Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universteti o’zbek tili va adabiyoti fakulteti o’zbek tili va adabiyoti yo’nalishi


Navoiyning epik merosiga munosabat



Yüklə 302,21 Kb.
səhifə6/7
tarix07.01.2024
ölçüsü302,21 Kb.
#203901
1   2   3   4   5   6   7
Maqsud Shayxzoda

2.2 Navoiyning epik merosiga munosabat
Alisher Navoiy o'zining adabiy merosi bilan adabiyotimiz tarixini shunday
yuksaklikka ko'taradiki, oradan 500 yildan ziyodroq davr ichida bu ulug'
mutafakkir ijod maktabidan ta`lim olish, uning chinakam insonparvarlik g'oyalari
bilan sug'orilgan mahoratli asarlariga javob aytish qutlug' an`ana tusini olib keldi.
Bu borada na yillar va na yo'llar o'rtaga solgan to'siq g'ov bo'la oldi. Natijada
adabiyotimiz tarixining hamma davrlaridan ulug' o'zbek shoirining fidoyi
muxbirlari, sadoqatli va iste`dodli shogirdlarini topish mumkinki, ular o'zlarining
g'oyaviy-badiiy jihatdan pishiq, nazokatli asarlari bilan badiiy so'z san`ati
taraqqiyotiga munosib hissa qo'shib kelganlar.
Alisher Navoiy ulkan lirik shoirgina bo'lib qolmay, balki shu bilan birga
buyuk epik shoir-dostonnavis hamdir. Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiyning lirik
merosini tadqiq qilish bilan birga, "Xamsa" dostonidagi xususiyatlar, unda aks
ettirilgan ilm, oshiqlik, insof, adolat, Vatanga muhabbat g'oyalarini tarannum etadi.
Buning uchun qahramonlar ruhiyatini, ma`naviy olamini tadqiq qiladi. Shu bilan
birga, Shayxzoda Navoiyning lirik poeziyada katta tajriba to'plab, Movarounnahr,
Xuroson va boshqa o'lkalarda keng shuhrat qozongan Navoiy epik asarlari bilan
yanada mislsiz katta muvaffaqiyatlarga erishganini aytib o'tadi. Olim Navoiyning
"Xamsa"si xususida fikr yuritar ekan, buning o'ziga xos ijodiy an`ana ekanligini ta`kidlaydi. Binobarin, Nizomiy boshlagan bu an`anaga barcha bardosh
berolmagani, faqat uch shoir: forsigo'y ulug' hind shoiri Xusrav Dehlaviy
(1253-1325), ulug' tojik shoiri va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va buyuk mutafakkir Navoiygina o'sha yuksak qatordan o'rin olishga musharraf bo'lganini qayd etadi.
Alisher Navoiy "Xamsa" dostonini yaratar ekan, u xamsanavis salaflariga
ijodiy yondashadi, dostonlarida yashagan tarixiy sharoitning dolzarb masalalarini
mavzu qilib oldi, el-yurt uchun muhim ahamiyatga molik masalalar haqida fikr
yuritdi, uning aql-zakovati kelajakka parvoz etib insonning istiqboliga katta umid
bilan boqdi, hayot haqiqati romantik orzu-armonlari bilan chatishdi, qahramonlari
umumbashariy xislatlar bilan kamol topdi, yangi-yangi vaziyat, syujet va
kompozitsiya, obraz va xarakterlar yaratdi, badiiy so'z takomilida yangi boblar
kashf etdi, o'zbek adabiy tili istiqboli uchun kurash bayrog'ini yuksak
ko'tardi.
