Normurodova m. A. Yosh fiziologiyasi fanidan



Yüklə 0,63 Mb.
səhifə44/71
tarix07.01.2024
ölçüsü0,63 Mb.
#206858
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   71
маъруза матнлари

Mag’iz qatlamining faoliyati. Buyrak usti bezining mag’iz moddasidan adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlab chiqariladi. Bu gormonlar organizmda fenilalanin va tirozin aminokislotalaridan hosil bo’ladi. Adrenalinning ta’siri simpatik nerv tolalari uchlaridan ajraladigan moddalarning fiziologik ta’siriga o’xshashdir. Uning ta’siridan ko’z qorachig’i kengayadi, yurak qisqarishlari ritmi tezlashadi, kuchi oshadi, muskullarning o’tkazuvchanligi va qo’zg’aluvchanligi kuchayadi. Adrenalin mayda arteriya va arteriolalarni (yurak toj tomirlari va miya tomirlaridan tashqari) toraytirib, qon bosimini oshiradi. Qon ivishini tezlashtiradi, bronxalarni kengaytiradi, ichak peristalikasini tormozlab, muskullarini bo’shashtiradi, sfinkterlar muskulini qo’zg’atib, sfinkterlarning epilishiga olib keladi, ishlayotgan skelet muskullarini qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. Adrenalin uglevodlar almashinuvida ishtirok etib, glikogenning parchalanib, glyukozaga aylanishini va qonda qand miqdorini bir me’yorda turishini ta’minlaydi, markaziy asab tizimi qo’zg’aluvchanligini kuchaytiradi. Noradrenalin qon tomirlari devorining muskullariga ta’sir etib, ularning qisqarishi, natijasida tomirlar yo’lining torayishi va qon bosimining ko’tarilishiga sabab bo’ladi. Me’da - ichak devorlari, o’t pufagi muskullariga juda zaif ta’sir ko’rsatadi. Uglevodlar almashinuviga, organizmdagi oksidlanish jarayonlariga tabiatan adrenalin bilan bir xil, ammo unga qaraganda 4-8 baravar kuchsizroq ta’sir ko’rsatadi.
Organizmda adrenalin va noradrenalinni tegishli fermentlar - aminooksidaza va firozinoza juda qisqa vaqt ichida parchalab yuboradi, shunga ko’ra bu gormonlarning ta’siri ko’p cho’zilmaydi.
Me’da osti bezining ichki sekretor faoliyati. Me’da osti bezining shira ajraluvchi sekretor bo’lakchalari orasida o’zining chiqaruv yo’liga ega bo’lmagan alohida hujayralar guruhi bor, ular shu hujayralarni birinchi marta tasvirlagan olimning nomi bilan Langergans orolchalari deb ataladi.
Bu orolchlar hujayralari ichki sekretor funksiyani bajaradi, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri qonga gormon ishlab chiqaradi. Gistologik tekshirishlar natijasida bu orolchalarda har xil hujayralar borligi aniqlandi va ular alfa, betta, gamma hujayralar deb ataladi. Shulardan beta hujayralar hammasidan ko’p (itlarda qariyb 75 %) bo’ladi. Beta hujayralar insulin (latincha - Insula - orolcha) gormoni, alfa hujayralar esa glyukogon gormonini ishlab chiqadi. Me’da osti bezining mayda chiqaruv yo’llaridagi epiteliy hujayralaridan lipokain gormoni ishlab chiqadi, degan ma’lumotlar bor. Bez ekstraktlaridan yana bir necha gormon - vagoxonin, kallekrin va sentropeninlar topilgan.
Me’da osti bezining eng muhim gormoni insulindir. Mering va Minkovskiylar me’da osti bezi olib tashlangan organizmda uglevodlar almashinuvini keskin buzilishi oqibatida hayvon halok bo’lishini 1889 yildayoq kuzatganlar. Me’da osti bezining ichki sekretor faoliyati har qancha tekshirilsa ham gormonni uzoq vaqt sof holda ajratib bo’lmadi. Nihoyat, 1901 yilda Z.V.Sobolev me’da osti bezidan ichki sekresiya mahsuloti - insulin gormonini ajratib olish usulini taklif qildi. U tabiatan oqsil bo’lgani uchun bezni qirqib olib, maydalaganda, gormoni oqsilni parchalovchi pankreatik shirasi ta’sirida parchalanib ketadi, deb o’yladi. Buning oldini olish uchun Z.V.Sobolev ikkita usulni taklif qildi. Bu usullardan biri hayvon me’da osti bezi olib tashlashdan 4-5 kun oldin bezning pankreatik shira chiqaradigan yo’llarini mahkam bog’lab qo’yishdir. Bu vaqtda shira ajratuvchi tashqi sekretor hujayralar degenerasiyaga uchrab, nobud bo’ladi. Oqibatda insulinni parchalaydigan shira qolmaydi. Ikkinchi usul embrionlar me’da osti bezidan gormon ajratib olishdir. Chunki bu vaqtda ularda hali hazm shirasi ishlanib chiqmaydigan bo’ladi.
