlari haqida ham muxtasar ma`lumot berib, Navoiyning mukammal ijodiy portretini yaratishga erishar edi.
Maqsud Shayxzoda Mir Alisher Navoiy ijodiyotini o'rganar ekan, ulug'
mutafakkirning shoirlik mahorati, adiblik salohiyati, olimlik iqtidorini chuqur
yoritib beradi. U Navoiy ijodidagi asosiy xususiyatlar, gumanistik g'oyalar,
badiiyat masalalari, ijtimoiy-falsafiy, siyosiy-ma`rifiy qarashlari tadqiq etib yaxshi
natijalarni qo'lga kiritadi. Maqsud Shayxzoda Navoiy lirik merosini o'rganishga alohida e`tibor bilan qaradi. Navoiyshunoslarimiz oldida turgan eng muhim vazifa Navoiyning lirik qahramonidagi boy ma`naviyatni belgilash, so'ngra lirik qahramonning xarakterini ochishda shoir tomonidan qo'llangan tipik priyomlarni aniqlash" ekanligini alohida ta`kidlab ko'rsatdi. Va bu borada barakali ilmiy talqiqot ishlari olib bordi. Nihoyat, 1965-yildan boshlab Navoiyning lirikasiga bag`ishlangan "Ustodning san`atxonasida" katta monografik kitobining dastlabki boblarini e`lon qilishga kirishdi. Muallif bu asarida Navoiy she`riy san`atini oziqlantirgan, Sharq klassik lirikasining asosiy mag'zini tashkil etgan "Ilmi aruz", "Ilmi bade’", "Ilmi qofiya" muallif ta`biri bilan aytganda, "bilimlar o’chog’i"ning tarixi, ta`rifi va xususiyatlari haqida mufassil to'xtab, asosiy diqqat-e`tiborni "Ilmi bade’"ga qaratdi. "Masalaning mag'zi shundaki, - deydi Maqsud Shayxzoda.7 Alisher Navoiy o'z poetik ijodini faqat ilhom va tuyg'u omillariga rom qilmasdan, o'z zamonasining adabiyot, qoida va nazariyalariga "Ilmi bade’" usullariga rioya qilib yaratgan. To'la qanoat bilan aytish mumkinki, muallif o'z oldiga qo'ygan murakkab va qiyin ilmiy vazifani bajarishga muvaffaq bo'lolgan.
Maqsud Shayxzoda birinchi bo'lib Navoiyni "G'azal mulkining sultoni"
deb ta`riflagan va bu iborani ilmga olib kirgan olimdir. Zahmatkash olim Alisher
Navoiyning lirik merosini o'rganar ekan, ulug' shoir - Navoiy o'zining buyuk
iste`dodini, asl dahosini bilim, g'ayrat va tajribasini ulug' niyatlar xizmatiga
qo'ygani, poeziyani kishilik jamiyatining zaruriy bir ehtiyojiday bilganini e`tirof
etib shunday yozadi: "Uning (Navoiyning) zarbulmasalga aylanib ketgan ta`birlari,
baytlari, misralari inson, xalq, bashariyat haqidagi g'amxo'rligi, adolat, insof va
to'g'rilik yo'lida olib borgan tinimsiz kurashi bu xassos yurakda naqadar zo'r
muhabbat qaynaganiga, bu yorqin manglay miyada naqadar oliy fikrlar va g'oyalar
javlon urganiga shohiddir.
Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiy merosini o'rganar ekan, ulug' shoirning,
xalqsevarlik, insonparvarlik, odamiylik, mehr-u sahovat bilan to'lib toshgan qalbi
o'tkir tafakkuri, teran falsafasi, shaffof orzularidan hayrat kashf etadi. Navoiy
ijodiga berilgan noto'g'ri baholarni, xulosalarni tanqid qilib, asl haqiqatni "g'azal
mulkining sultoni"ning o'z qalamiga mansub asarlar bilan isbotlaydi. Chunonchi,
Navoiy lirikasida zamondan shikoyat, umidsizlik, tushkunlik kayfiyati kuchli
bo'lgan, - degan qarashlarga javoban Maqsud Shayxzoda shunday yozadi: "Shoir,
she`rda (so'zda) dard ila so'zni (kuyish, kuyinishni) asosiy unsur deb qabul qilar
ekan, shu bilan yig'loqilikni, umidsizlikni targ'ib qilmoqchi bo'ladi, deb hukm
chiqarishimiz noto'g'ri bo'lar edi. Basharning, odam avlodining dardi, uning
qayg'usi og'ir va musibatli yo'llarni bosib, nuroniy manzilga qarab intilishi,
qurbonlar, qirg'inlar va haqsizliklar tufayli o'ksinishi demakdir.