Maqsud Shayxzodaning A.Navoiyning epik asari - "Xamsa" xususida
bildirilgan mulohazalarni biz 1941-yil "O'zbekiston adabiyoti va san`ati"dagi
"Navoiyda adlu insof masalasi", "Navoiyning siyosiy qarashlari", "Navoiyda
gumanizm", "Navoiyda ayol obrazi", "Xamsada muhabbat problemasi", "Navoiy
ilmparvar", "Ilmu ma`rifatning jo'shqin kuychisi" kabi maqolalarda ko'rishimiz
mumkin.13
Navoiy XV asrning ikkinchi yarmida temuriylar imperiyasi tarqalgan,
maydalangan bir zamonda yashadi. Bu davr feodal sistemasining siyosiy jihatdan
bo'lishuvi, mirzalar va sultonlar o'rtasida uzluksiz qonli urushlarning avj olish bilan
xarakteralanadi. Bu hol mamlakatning iqtisodiy, madaniy hayotiga salbiy ta`sir
qilar edi. Shu xildagi adolatsiz urushlarning mamlakat va xalq qanchalik salbiy
ta`sir qilib turganini Navoiy ko'rdi
Maqsud Shayxzodaning "Navoiyning siyosiy qarashlari" maqolasini ko'zdan
kechirar ekanmiz, u Navoiyning siyosiy idealini ikki yo'l bilan ifodalanganining
guvohi bo'lamiz: 1) salbiy shoh obrazini tanqid etish; 2) ijobiy shoh obrazini
tashviq qilish. "Xamsa"dagi dostonlarda biz davlatni idora qilishga noloyiq, zolim,
mustabid, nodon, tadbirsiz, maishatparast shohlarni ko'ramiz (Xusrav, Shiruya,
Doro, Kashmir podshohi va boshqalar).
Navoiycha podsho xalq kuchiga suyanish kerak, shunday qilmasa u mutlaqo
mag'lubiyatga uchraydi", - deb yozadi Shayxzoda. Biz buning isbotini "Sab`ai
sayyor" dostonida Jobir to'g'risidagi afsonada shoh Navdarning o'z qo'shinidan
ajralib, ovga berilib ketib, bir kiyikning orqasidan chopganini va shu bilan adashib,
dushman qo'liga asir tushganini tasvirlaydi va shunday dono xulosa chiqaradi:
Shah tilar bo'lsa shohlik qilmoq,
Sipahidin kerakmas ayrilmoq.
Shahni derlar mipoh birla shoh,
Shoh emasdur yo'q ersa anda sipoh.
Shahga xayl o'lsa fath aning ishidur,
Bir kishi Rustam o'lsa, bir kishidur.
Maqsud Shayxzoda bu satrlarni quyidagicha izohlaydi: "Shoh, shohlik
qilaman desa, o'z el-qo'shinidan ayrilmog'i yaramaydi. Podshohni qo'shiniga qarab
podshoh deydilar, agar unda qo'shin bo'lmasa u shoh emasdir. Shoh urushda
yengsa, bu uning qo'shinining qilgan ishi bo'ladi, bir kishi Rustam pahlavon bo'lsa
ham, baribir , bir kishining ishini qiladi.
Maqsud Shayxzoda Navoiyning epik asarlaridagi siyosiy qarashlarni tadqiq
qilar ekan, zolim shohlar va maishatparast hukmdorlarni fosh qilishda eng
xarakterli bob "Hayrat ul-abror"ning zolim podshohlar to'g'risidagi bobi ekanligini
alohida ta`kidlab o'tadi. Bu yerda hukmdorlarning eng qabih tiplari fosh etilishi,
bunda shoir qonxo'r hukmdorlarni xalq o'chi bilan qo'rqitib, ularning zulmini
mumkin qadar kamaytirmoqchi bo'lganligini aniq misollar bilan izohlab beradi:
Zulm o'zunga fisqdur, ey hushyor,
Gum qil ani, bo'lsa senga hushyor.
(Ey hushyor kishi, qilgan zulming o'zingga zarar keltiradi, agar sening
haqiqatan hushing bo'lsa, bu zulmni yo'q qil).