1922 yilda F.Bonting va J.Best birinchi usul bilan insulin olishga muyassar bo’ldi. Insulinning kimyoviy tuzilishini o’rganish natijasida uning disulfid bog’lari bilan birikkan 17 xil aminokislotaning ikki zanjiridan iborat polipeptid ekanligi aniqlandi.
Hozir insulin preparatlari kimyoviy sintez yo’li bilan olingan. Insulin organimzdan tashqarida sintezlangan birinchi oqsildir. Turli hayvonlarning me’da osti bezidan olingan insulin o’z molekulasidagi aminokislotalarning joylashuviga qarab bir-biridan farq qiladi. Insulinning molekulasida ruh (Zn) yo’q, lekin u ruhni biriktira oladi, ayni vaqtda uning ta’siri uzayadi va kuchayadi. Organizmga olloksan yuborilganda, beta hujayralarning faoliyati buzilib, insulin sintezlanmay qoladi, bu esa diabet kasalligiga, ya’ni qandning organizmda o’zlashtirmay, siydik bilan chiqib ketishiga sabab bo’ladi.
Insulin jigarda glyukozadan glikogen sintezlanishini tezlashtiradi va uning parchalanishiga to’sqinlik qiladi. Demak, periferik qonda qandning bir muncha kamayishiga sabab bo’ladi. Organizmda uglevodlar almashinuvining oraliq mahsulotlaridan yog’ va oqsillarning hosil bo’lishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Qondagi qand miqdori bilan me’da osti bezidan insulinni ajralishi o’rtasida bog’lanish bor, boshqacha aytganda, qonda qand ko’paysa, insulin ham ko’proq ishlanib chiqadi va aksincha. Beta hujayarlar faoliyati kuchayganda yoki organizmga anchagina miqdorda insulin yuborilganda qondagi glyukozaning aksariyat qismi glikogenga aylanadi. Oqibatda unda qand odatdagidan ancha kamayib ketadi, gipoglikemiya deb shunga aytiladi. Rosmana gipoglikemiya nerv faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi va hatto gipoglikemik shok paydo bo’lishi ham mumkin, bunda markaziy nerv tizimining qisqa muddatli qo’zg’alishidan keyin hayvon darmoni qurib, juda bo’shashib qoladi, og’ir hollarda esa, talvasaga ham tushadi va hokazo. Hayvon ancha och qolgan bo’lsa, oz miqdordagi insulin ham gipoglikemik shok paydo qilishi mumkin. Venaga tegishli miqdorda glyukoza yuborish yo’li bilan birga gipoglikemik shokka barham beriladi. Insulin etishmaganda esa qandli deabet kasalligi kelib chiqadi. Bu kasallik giperglikemiya (qonda qand ko’payib ketishi), glyukozuriya (siydik bilan qand chiqarilishi) va qonga keton tangachalarining chiqarilishi bilan xarakterlanadi. Diabet og’ir hollarda koma (komofoz holat) paydo bo’ladi. Komofoz holatining og’ir xili hayotga xavf soladigan bo’ladi va organizmning faoliyatini anchagina izdan chiqishi bilan tavsiflanadi, hayvon juda bo’shashib, reflekslari susayadi yoki yo’qolib ketadi, nafasi siyrak va yuzaki bo’lib qoladi, yurak qisqarishlari tezlashadi, yoki sekinlashadi, tomirlar tovusi o’zgaradi va h.k. Hayvon organizmiga vaqtida insulin yuborib, komofoz holat bartaraf etilmasa, hayvon o’lib qolishi ham mumkin. Glyukogon me’da osti bezining alfa hujayralaridan sintezlanadigan gormondir. Bu gormon ta’siridan jigarda glikogenining parchalanishi tezlashib, qondagi qand miqdori ko’payadi. Shuning uchun ham bu gormon toza holda ajratib olinmasidan ilgari giperglikemik faktor deb yuritilardi. Qondagi qand miqdorini idora etishda insulin bilan glyukogenning o’zaro ta’siri alohida o’rin egallaydi. Alfa hujayralarining faoliyati kuchayishi natijasida qonda qand miqdori oshadi - giperglikemiya kelib chiqadi. Shuning uchun bu hujayralar faoliyatining kuchayishi ham qandli diabetga sababchi bo’lishi mumkin. Bu hujayralarning faolligi sulfanilamid preparatlar va kobalt to’rlari ta’sirida kuchayadi.