"Ko'ngil shikoyatidan yuz risola yozmishman..." degan shoir hayot va
jamiyatning xunuk hodisalaridan dilgir bo'lib, katta ijtimoiy falokatni "ko'ngil
risolasi", ya`ni lirik she`rlari orqali izhor qilishga muvaffaq bo'lgandir.
Maqsud Shayxzoda Navoiy she`riyatini so'zlarni ipga tizib, xalqning bahrasi
uchun ma`nolar xazinasidan terilgan gavharlar deb biladi va ularni shaklan puxta
yuksak mazmunli asar sifatida baholaydi. Ulug' mutafakkir ijodiyotining muxlisi
bo'lgan olim uning lirikasiga alohida ixlos va ikrom ko'rsatadi. "Xazoyinul -
maoniy"ni obrazli qilib aytganda, bir qalbning tarjimai holi, - deydi. "Bu qalb
shunday bir xassos va badavlat yurakligini asrning hech bir hodisasi, zamonaning
hech bir muammosi, jamiyatning hech bir voqeasi kishilarning hech bir davrdi,
sevinchi va orzusi unda iz qoldirmay, uni chetlab o'tib ketolmaganligini
ta`kidlaydi. Navoiyning lirik asarlari birinchi navbatda g'azallari, mustahzodlari va
qit`alari hali shoir hayotligidayoq katta shuhrat topganini, bu she`rlarning ovozasi
Turkiston, Hijoz, Nishopur, Isfahon, Ajamiston, Iroq tomonlariga borib yetganini
tarixiy manbalar asosida ilmiy dalillab beradi.
Navoiy lirikasini sinchiklab ko'zdan kechirmgan tadqiqotchi bu shoirning
deyarli barcha she`rlarida gavdalanayotgan lirik qahramonning bosh xislatini
kuzatib boradi va bu xislatni odamzodning qadri uchun kuyinish belgisidan iborat
deb biladi. Shuning uchun Navoiy lirikasida basharning baxtini o'ylash har doim
asosiy o'rinda turishini qayd etadi. Maqsud Shayxzoda baxt va inson qadri buyuk
Alisher Navoiyni butun umr o'ylatgan va kuylatgan ekan, uning lirik qo'shiqlari
asrlar va nasrlar osha sevilib o'qilib kelishining sirri asrorini ham shundan deb
biladi. Zeroki, inson baxti shunday bir azaliy va abadiy kuydirki, kurrai
zaminimizda inson avlodi barqaror bo'lar ekan, bu kuylar davrdan-davrga ko'chib
borug'usidir.
Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiy lirikasining ba`zi bir poetik usullari
haqida ("G'aroyibus-sig'ar" devoni bo'yicha) maxsus izlanish olib borar ekan,
devon Sharq mumtoz adabiyotining deyarli barcha lirik janrlarini o'z ichiga
olganligini qayd etadi va o'zi e`tirof etgan "Deyarli" so'ziga izoh kiritib, shunday
yozadi: "...devonda g'azal, ruboiy, hikmat, marsiya, faxriya, bahoriya, mutoyiba,
soqiynoma, fard, qit`a, munojot, na`t, tarkibband, tarji`band, murabba, muxammas,
musaddas, musamman kabi turlarni ko'rganimiz holda Sharq devonlariga odatda
kiritilib turgan qasida yoki madhiya yoxud ithof ruhida (tuhfa tarzida) yozilgan
alohida she`rlarni ko'rmaymiz. Shu sabab olim "deyarli" so'zini
qo'llagan. Demak, bundan shu narsa ayon bo'layotirki, Shayxzoda har bir fikrini
tarozida o'lchab ko'radigan, bir tomonlama, zo'rma-zo'raki tahlillardan yiroq,
taxminiy va xayoliy faktlar emas, aniq va ilmiy dalillarga suyanib ish ko'radigan
mohir va zukko olim bo'lgan.8 Navoiyshunoslikning murakkab masalalaridan biri ulug' shoirning she`riy
merosini davrlashtirishdir. Bu masalaga birinchi bo'lib 1940-yillarda navoiyshunos
olim Maqsud Shayxzoda e`tibor qilgan. U "Xazoyinul-maoniy"ga kirgan to'rt
devon ("G'aroyibus-sig'ar" - Bolalik g'aroyibotlari", "Navodirush-shabob" -
Yigitlik nodirliklari", "Badoe`ul-vasot" - "O'rta yosh badialari", "Favoidul-kibor" -
"Keksalik foydalari") kishi umri faollariga qarab nomlanganini g'oyat shartli deb baholagan lirik Maqsud Shayxzoda "Navoiyning lirik qahramoni haqida" degan
maqolasida "G'aroyibus-sig'ar"dagi:
Kechti umrum naqdi g'aflat birla nodonlikda, hayf –
Qolg'oni sarf o'ldi anduhu pushaymonlikda hayf.