"Ijobiy shoh obraziga o'tganimizda, - deb aytadi Maqsud Shayxzoda, -
Navoiy bularni katta ustalik bilan jozibali ranglarda beradi. Bular bo'lib o'tgan
hukmdorlardan ko'ra bo'lishini Navoiy ko'proq xohlagan siyosiy rahbarlarning
obrazlaridir. Farhod, Iskandar, Farruh, Sulton Juna, Suhayl, Mehinbonu va
boshqalar shular jumlasidandir. Bularning har birida yaxshi jihatlar, go'zal
fazilatlar bor. Masalan, Farhod aql, zako, ilm, mardlik, ixtirochilikning, Juna
saxovatning, Suxayl shafqatning, Mehinbonu tadbir va chidamning, Farrux
do'stlikning porloq timsolidirlar. Biz Navoiy dostonlarini ko'zdan kechirganimizda
ularning deyarli barchasida shoirning siyosiy qarashlari o'z ifodasini topganini
guvohi bo'lamiz. Lekin, shubhasiz, podshoh qanday bo'lishi kerak, degan savolga
Navoiy javob beradi.
O'sha davrda temuriylar saltanatida sodir bo'lgan har qanday notinchlik va
nizo, avvalo hazrati Navoiyning sa`y-harakatlari bilan barham topgani tarixiy
haqiqat ekanligini bilamiz. Xuddi mana shu paytda Navoiy o'zi orzu qilgan shoh
obrazini "Saddi Iskandariy" dostonida yurtiga yovuz dushman bostirib kelgan turli
millat va elat vakillarining birlashib, yov yo'liga mustahkam devor qurib, unga
qarshi kurash olib borishi bejiz emas, albatta. Navoiyning fikricha, Iskanlarning
davlat uslubi xalqqa g'amxo'rlik bilan xarakterlanadi.
Maqsud Shayxzodaning ta`kidlashicha, Navoiy podshohlardan talab qilgan
jihatlar feodal sharoitidagi hukmdorlarda bo'lishi mumkin emas edi. Garchi ayrim
olim va taraqqiyparvar podsholar o'tgan bo'lsa-da, lekin ular Navoiyning ideal kabi
tasvirlagani Iskandarday bo'lishi mumkin emas edi. Shunga qaramay o'sha qonli
zamonlarda shohdan olijanob xislatlar talab qilish xalqchil orzu va xayollar bilan
bog'langan edi. Bu talablar buyuk adibning insonparvarliigi bilan bog'liqdir.
Maqsud Shayxzoda Navoiyning insonparvarligi haqida to'xtalar ekan,
jumladan shunday deydi: "Insonlik sharafi Navoiy nazarida hamma narsadan
yuqori turar edi... Navoiy insonni mavjudotning eng sharaflisi deb
hisoblaydi".Navoiy dostonlarining deyarli barchasida insonparvarlik g'oyalari
mujassam.14
Agar shoir asarlarini varaqlasak, deyarli har sahifasida "xalq", "el", "ulus",
"yurt", "raiyat" degan so'zlarning "mehr", "muruvvat", "oqibat", "saxovat",
"sadoqat" so'zlari bilan uzviy bog'lanib ketganini ko'ramiz.
Alisher Navoiyning tarix va bashariyat oldidagi umr xizmatlaridan biri
shundaki, u adolat tuyg'usini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib
yashaydigan oliy mezon darajasiga ko'tardi, odamzotni hayotda adolatni qaror
toptirishga uni asrab-avaylashga chorlab o'tdi.
Maqsud Shayxzoda aytganidek: "Biz Navoiyning bashariyatni bir oilaga
to'playdigan adolat to'g'risidagi qizg'in xayollarini madaniyatimizga qo'shamiz va
shu buyuk vijdon egasini hurmat bilan yod etamiz".
Darhaqiqat, Navoiyning o'lmas asarlaridagi yurt tinchligi va osoyishtaligi,
adl-u insof, xalqlar va millatlar o'rtasidagi do'stlikni ko'klarga ko'taradigan, bu
g'oyalarni ustuvor insoniy qadriyatlar sifatida olg'a suradigan fikr va qarashlari biz
uchun, ayniqsa qimmatlidir.
Alisher Navoiyni ilm-u ma`rifatning jo'shqin kuychisi deb nomlagan
Maqsud Shayxzoda shoirning ilmparvarligini tadqiq qiladi, ya`ni Alisher Navoiy
o'z zamonasining eng ma`rifatli kishisi bo'lib, o'sha davrda ma`lum hamma ilm va
fanlardan xabardor ekanligini, xurofotga qarshi aqlni, bilimni, muhokamaning
qudratini qo'ygan. Navoiy shu bilan birga, ilm-u ma`rifatning charchamas
tashviqotchisi ekanligini aniq misollar bilan isbotlab berdi.