Glyukogon sun’iy yo’l bilan sintezlangan. U kristall holdagi modda bo’lib, kimyoviy tuzilishi jihatidan ancha farq qiladi.
Sipokain - polipeptid bo’lib, me’da osti bezining chiqaruv yo’lining epiteliysida ishlanib chiqadi. U hazm shirasi fermentlar ta’sirida parchalanmaydi. Sipokain fostafidlar (lesitin) hosil bo’lishini, ya’ni yog’larning sarflanishiga yordam beradi. Jigarni yog’ bosib ketishidan saqlaydi. Bu gormon etishmasa, jigarni yog’ bosadi va siydik bilan birgalikda ko’p miqdorda keton tanachalari chiqarila boshlaydi (diabetning bir ko’rinishi).
Me’da osti bezi olib tashlangan itga muntazam insulin yuborib turilsa ham u ikki - uch oy o’tgach, jigarini yog’ bo’sishi natijasida halok bo’ladi. Ammo uning organizmiga insulin yuborish bilan birga ovqatiga me’da osti bezi qo’shib beriladigan bo’lsa, hayotini saqlab qolish mumkin. Bu tajribalar me’da osti bezidan insulin va lipokain gormonlari haqiqatan ham alohida-alohida ishlanib chiqishidan dalolat beradi. Lipokain gormoni o’z ta’sirini ko’rsatish uchun boshqa lipotrop (yog’ to’planishiga to’sqinlik qiluvchi) moddalar ham bo’lishi kerak. Vagotonin - oqsil modda bo’lib, kimyoviy tuzilishi haligacha aniqlanmagan. Bu gormon organizmga yuborilganda adashgan nerv yadrolarining tonusi kuchayib, parasimpatik nervning faolligi oshadi. Bundan tashqari, vagotonin qon hosil bo’lish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Sentropenin bu ham tarkibi aniqlanmagan oqsil moddadir. U nafas markazini qo’zg’atib, bronxlarni kengaytiradi, gemoglobinga kislorod birikishini kuchaytiradi. Me’da osti bezining ichki sekretor faoliyatini nerv tizimi boshqarib boradi. Jumladan, o’ng tomondagi adashgan nervning bu bez uchun sekretor nerv ekanligi isbotlangan. Simpatik nerv tizimi qo’zg’alganda insulin sekresiyasi tormozlanadi. Ko’p miqdorda glyukoza iste’mol qilishi va natijada qonda qand ko’payishi, jismoniy ish, hayajonlanish (emosiya) natijasida ro’y beradigan giperglikimiya insulin sekresiyasini kuchaytiradi. Me’da osti beziga bevosita ta’sir etmaydigan gormonlar (buyrak osti bezining mag’iz va po’stloq qavati, qalqonsimon bez gormonlari) uglevodlar almashinuvini o’zgartirib, insulin sekresiyasini kuchaytiradi.
Gipofiz yoki pastki miya ortig’i kalla suyagining turk egari sohasida, miyaning asosida joylashgan va oyoqcha (voronka) yordamida miya bilan tutashgan toq ichki sekresiya bezidir. Bu bez ustki tomondan biriktiruvchi to’qimadan iborat kapsula bilan o’ralgan. Turli hayvonlarda gipofizning shakli va kattaligi turlichadir. Jumladan, sigirlarda 3.8, itlarda 2.1, qo’ylarda 0.4, cho’chqalarda 0.3 grammni, tulkilarda 50 mgni tashkil qiladi va h.k. gipofiz uch qismdan: oldingi (adenogipofiz), oraliq va orqa qism (neyrogipofiz)dan tashkil topgan.
Gipofiz hujayralarining xili organizmning holati va boshqa ko’pgina omillar ta’sirida o’zgarib turadi. Adenogipofiz ichki uyqu arteriyasidagi nerv tuguni va gipotalamusdan nerv tolalarini oladi (innervasiyalanadi). Ko’pgina fizologik tekshirishlar adenogipofizga parasimpatik nerv tizimi ham ta’sir qilib turishini ko’rsatadi. Neyrogipofiz gipotalamusdan suprooptik - gipofizar, paraventrikulyar - gipofizar, tubero - gipofizar yo’llar orqali nerv tolalari o’tadi.