matlai bilan boshlangan g'azalning birinchi devondan joy olganini, uni aslo
bolalikda yozilgan she`rlar sirasiga kiritish mumkin emasligini ta`kidlagan. Shu
bilan birga, Maqsud Shayxzoda shoirning "G'aroyibus-alg'or" devoni ustida
tadqiqotlar olib borar ekan, bu Devonning asosiy qismini g'azallar tashkil etishini
aytib o'tadi.
Navoiy g'azalining asosiy va birinchi xislati, - deb e`tirof qiladi Maqsud
Shayxzoda - mantiqiy tarzda tuzilishi, bir momentning ikkinchi momentdan tug'ilib
kelishidir. Bu juda muhim bir xislatdir. Chunki bir g'azalnavis shoirlarda she`r,
go'zal va alohida baytlardan iborat bo'lib, mexanik ravishda tuzilgani uchun undagi
baytlar oldinma-keyin qilib almashtirilsa, o'qigan kishi bu o'zgarishning farqiga
yetmasligi ham mumkin... Navoiyda biz boshqa bir xususiyatni ko'ramiz. Fikriy
muddaoning butunligi, tasvirda faqat subyektiv hislarning jilvasini emas, obyektiv
hayotiy voqealarning eng kichik lirik she`rlarini ham mantiqiy iplar bilan
bog'lashni talab qiladi. Buning natijasida g'azalda butunlik, baytlarning bir-biriga
tasodifiy emas, mantiqiy munosabatlar bilan bog'langanini ko'ramiz.
Mo'jaz bir g'azalda yaxlit badiiy lavhani yuzaga keltirib, undagi baytlarni
boshdan-oxir yagona g'oyaviy maqsad talablariga muvofiq shaklda tuzish-u, hech
shubhasiz, shoirdan malaka va mahoratni talab qiladi. Ana shunday malaka va
mahorat buyuk mutafakkir Alisher Navoiyda mujassam edi. Bu holatni Maqsud
Shayxzoda Navoiyning quyidagi g'azali orqali izohlab beradi:
Yordin ayru ko'ngul mulkidurur sultoni yo'q,
Mulkim sultoni yo'q, jismi dururkim joni yo'q.
Jismdin jonsiz ne hosil, ey musulmonlarkim, ul
Bir qaro tufroqdekdurkim, ul rayhoni yo'q.
Maqsud Shayxzoda g'azalda baytlarning ma`naviy va shakliy bog'lanishiga
e`tibor qilinsa, Navoiy lirikasi uchun xarakterli bo'lgan bir xususiyat ko'zga
tashlanishini ta`kidlaydi.
I bayt: a) Yorsiz ko'ngul - rayh9onsiz mulk, Sultonsiz mulk - jonsiz jism.
II bayt: Jonsiz jism - rayhonsiz tuproq.
III bayt: Rayhonsiz tuproq - oysiz kecha.
IV bayt: Oysiz kecha - obihayot chashmasi bo'lmagan qorong'u g'or.
V bayt: Chashmasiz qorong'u g'or - jannat bog'idan uzoq turgan do'zaxiy
VI bayt: Jannat bog'idan umidsiz qolgan do'zaxiy - maysiz xumoriy.
VII bayt: Lirik xotima (hajr bilan vasl qarama-qarshiligi).
Bu sxemadan ayondirki, g'azaldagi baytlar fikran, jismonan ham voqean birbiriga chambarchas bog'langandir. G'azal boshdan-oyoq tashbih bilan, qatormaqator hayajonli lavhalar bilan borgan sayin taassurotni keskinlashtirib bayon qiladi. Bu tashbihlar bir-birlari bilan shunchalik mantiqiy ravishdа bog'liqki, agar masalan, bu g'azalda V baytni II bayt bilan almashtirsangiz, she`rdagi mantiqiy ip uzilib, ma`no buzilib, g'azalning muntazam imorati qulab ketadi.