Navoiy aql va ilmning g'alabasiga ishonadi va fan ham ma`rifatni kuylaydi.
Maqsud Shayxzoda ushbu maqolasida Alisher Navoiyning ko'p hikmatli
misra va baytlari, ko'p ifoda va ta`birlari ilm o'rganishning tashviqiga
bag'ishlanganini aytib o'tadi. Xususan, u Navoiy ilm o'rganish yo'lida har qanday
uyat va xijolatni yig'ishtirib qo'yish kerak degan fikrini ta`kidlaydi hamda quyidagi
misralarini misol keltiradi:
Bilmaganni so'rab o'rgangan olim,
Orlanib so'ramagan o'ziga zolim.
"O'zining ilm va maorifga bo'lgan shu talabini Navoiy "Xamsa"ning
badiiy obrazlarida yaqqol gavdalantirgan. Haqiqatan ham Majnun, Farhod, Shopur,
Iskanlar, Qoran, Moniy, Zayd, Layli, Mehinbonu, Shirin va boshqalar shoir, olim,
injener, rassom, sarkarda, me`mor (arxitektor), zargar, olima, orifa kishilar sifatida
ko'zingiz oldida jonlanadilar.
Buni biz Farhod obrazi misolida ko'rishimiz mumkin. Farhod ilm va hunarni
hayot bilan bog'laydi. Kishi o'z ilmi va hunarini olimaning manfaatiga xizmat
ettirishi lozim deb hisoblaydi. Bu xususan, Farhodning Armanistondagi faoliyatida
ravshan ko'rinadi. Farhod Shirinni izlab Armanistonga boradi. U tog'da kanal
qazish uchun nihoyatda qiynalib ishlayotgan minglarcha kishilarni ko'rar ekan:
"Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tufroqqamu ketgumdur oxir!",
deb ularga yordam beradi, ularga bosh bo'lib, mo'`jizalar ko'rsatadi. Farhod bilimi
va hunarini ishga solib, minglarcha kishilarning mehnati va mashaqqatini
yengillashtiradi.
Maqsud Shayxzoda Farhod obrazining ilm va hunarli ekanligini izohlash
bilan birga, "Layli va Majnun" dostonidagi Majnun obraziga ham alohida
to'xtaladi.
"Xamsa"dagi ikkinchi ulug' obraz Majnun ham ilmu fazilatning, ijod va
talantning porloq timsoli ekanligini aytib o'tadi. Majnun buyuk shoirdir, u fozil va
olim kishidir. Dostonning muhim personajlaridan bittasi bo'lgan Navfal uning
to'g'risida shunday deydi:
Xayling aro kasbi ilm qilmish,
Olamda na ilm barcha bilmish.15
Maqsud Shayxzoda ilmning qudrat va imkoniyatlariga to'la ishonch,
ayniqsa, "Saddi Iskandariy" dostonida yaqqol ko'rinishini aytadi. Iskandar Kashmir
yurtiga safar qilganida Kashmir shohi Mallu uni jodugarlik bilan to'xtatmoqchi
bo'ladi. Biroq Iskandar olimlarning, faylasuflarning yordami bilan shu joduni
ochadi. Chunki Navoiygacha hokim va olim oldida jodu va sehrgarlik hech qanday
rol o'ynay olmaydi. Iskandar ilm va ma`rifatning chinakam oshiqiday tasvirlanadi.
Keyin u:
Gahi donish ahli bilan o'lturub,
Kutub onda har ilmdin kelturub.
Qayu bahskim, diqqatiga yetib,
Nekim bo'lsa, majhul, ma`lum etib.
Shunday qilib, Navoiy buyuk mahorat bilan zo'r qudratini kuylab
beradi.
Navoiy ijodining xususan, uning lirik va epik she`riyatining bosh
xususiyatlaridan, qimmatli tomonlaridan biri unda ishq-muhabbatning,
vafodorlikning kuylanishidir. Navoiyda oshiq va ma`shuq personajlar ijtimoiy
foydali kishilardir. Binobarin, bular o'rtasidagi muhabbatning samimiy va
fidokorona mazmunda bo'lishi katta ahamiyatga egadir.
Maqsud Shayxzoda Alisher Navoiy ijodida ishq va oshiqlik masalasini
tadqiq etar ekan, bu borada asosiy e`tiborni "Farhod va Shirin"dagi Xusrav va
Farhod munozarasiga qaratadi. Navoiyning bu munozarani ulug' san`atkorlik bilan
ishlaganini qayd etib, misrama-misra munozaraning quyidagicha xulosa chiqarish
mumkinligini aytadi:
1) ishq buyuk fidokorlikni talab qiladi;
2) saroyning buzuq muhitiga berilgan kishilar ("joh ahli") samimiy va otashin ishqqa berilmaydilar.
3) shohlarning sevilishiga ko'proq haqlari bor deyish noto'g'ridir (ishq ichra tengdur shoh-u darvesh),
4) sevuvchi kishi nafrat qila bilishi ham kerak, ya`ni bu ishqning
to'sqinchilariga qarshi kurashmoq lozimdir;
5) ishqda butunlik shartdir, ya`ni sevilmoq uchun tom ma`nosida bir kishini sevish kerak.
Maqsud Shayxzodaning ta`kidlashicha, Navoiydagi oshiq-ma`shuq
obrazlarining birinchi xarakterli xislati ulardagi aynimaydigan vafodir. Navoiy
vafosiz kishini hayvondan battar ko'radi.
...Kuyib ul zor bekas motamidin,
Ki hayvon beh vafosiz odamidin
("Farhod va Shirin")
Farhod va Majnun vafodor, oshiq obrazlari bo'lganiday, Shirin va Layli
ham o'z olijanob yorlariga munosib, sadoqatli ma`shuqalardir.
Shoir, Farhodning ishqqa moyil bo'lgani uchun ko'ngli ta`sirchan, o'zi
tabiatan insonparvar, dardlilarga hamdard, ko'zi yoshlilarga ko'z yoshi to'kuvchi
nodir bir vujud ekanini alohida muhabbat bilan ta`riflaydi.
Navoiy tasviricha, Farhodning o'tkir zehni va qobiliyati ishq sababli paydo
bo'lgandir.
Asardagi Shirinni Navoiy yolg'iz go'zallik timsoli kabi emas, balki eng
asl ma`naviy fazilatlar sohibi bir malika sifatida yaratgan Shirinda go'zallik va
noziklik, iffat bilan chuqur sevuvchi qalb, jasorat va imon bor. Go'zallik bilan
dong'i ketgan Shirin saltanat va mavqe andishalaridan xoli bir shavq ila, sog'lom va
chuqur mehr ila Farhodni sevadi.
Shirin Farhodni ishi uchun, yuksak insoniy xislatlari uchun sevadi. U sevgisiga xiyonat qilishidan o'limni ortiq ko'radi. Navoiyning qaysi bir dostonini qo'lga olmaylik, ularda albatta muhabbat mavzui kuylanganligining guvohi bo'lamiz. Buni Maqsud Shayxzoda quyidagicha izohlaydi: "Navoiy ishqning kishi uchun tabiiy va qonuniy bir holat ekanini va bu tuyg'uning qanchalik yuksak bir hissiyot ekanini biladi. U oshiqlarni emas, ishqqa tushunmagan kishilarni badbaxt va tentak deb anglaydi. Shoir "Layli va Majnun" dostonida Majnun ishqining juda oliy bir niyatdan tug'ilganini ko'rsatadi. Majnun jinni emas, balki ishqning fidokor bahodiridir. Qaysni Majnun holiga solgan ishqqa dushman bo'lgan tor tushunchali, kaltafahm va ko'p feodal muhitdir. Haqiqatda esa Majnun o'zining g'alati va g'ayritabiiy xarakterlarida ham oliy g'oyaning va chuqur aqlning rahbarligi ostida harakat qiladi. Majnun sahrolarda go'yo "jinni" bo'lib yurgan paytlarda, Laylining ishqida ajoyib g'azallar yozadi. Bu g'azallarning hamma radif va qofiyalari Layli ismini va uning sifatlarini takrorlaydi.