Gipofiz organizmning turli funksiyalarini boshqarishda ishtirok etadi. Shu bilan birga boshqa ichki sekresiya bezlarining faoliyatiga ham o’zining tegishli gormonlari bilan faol ta’sir ko’rsatadi.
Gipofiz gipotalamus bilan chambarchas bog’langan bo’lib, gipotalamo-gipofizar tizimni tashkil qiladi. Gipofizning oldingi qismi - adenogipofiz uch xil: asidofil, bazofil va xromotob bez hujayralari borligi gistolik tekshirishlarda topilgan. Asidofil va bazofil hujayrlar xromotob hujayralardan hosil bo’ladi. Bazofil hujayralar adrenokortikotrop, tireotrop, pankreotrop, paratireotrop va gonadotrop (tuxumdon follikulasini stimullovchi va lyuteinlashtiruvchi) gormonlarni ishlab chiqaradi.
Asidofil hujayralardan somatrop yoki o’sish gormoni va prolaktin ishlab chiqadi. Oldingi bo’lakning hamma gormonlari oqsil moddalar bo’lib, organizmning o’sib rivojlanishini, bir qator ichki sekresiya bezlarining faoliyatini, moddalar almashinuvi va ko’payish jarayonlarini, boshqarishda ishtirok etadi. Gipofizning oldingi qismi olinib tashlanganida, kasallik tufayli faoliyati susayganida, organizmda turli xil o’zgarishlar kuzatiladi. Jumladan, yosh hayvonlar o’smay qoladi, jinsiy bezlarining rivojlanishi susayadi, organizmning umumiy quvvati pasayib, moddalar almashinuvi buziladi, junlarning o’sishi susayadi.
Gipofizning oldingi qismi gipotalamus bilan chambarchas bog’liqdir. Gipotalamusni elektr toki bilan ta’sirlanishi gipofiz oldingi qismidan ko’proq gormonlar qonga chiqishiga sabab bo’ladi. Tiroksin gormonining ko’proq ishlanib, qonga chiqarilishi esa gipofiz oldingi qismi gormonlarining ajralishiga to’sqinlik qiladi. Bu gormonlarning ajralishiga yorug’lik ijobiy ta’sir ko’rsatadi, degan ma’lumotlar bor. Masalan, parandalarni kechasi yaxshi yoritilgan xonaga kiritish gipofizdan gonadotrop gormonlar ko’proq ajralib qoniga o’tishiga sabab bo’ladi. Hayvonlarni oziqlantirish, parvarish qilsih sharoiti ham gipofizning faoliyatiga faol ta’sir ko’rsatadi. Gipofiz oldingi qismidan ajralib chiqadigan gormonlardan somatotrop gormon yoki somatotropin (STg) o’sish va rivojlansih jarayonlarining boshqarilishida ishtirok etadi. Bu gormon sut emuzuvchi hayvonlarning gipofizidan toza holatda ajratib olingan. Turli hayvonlarning somatotrop gormoni tarkibidagi aminokislotalar soni, molekulalari og’irligi va boshqa bir qator fizik-kimyoviy xususiyatlari jihatidan bir-biridan farq qiladi. Somatotrop gormon hujayralar bo’linishi, oqsillarning sintezlanishini tezlashtiradi va organizm to’qimasining miqdor jihatdan ko’payishiga sabab bo’ladi. Uning ta’sirida azot muvozanati musbat bo’lib qoladi. Energetik ehtiyoj o’sishi tufayli yog’ kamayadi. Bu gormon tog’ay to’qimasiga, ayniqsa, kuchli ta’sir ko’rsatadi, naysimon suyaklarning uzunasiga o’sishi va suyaklashishini tezlashtiradi. Somatotrop gormon uglevod almashinuviga, ichki organlarning o’sib rivojlanishiga faol ta’sir ko’rsatadi. Bu gormon yosh hayvonlarda (41-rasm) zo’r berib ishlanib chiqadigan bo’lsa, gigantizm avj oladi, ya’ni hayvon juda o’sib, odatdagisidan katta bo’lib ketadi. Katta yoshdagi hayvonlarda esa somatotropinning ortiqcha ishlanishi akromegliya kasalligiga sabab bo’ladi.