Shuni alohida ta`kidlab o'tish joizki, sevgi va sadoqat, visol ishtiyoqi va
hijron iztirobi, vafo va do'stlik, shafqat va marhamat, Vatanga va xalqqa muhabbat,
xalqlar do'stligi, insof va adolat, mehnat va ma`rifat, odob va tavoze, himmat va
saxovat, halollik va to'g'rilik, shodlik va tabiat ko'rki, shu bilan birga, zulmistibdoddan nolish, jaholatni fosh etib, badbin yoki hiylakor shayx-zohidlarni
tanqid qilish va boshqalar Navoiy lirikasidan masalalar silsilasini tashkil etadi. Bumasalalar talqinida ulug' shoir va mutafakkir Navoiy ba`zan ziddiyatlarga yo'liqadi,
ayrim muammolar oldida lol qoladi. Lekin shunga qaramay, xalqparvarlik,
insonning baxt-u saodati uchun kurash va uning kuch-qudratiga, aql-zakovatiga
ishonch lirikasida asosiy va yetakchi bo'lib, ayrim ziddiyatlarni yechib beradi.
Shuning uchun ham Shayxzoda Navoiyning ichki kechinmalarini lug'at kitobi
deydi. Ayni chog'da Navoiyning sevgi lirikasi oshiq va ma`shuqaning ishqiy
kayfiyatlari darajasidan yuqori ko'tarilib, keng ijtimoiy-falsafiy mohiyat kasb
etishga alohida to'xtaladi. Navoiy sevgi mavzusi orqali hayotga, insonga
muhabbatni kuylashini, badbinlik va tarkidunyochilikka qarshi kurashib, yashagan
muhitining ayrim illatlarini fosh etishi, olijanob insoniy fazilatlarni targ'ib qilishini
tadqiq qiladi va shoir g'azallarini g'oyaviy-mavzuviy jihatdan shartli ravishda uch
qismga bo'lgan:
1. Oshiqona g'azallar.
2. Rindona g'azallar.
3. Orifona g'azallar.
1966-yilda yozilgan "G'azal mulkining sultoni" maqolasida shunday
deyiladi:
“Alisher Navoiy dunyo adabiyotiga eng ko'p g'azal yaratgan liriklardan
hisoblanadi. Lekin to'rt devonni tashkil etayotgan lirik asarlar (90 foizi g'azal)da
siz bironta sharoitga moslanish, xushomad ruhida baytlar to'qish, dunyodorlarga
ta`zim qilish holatlarini ko'rmaysiz. Navoiy g'azalni vijdoniy burch ma`nosida
tushunganidan, jamoatchi bo'lganidan, undagi eng nozik va eng intim sezgilarning
ham tagida haqqoniy va mantiqiy bir hodisa yotadi. Bu jihatdan olganimizda uning
o'n minglab g'azallari sodiq sipohlardek g'azalxon dilining biron nuqtasini egallab
olib hamisha shoir bilan inson o'rtasida magnit qudratiday bir ijodiy rag'bat saqlab
turmoqda. Shoirdagi shu nodir qudratni e`tiborga olib, meni uni g'azal mulkining
sultoni deb ta`rifladim”.10 Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiyning lirikasidagi badiiyat masalasiga ham
alohida e`tibor qiladi. Xususan, badiiy san`atlardan tanosib, tamsil, tashbeh va
tazodga alohida to'xtalib, Navoiyning xizmatlarini bir-bir ko'zdan kechirib chiqadi.
Maqsud Shayxzoda tanosib haqida gapirar ekan, uni klassik she`riyatda eng
ko'p tanilgan va ko'proq tadbiq etilgan she`riy san`atlardan biri deydi. U ustodning
ijodxonasini ko'zdan kechirar ekan, uning to'rtta lirik devoni bo'yicha tanosib
san`atining katta bir mavqe ishg'ol qilib kelganini aytadi. Haqiqatan ham, tanosib
san`ati lirikaning barcha turlarida muvaffaqiyat bilan tadbiq qilinib kelgan. U
ko'pincha g'azalning bir yoki ikki, ba`zan esa uch baytini o'z ichiga oladi va bu birikki bayt doirasida katta chuqur va yaqqol bir g'azalning barcha baytlarini ayni bir tanosib sistemasiga kiritish voqealari kamdan-kam uchraydi va zotan, bunga hojat ham yo'qdir, chunki kamida yetti va ba`zan to'qqiz yoki o'n bir bayt doirasidagi g'azalda hamma so'zlarni va suratlarni jinsdoshlik va monandlik belgisi ostida yig'ib tasvirlash she`rxonni zeriktirgan bo'lar edi.