Umuman, "Layli va Majnun" dostonini o'qib chiqar ekanmiz, Majnun
obrazining talqinidan shu narsa ma`lum bo'ladiki, Navoiy ishqni yoqlaydi, u oshiq
va ma`shuqlarning tuyg'ularini hurmatlaydi, bu xislatlarning tabiiy bir narsa
ekanini isbotlaydi.
Xullas, Navoiyning epik asarlari uslubi lirik asarlari uslubiga nisbatan
ancha murakkab bo'lib, bunda bir dostonning yozilishi, o'qilishi, uni yozishdan
muallif kuzatgan maqsad boshqasinikiga o'xshamaydi. "Xamsa"dagi "Hayratulabror" falsafiy-didaktik asar bo'lsa, "Farhod va Shirin" ishqiy-romantik doston, "Layli va Majnun"da lirik his, hayajon kuchli bo'lsa, "Sab`ai sayyor"ning
hikoyatlar qismida xalq ertaklariga xos xususiyatlar ustunlik qiladi. "Saddi
Iskandariy"da qahramonlik dostonlarini eslatadi. Bularning hammasida hayotning
turli tomonlari, turli ijtimoiy tabaqa vakillari tarixga, afsonalarga, o'sha davr voqea
va hodisalariga bog'lab yorqin bo'yoqlarda shoirona ehtiros bilan tasvirlanadi.16
Maqsud Shayxzoda o'zining "Xamsa" dostoni bo'yicha olib borgan
tadqiqotlarida Navoiy yaratgan har bir obrazni chuqur o'rganadi. Jumladan,
"Farhod va Shirin" dostonidagi murakkablik, har tomonlama o'sganlik va ijtimoiy
g'oyalarni bir butun qilib birlashtirish ma`nosida Farhod obrazi to'laroq va
chuqurroq xarakterga ega ekanligini aytib o'tadi. Maqsud Shayxzoda "Xamsa"
dostoni ustida tadqiqotlar olib borar ekan, dostonlarning obrazlari orqali insoniylik
va olijanoblik, jasorat va matonat fazilatlarini bugungi kunda ham nafaqat o'zbek
xalqi, balki barcha xalqlar uchun ibrat bo'lib, ularni ezgulik va fidoyilik ruhida
tarbiyalashga ko'mak bergani va xizmat qilayotganini alohida ta`kidlab o'tadi.
Maqsud Shayxzoda Navoiyning lirik va epik asarlarini tadqiq qilar ekan,
Navoiy o'z avlodiga misli ko'rilmagan darajada boy adabiy meros qoldirganligini
ijodi juda murakkab, rang-barang ham serohang masala va problemalarga to'ladir.
Madomiki, bugungi kunda madaniyatimiz tarixi va xazinasiga kirgizilayotgan
durdonalar qatoriga Alisher Navoiyning ham o'lmas misralari, obrazlari, chuqur
fikrlari, nozik tuyg'u va sezgilarini ham qo'yish kerak ekan, bizning vazifamiz bu
buyuk merosni chuqurroq tekshirish, undagi chinakam qimmatbaho durdonalarni
tanlab olib undagi ijtimoiy-tarbiyaviy hamda madaniy sohalarda ijodiy
foydalanishdir".17
Aytish kerakki, bu vazifani Maqsud Shayxzoda chin dildan amalga
oshiradi. U Navoiy ijodi ustida tadqiqot olib borar ekan, Navoiyni badiiy jihatdan
yangidan kashf etdi. Uning lirik va epik asarlaridagi o'nlab ma`naviy boy va
yuksak qahramonlarning obrazlari ustida ilmiy izlanishlar olib bordi. U minglab
she`rlarni o'z ichiga olgan "Xazoyinul-maoniy"dagi lirik qahramon - oshiq va
ma`shuq kechinmalarini, "Xamsa" dostonlaridagi Farhod, Majnun, Shirin, Layli, Dilorom, Shopur, Navfal obrazlarini tahlil qilib tadqiqotlari bilan
adabiyotshunosligimizda ulkan hissa qo'shdi.