Adrenokortikotrop gormon (AKTG).Bu gormon buyrak usti bezi po’stloq qavati funksiyasining boshqarilishida ishtirok etadi va tuzilishiga ta’sir ko’rsatadi. Gipofiz olib tashlansa, buyrak usti bezining po’stloq qavati, ayniqsa, to’rli va tutamli zonalari atrofiyaga uchraydi. Biroq shunda ham buyrak usti bezining po’stloq qavati organizm uchun etarli miqdorda gormon ishlab chiqarishi mumkin. Organizmga kortikosteroidlar yuborilganda qanday o’zgarishlar kuzatilsa, AKTG yuborilganda ham xuddi shunga o’xshash o’zgarishlar kuzatiladi. AKTG yuborilganida periferik qonda eozinofil va limfositlar sonining kamayib ketishi bu gormon ta’sirining xaraterli tomonidir. Bundan tashqari, AKTG buyrak kanalchalaridan natriy xlor ionlari va suvning reabsorbsiyasiga, shuningdek, yog’ va aminokislotalardan qandning hosil bo’lishiga, organizmdan azotning chiqarilishiga ta’sir ko’rsatadi.
Tireotrop gormon (TTG).
Bu gormon qalqonsimon bezning faoliyatini kuchaytiradi. Shuning uchun ham gipofizi olib tashlangan hayvonlarning qalqonsimon bezi atrofiyalanib, yodni almashtirishi va tiroksinni sintezlashi susayadi. Organizmga tireotrop gormon yuborilganda xuddi tiroksin yuborilganidek o’zgarishlar kuzatiladi. Gipofiz bilan qalqonsimon bez funksional jihatdan bir-biriga mahkam bog’liq, shu hol organizmda yaxlit gipofiztireod kopmleks mavjud deb aytishga asos bo’ladi.
Ko’pchilik endokrinologlar gipofizda tireotrop gormonning ta’siri jihatdan bir-biridan farq qiladigan bir necha fraksiyasi hosil bo’ladi, deb hisoblaydilar.
Ganadotrop gormonlar.
Bu gormonlar ham gipofizning oldingi qismida hosil bo’lib, jinsiy bezlarning funksiyalariga ta’sir qiladi, gonadotrop gormonlarning uch xili bor: A) follikulalarning etilishini tezlashtiruvchi; B) interstisial hujayralarning etilishini tezlashtiruvchi gormon; V) lyuteinotrop gormon.
Follikulalarning etilishini tezlashtiruvchi gormon erkaklik va urg’ochilik jinsiy bezlarining epiteliylarini rivojlantiradi. Erkak hayvonlarda spermatogenez jarayonlariga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Interstisial hujayralarning etilishini tezlashtiruvchi gormon esa follikulalarning etilishini isterogen gormonlarining ajralishini, sariq tana hosil bo’lishini, progesteron, testosteron gormonlarining ishlanib chiqishini kuchaytiradi. Lyuteintrop gormon (prolan B) - sariq tanadan progesteron gormoni ishlanib chiqishini tezlashtiradi. Bu gormon sut bezining rivojlanib etilishiga laktasiyaga ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun ham ayrim mualliflar bu gormonni prolaktin gormoni bilan bir deb qaraydilar. Gipofizning oraliq qismi donali va donasiz bazofil hujayralardan tashkil topgan bo’lib faqat bitta gormon - melanofor (intermedin) ishlab chiqaradi. Bu gormon ham asosan baliqlarda, suvda va quruqlikda yashovchilarda, sudralib yuruvchilarda, pigment almashinuvini boshqaradi. Bu gormon terida tashqi muhitning ba’zi noqulay sharoitlaridan, xususan, quyosh nurlaridan himoya qiladigan rang paydo bo’lishini ta’minlaydi. Organizmga intermedin yuborilishi - terining qorayishiga sabab bo’ladi. Kuchli yorug’likning ta’siridan intermedinning hosil bo’lishi tormozlanadi. Natijada - bir oz oqaradi kechalari bu gormonning hosil bo’lishi tezlashadi. Shu bilan birgalikda bo’g’ozlik davrida ham intermedin ko’proq hosil bo’lib turadi. Gipofizning keyingi qismida ko’pgina neyrogliol hujayralar ham bor. Bezning bu qismi o’zidan uch xil gormon vazopressin, oksitosin va oktididenrevin ishlab chiqaradi. Teozir gipofiz keyingi qismining gormonlari bevosita gipofizning o’zida hosil bo’lmasdan gipotalamusning superooptik va paraventikulyar yadrolarida hosil bo’lib suprooptik gipofizar yo’l orqali gipofizga chiqariladi deb xisoblanadi.

Yüklə 0,63 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   71




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin