3.Buyraklarda siydik hosil bo’lishi jarayoni. Buyraklarda siydikning hosil bo’lishi ikki fazada kechadi. Birinchi faza -filtrlanish davridir. Bu bosqichda buyrak tanachasining kapillyarlar koptokchasidagi bosim bilan buyrak tanachalari kapsulasi orasidagi bosimlarning farqi hisobiga buyrak tanachalari kapsulasi yuzasiga qondagi moddalarning filtrlanishi yuz beradi. Kapsula yuzasiga qon plazmasidan suv, anorganik tuzlar, mochevina, siydik kislotasi, glyukoza, aminokislotalar filtrlanadi. Oqsillar yirik molekulali bo’lganligi sababli kapsula yuzasiga o’tmaydi va qonda qoladi. Kapsula yuzasiga tushgan filtrlangan suyuqliklar –birlamchi siydik deb ataladi. Siydik hosil bo’lishining ikkinchi fazasida birlamchi siydikning tarkibidagi bir qator moddalar qonga qayta so’riladi. Mochevina, siydik kislotasi, azot qoldig’i kabilar qonga qayta so’rilmaydi va ular buyraklar orqali organizmdan chiqarib yuboriladi. Bu siydik ikkilamchi siydik bo’lib, katta odamlarda bir kecha kunduzda miqdori 1 yoki 1,5 litrni tashkil etadi. Bir oylik bolada bir kecha kunduzda 350-400 ml, bir yoshda 700-800ml, 4-5 yoshda –bir litr,10 yoshdan boshlab 1,5 litrgacha siydik ajraladi.
4. Siydik ayirish organlari gigienasi. Siydik ayirish a’zolarining ko’p uchraydigan kasalliklariga buyrak va siydik yo’llarining yallig’lanish hamda tosh kasalliklari kiradi. Yallig’lanish kasalliklari shamollash va qon orqali buyrak hamda siydik yo’llariga mikroblar tushishi natijasida kelib chiqadi. Ayniqsa, tomoq og’riganda (angina), tish kasalliklarida, o’pkaning yallig’lanish kasalliklarida mikroblar qonga o’tib siydik ayirish organlarini yallig’lantiradi. Buyrak tosh kasalliklarini oldini olish uchun tuz iste’mol qilishni normada bo’lishini ta’minlash kerak. Katta odamlar bir kunda bor yo’g’i 5-6 gramgina tuz iste’mol qilishlari kerak. Sho’r,achchiq ovqatlarni iste’mol qilish buyraklarda tuz erimasdan tosh hosil bo’lishiga olib keladi. Buyrakning shamollash va tosh kasalliklarida albatta, parxez taomlarni iste’mol qilish va to’g’ri ovqatlanish qoidalariga amal qilish muhim ahamiyatga egadir.
Odamning terisi ham ayirish organlariga kiradi. Teri uch qavatdan iborat: 1) epidermis qavati; 2) derma, yoki chin teri qavati; 3) Gipoderma ya’ni teri osti yog’ qavati. Teri himoya,sezish, nafas olish va ayirish vazifalarini bajaradi. Terida 2millionga yaqin ter bezlari bo’lib, bular orqali bir kecha-kunduzda katta odamlarda yarim (0,5) litrdan-3 litrgacha ter ajraladi. Yozning issiq kunlarida bo’ ko’rsatkich bir necha marta ortadi. Teri zaharli moddalarni ajratib chiqarib, buyraklarga bevosita yordam beradi va organizmni tozalashda ishtirok etadi.