Xullas, Maqsud Shayxzoda Navoiyni lirik va epik asarlaridagi o'nlab
ma`naviy boy va yuksak qahramonlarning obrazlarini kashf etganligini aniq
misollar bilan isbotlab berdi. Maqsud Shayxzoda o'zining Navoiyga daxldor
maqolalari bilan o'zbek navoiyshunosligiga katta hissa qo'shdi.
Xulosa
Olis yulduzlarning nuri ular so'nganidan keyin ham ming-ming yillar
mobaynida Ona Yerimizda yog'ilib turar ekan, Maqsud Shayxzoda ham o'zbek
adabiyotidagi yorug' yulduzlardan biridir.
Maqsud Shayxzoda shunday shoirlar jumlasidanki, uning ijodi o'rganilgan
sayin yana yangidan-yangi o'rganishga loyiq tomonlari tadqiqotchi oldidan
chiqaveradi.
Darhaqiqat, buyuk adib g'oyat sermazmun, serbaraka, teran ijodiy
izlanishlar yo'lini bosib o'tdi. Uning hayoti jur`atkor ijodiy jarayonlar xazinasidir.
Chunki u ijodiy qalam nimalarga qodir ekanligini ajoyib tarzda namoyish etdi.
Shoir yaratgan ulkan, ko'p qirrali, boy ijodiyotni, chinakam she`riy xazinasini
diqqat bilan ko'zdan kechirgan, o'rgangan har bir kishi bu noyob iste`dod timsolida
butun bir olamni, go'zallik dunyosini ko'radi, his etadi, umrini poyoni yo'q tarixiy
manbalar, arxiv materiallari, olam-olam qomus va lug'atlar bilan ishlashga,
tinimsiz ijod qilishga bag'ishlagan Maqsud Shayxzodaning qomusiy olim va ustozijodkor bo'lib yetganligi sirlarini ko'z oldiga gavdalantira oladi. Bu xazina behad va bepoyondir. U olmos qirralari bilan jilolanadi, aqllarni peshlaydi, fikrga qanot bag'ishlaydi, qalblarni to'lqinlantiradi, ko'zlarni o'tkir qiladi.
Maqsud Shayxzoda ijodining yuksak saviyasi, ilmiy mulohazalarining barkamolligi, shu bilan birga, suhbatning shirinligi bilan va ko'nglining ochiqligi bilan ham kitobxonlarda katta muhabbat tug'diradi.
Maqsud Shayxzodaning Navoiy haqidagi o'ylari, xususan, Navoiy
she`riyatining poetikasi borasidagi kishini to'lqinlantiruvchi ajoyib fikrlari bizni
hayratga soladi. Bizning nazarimizda, Maqsud Shayxzoda Navoiy lirikasi misolida
butun bir nafosat olamini ochdi.
Barchaga yaxshi ma`lumki, biz uchun Alisher Navoiy - o'zbek timsoli,
o'zlikni anglash timsolidir. Uning ummon qadar bepoyon ijodidan yetti yashardan
yetmish yashargacha hamma o'z didi, qiziqishlari, o'z iste`dodiga yarasha
bahramand bo'lishi mumkin. Prezidentimiz I.Karimov ta`kidlaganlaridek, "Biz Navoiyni sevamiz, ardoqlaymiz. Lekin bobomizning ijodiy merosini o'rganishga
kelganda, u qadar maqtangulik jihatlarimiz ko'p emas. Navoiyni muhim hayotiy
vazifalarni anglab yetish, muammolarga yechim topishda o'zimizga madadkaor
bilimimiz kerak. U bitgan asarlarda insonni kamolotga yetkazadigan, yaxshiyomon kunlarda tatiydigan, ko'ngilga xotirjamlik, zavq-shavq, kezi kelganda
sokinlik beradigan jihatlar ko'p. Navoiyni ko'proq o'rganish, ko'proq o'qish teran
anglash kerak".
Maqsud Shayxzoda Hazrat Navoiyning ijodi bilan, mulohazalari, o'y-fikrlari
bilan bizni tanishtirar ekan, uning ruhiy olami, falsafiy qarashlari benihoya keng
ko'lamli va rang-barangligini ko'ramiz. Bu fikrimizga uning Navoiy haqida
yaratgan tadqiqotlari misol bo'la oladi.