Tanosib san`ati faqat tabiat manzaralari va kishining ruhiy kayfiyatlari bilan
cheklanmasdan, tarixiy hodisalarga yoxud afsonaviy rivoyatlarga ham tadbiq
qilinishi mumkin.
Shayxzoda tanosib san`atining ichki qoidalariga to'xtalar ekan, bu qoidalar,
bir tomondan, san`atkorga qo'llanma rolini o'ynagan bo'lsa, ikkinchi tomondan,
she`rxonlarga she`rni to'g'ri anglashda va hatto ba`zan, ayrim kotiblar yo'l qo'ygan
xatolarni tuzatishga imkon yaratib berganligini ta`kidlaydi. Buni isbotlash uchun
esa bir vaqtlar eski qo'lyozma-bayozlardan birida yozilgan Navoiyning quyidagi
baytini misol keltiradi:
O'qi zaxmin tan aro ul yuz xayoli yorutur,
O'ylakim, Yusuf jamoli ravshan etgay johni.
Birinchi qarashda, bayt to'g'ri va barcha so'zlar jobajo rostga o'xshaydi. Buni
M.Shayxzoda quyidagicha izohlaydi: "Yorning "o'qi" tufayli badanimga ochilgan
jarohatni uning chehrasining xayoli yoritadi. Yusufning jamoli johni (qorong'u
chuqur joyni) ravshan qilganiga o'xshaydi. Baytning shu tarzda talqin etilgan
mazmuni fikriy va she`riy jihatlardan hech bir e`tiroz tug'dirmaydiganga o'xshaydi.
Vazn va qofiya joyida!.. Lekin "joh" so'zi bizni bir oz o'ylantirib va gumonsiratib
qo'yadi".11Chunki yaraning chuqurligi, do'stning go'zal chehrasi bu
chuqurlikni yoritishi bir tomonda turibdi, Yusufning husni johni ravshan qilishi ikkinchi tomonda turibdi. Yusufning kimning hashamatli joyini yoritgan? Bu
uchun Shayxzoda Yusuf afsonasini eslash kerakligini aytib o'tadi. Madomiki, bu
yerda tanosib san`ati qo'llanilgan ekan, demak, zaxm - yara, jarohatga ikkinchi
misrada muqobil va monand suvrat topish kerak! Afsonaga ko'ra, Yusufni akalari
quduqqa tashlagan edilar-ku. Quduqni esa, forscha va klassik adabiy tilda "choh"
so'zi bilan ifodalaganlar. Demak, bu odatdagi kotib xatosi. Misrani to'g'rilab "joh"
o'rniga "choh" deb qo'yilsa, ma`no va lavha - rost va butun chiqadi. Do'st yuzini
xotirlash bilan yaraning ichi yorib ketishi (ya`ni og'riqning bosilishi) quduqning
Yusuf jamolidan ravshanlanib kelishiga uyg'un keladi va bu - yaxshigina bir
tanosibga misol bo'la oladi. Ayni paytda baytda talmeh san`ati ham
qo'llanilgandir.
Maqsud Shayxzoda Navoiy ijodida tanosib san`ati qay yo'sinda
qo'llanilganligini aytib o'tar ean, badiiy san`atlardan bo'lmish tazodga ham to'xtalib
o'tadi:
"Tazod" so'zining arabcha lug'aviy ma`nosi bir-biriga teskari (zid) turgan
ikki holatni yo fikrni qarama-qarshi keltirib qo'yish demakdir. Tazod san`atining
ta`rifida barcha eski va yangi adabiyotshunoslar hamfikrdirlar desak,
yanglishmaymiz. Faqat ayrim nazariyatchilar "tazod" termini o'rniga "mutobaha"
(so'zni moslashtirish) atamasini qabul qilsalar-da, bu san`atga berilgan baho va
ta`riflarga ixtilof yo'qdir.
Maqsud Shayxzoda tazod san`ati bobida garchi ona tilida bo'lmasa-da, forsiy
nazariy ma`xazlarda ancha qadimdan davom etib kelgan an`analarga ega bo'lgan
buyuk Navoiyni bu san`atni ham o'z she`riyatiga tadbiq etib, yuksak va yaqqol
o'rnaklar ko'rsatganini aytib o'tadi. Navoiy tazodlarni soniga qarab emas, sifatiga
qarab tejab qo'llaydi va uning tazodlari chuqur hayotiy voqeani,
umumiylashtirilgan falsafiy hikmatni izhor etishga xizmat qiladi.
Navoiy tazod san`atining o'nlab variantlarini ijodiy sinab ko'rib, goho
ma`naviy holat bilan jismoniy shakl o'rtasida, goho ruhiy-xayoliy ehtimol bilan
nozik tuyg'ular o'rtasida va ba`zan mujassam, vazmin maxluqlar bilan ojiz, zaif
jonivorlar o'rtasida tazodlar vujudga keltirish bilan o'z muddaosini g'azalxon
zehniga singdirishga muvaffaq bo'ladi. Masalan, zolimlarning mazlumlardan,
kuchlilarning kuchsizlardan vuquf topishi (xabar olishi) qay darajada mushkul bir
masala ekanini muallif baquvvat ayoniy suvratlarda shunday taqqoslaydi:
Mo'r ayog' ostida o'lgandin qachon topgay vuquf,
Arslonkim, ko'kka chirmashgan g'irivi shavkati.
Darhaqiqat, na`rasi bilan samoni titratayotgan arslon, ayoq ostida qolib
nobud bo'lgan chumolining ahvolini bilish mumkinmi?.
Maqsud Shayxzoda Navoiyning g'azallardagina emas, balki lirikaning
boshqa janrlarida ham tazod san`atidan jur`at, mahorat bilan keng
foydalanganligini e`tirof etadi va buni aniq misollar bilan isbotlab beradi.
"Yuqorida keltirilgan misollardan oshkora bo'ladiki, klassik lirikaning ichki
tuzilishida va suvrat yaratish jarayonida tazod san`ati muhim va aktiv rol o'ynagan.
Biz uni tanosib san`atidan keyin, ya`ni unga qator qilib qo'yishimizning ham boisi
bor.
Bu masalalar bilan shug'ullangan har bir adabiyotchi bu ikki san`atning birbiriga tamomila qarama-qarshi tamoyillarda qurilayotganini ko'rsatib olish qiyin
emas. Darhaqiqat, agar tanosib san`ati voqealar, buyumlar va kayfiyatlar o'rtasida
mutanosiblik belgisini shart qilib qo'ygan bo'lsa, tazod san`atida, aksincha,
tamomila bir-biriga teskari, muxolif bo'lgan hodisalarni va holatlarni yuzma-yuz
keltirish, ularni ro'baro' qilish talab etiladi.
Xullas, Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiy lirik merosini o'rganib shunday
xulosalarga keladi:
Alisher Navoiy o'zbek adabiyoti tarixida lirikani yangi mavzu, g'oyaviy
mazmun va badiiy san`atkorlik namunalari bilan boyitdi, rivojlantirdi. U lirik
asarlarida chin insoniy sevgini kuyladi, kishilarning baxt-saodati uchun qayg'urdi,
insof va adolat o'rnatilishini orzu qildi. U kishilarni jamiyat uchun foydali ishlar
bilan shug'ullanishga, bilim va kasb-hunar egasi bo'lishga chaqirdi. U lirik turning
xilma-xil janrlarida she`rlar bitdi, bu janrlarning takomiliga katta hissa qo'shdi,
yangi-yangi obraz va xarakterlar, peyzaj va portretlar yaratdi, insonning murakkab his-tuyg'usini, ruhiy kechinmalarini mohirlik bilan ifodalab, turli adabiy usul va
badiiy til vositalarini qo'lladi.
Maqsud Shayxzoda Hazrat Mir Alisher Navoiy lirikasini shu qadar
sinchkovlik bilan chuqur tadqiq qilgan ekan, ilmiy maqolalari, tadqiqotlari bilan
navoiyshunosligimizda o'zining katta hissasini qo'shdi.12 Maqsud Shayxzoda tomonidan o'z davrida Alisher Navoiy lirikasining
mavzu ko'lami, badiiyati, shakliy jihatlari, ichki bog'liqliklari, xullas, bari-barisi
juda yaxshi o'rganilgan. Bu o'rganilgan masalalar aniq ilmiy izchillik asosida
maqolalarda o'z aksini topgan. Shuning uchun ham bu maqolalar hech qachon o'z
qiymatini yo'qotmaydi.