Shunday qilib, malakaviy bitiruv ishida ilgari surilgan fikr-mulohazalarni
muxtasar tarzda quyidagicha belgilash mumkin:
- Maqsud Shayxzoda chin ma`noda serqirra ijod sohibi, chunki u katta
ijod yo'lini bosib o'tdi. Buyuk adib o'z izlanishlarida yuksak samaralarga erishgan
va adabiyotimiz tarixida shoir, olim, dramaturg, publisist, targ'ibotchi va muallim
sifatida o'chmas iz qoldirgan insonlardan biridir.
- Maqsud Shayxzoda nafaqat yetuk ijodkor, balki tadqiqotchi hamdir. U
adabiyotshunoslikka ham o'zining ulkan hissasini qo'shgan yozuvchi bo'lgan. Shoir
o'zbek adabiyotining xalq og'zaki ijodi, qardosh xalqlar adabiyoti, bugungi
adabiyot, jahon adabiyotini chuqur o'rgangani holda, adabiyotimizni noyob ilmiy
tadqiqotlari, yuksak saviyali adabiy-tanqidiy tekshirishlari, badiiy publisistik
maqolalari va ajoyib tarjima asarlari bilan boyitgan.
- Maqsud Shayxzoda mumtoz adabiyot tadqiqotchisi bo'lgan. U Sharq
adabiyoti tarixi masalalari, ularning xususiyatlari, Nizomiy, Bobur, Furqat,
Muqimiylarning mahoratini o'rgangan. Bu siymolarning o'zbek mumtoz adabiyoti
xazinasiga qo'shgan bebaho hissalari, o'tmish madaniy-adabiy hayotdagi roli va
o'rni haqida chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borib, ularning o'lmas merosi zamonamiz
uchun naqadar zarur ekanligini o'tkir idroki, teran falsafiy tahlillari bilan isbotlab
bergan.
- Alisher Navoiy ijodini o'rganishga uzoq yillar va ko'p mehnat
sarflagan Maqsud Shayxzoda, Navoiy ijodi yuzasidan chuqur tadqiqotlar olib
borgan. Olim Navoiyning lirik hamda epik merosini, shoirning ijtimoiy-siyosiy,
falsafiy qarashlari, ijodining badiiy xususiyatlari to'g'risida ilmiy tadqiqotlar olib
borib navoiyshunosligimizning rivojiga o'zining ulkan hissasini qo'shgan.
Xullas, Maqsud Shayxzoda o'ta teran bilimli va donishmand adabiyotshunos
edi. U Nizomiy va Navoiy, Lutfiy va Jomiy, Pushkin va Tolstoy, Gorkiy va
Mayakovskiy merosini sidqidildan sevardi va ardoqlardi. U o'zining chuqur ilmiy
tadqiqotlari bilan adabiytshunosligimiz, madaniyatimiz tarixida, xalqimiz qalbida
o'chmas iz qoldirib ketdi. Shoir she`rlarining birida o'z xalqiga, vatandoshlariga
murojaat qilib shunday degan edi:
Yo'q, men o'lgan emasman! Yo'q, men o'lgan emasman!
Umrim buyuk piyola, hali to'lgan emasman,
Men yashayman bolamda, ekib qo'ygan dalamda!
Dami sinmas qilichda, uchi o'chmas qalamda!
Haqiqatan ham, shoirning umri, ijodi - buyuk piyola.
Buloqdan suv olganing bilan unda suv kamaymaganday, Maqsud Shayxzodaning
ijod piyolasi yuz yil, yuz yil ijod qilsa ham to'lmas edi. Uning ijodiy rejalari,
orzulari, "yozuvchining fikrini va dilini hamisha yashnatuvchi o'lmas hamrohlari"
ko'p edi. Maqsud Shayxzoda ijodi - uning yuragi, hayoti doimo kuy istar, kuylab
turar, qalam istar, yaratish zavqi bilan hayot edi.

Yüklə 302,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin